Zarbof toʻn va koʻylakbop mato

0
82
marta koʻrilgan.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, zarbof va koʻylakbop soʻzlari tarkibida ikki xil soʻz ishlatilyapti: bof va bop. Ular bir soʻzning talaffuz koʻrinishi emas, maʼnolari ham farqlanadi. Ikki soʻzni bir-birining oʻrnida almashtirib qoʻllash xato.

Bof forscha boftan feʼlidan, toʻqimoq maʼnosida. Zarbof zar qoʻshib yoki faqat zardan toʻqilgan mato; kimxob; shunday matodan tayyorlangan kiyim degani: bir kiyimlik zarbof, zarbof toʻn. Bu soʻz oʻzbek tilida mustaqil shaklda ishlatilmaydi.

Bof tarkibli har qanday soʻz oʻzbekchada toʻqilgan maʼnosini beravermaydi. Masalan, adrasbof – adras toʻquvchi, shoyibof – shoyi toʻquvchi kosib maʼnosini anglatadi.

 

Bop ham forschadan kirgan soʻz. Oʻzbekchada alohida soʻz sifatida ham, qoʻshma soʻzlar tarkibida ham ishlatiladi. U quyidagi maʼnolarda ishlatiladi:

 

1️⃣ Toʻgʻri keladigan, talab qilingandek; juda mos keladigan, munosib.

 

Oʻylab koʻrsam, sarkotib odamga shundan bop sovgʻa yoʻq ekan.

N. Safarov, Hayot maktabi.

 

2️⃣ Belgi-xususiyati ijobiy, talab darajasida, yaxshi.

 

Kim minsa, shu bilar otning bopini,

Sayis olar ildam otning tobini.

“Hasanxon”.

 

3️⃣ Qoʻshma soʻzlarning ikkinchi qismida “mos”, “munosib”, “toʻgʻri keladigan” maʼnolarini ifodalaydi: ommabop, dehqonbop, urugʻbop, etikbop kabi.

 

Biz oʻrganayotgan holat soʻzning uchinchi maʼnosiga oid. Bozorbop, bolalarbop, hammabop, ommabop, kiyimbop kabi soʻzlarda moslik, munosiblik mazmuni bor. Koʻylakbop mato – koʻylak qilishga mos, koʻylak tiksa boʻladigan, shunga ayni munosib mato.

 

📌 Demak:

Zarbof toʻn, koʻylakbop mato ✅

Zarbop toʻn, koʻylakbof mato ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.