“Vaksina” soʻzining oʻzbekchasi nima?

0
134
marta koʻrilgan.

Hozir vaksinatsiyalash (ol-a, emlash desang tiling uzilib tushadi-da, a? 🙃) jarayoni butun dunyoda jadallashyapti. Vaksina, vaksinatsiyalash, vaksina olish, vaksina qabul qilish kabi soʻzlar urfda. Ularning oʻzbekchasi bormi?

Bor. Faqat ishlatmaymiz, xolos.

 

👉 Vaksina – em, emdori, emlama, emlik.

👉 Vaksinatsiyalash – emlash, emlama qilish.

👉 Vaksina olish, vaksina qabul qilish – emlanish.

 

Em soʻzini izohli lugʻat bunday sharhlaydi:

 

1️⃣ Chechak va baʼzi boshqa kasalliklarning oldini olish uchun teri orqali yuboriladigan zardob va uni teri orqali yuborish.

 

Tirsagidan yuqorida oltinga bosilgan muhrdek em izi koʻrinib turardi.

Mirmuhsin, Yashiringan kuch.

 

2️⃣ Dori, dori-darmon; umuman, shifobaxsh narsa.

 

Doktor saqlab qoldi oʻlimdan,

Emi bilan sogʻaydim otday.

O. Yunus.

 

Bu soʻzni teri yoki qontomirlar orqali yuborilmaydigan, masalan, tomizgʻi shaklidagi vaksinalarga ham ishlatish mumkin.

Vaksina soʻziga izohli lugʻatda “yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash uchun ishlatiladigan emdori, emlashda ishlatiladigan dori” deb izoh berilgan.

Emlamoq soʻzi yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun odam yoki hayvon organizmiga teri orqali zardob yuborishni anglatadi. Yuqorida va bu yerdagi izohda zardob soʻzi suyuq dori, suyuqlik shaklidagi dori maʼnosida:

 

Chechakka qarshi emlamoq. Tifga qarshi emlamoq.

 

Kuni bilan uyma-uy yugurib kasal boqar, maktab bolalarini emlar, uzoq togʻ qishloqlariga otda borib, kasallarga yordam koʻrsatar edi.

A. Muxtor, Chinor.

 

Vaksina soʻzi oʻrnida em soʻzini qoʻllash hozir deyarli isteʼmoldan chiqdi. Hech boʻlmasa, emlash, emlamoq, emlama soʻzlaridan foydalanish kerak. Hatto vaksina soʻziga sinonim sifatida emdorini ham bemalol ishlatsa boʻladi. Lekin bu kimlargadir gʻaliz tuyulishi mumkin. Oʻzi til zaiflashgani sari hatto oʻz egalariga ham tobora erish tuyuladi.

Vaksina soʻzi alohida tibbiy maʼnoga ega, degan sabab ham aytilishi mumkin. Oʻsha maʼnoni emlama, emdori yoki em soʻziga ham bemalol yuklasa boʻladi.

 

Misollar:

Kecha poliklinikada vaksina oldim. ➡️ Kecha poliklinikada emlandim.

Bir millionga yaqin kishi vaksina qabul qildi. ➡️ Bir millionga yaqin kishi emlandi.

Koronavirusga qarshi vaksina ➡️ Koronavirusga qarshi emdori.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.