-lar qoʻshimchasini qoʻllashdagi xatolar

0
1068
marta koʻrilgan.

Eng koʻp uchraydigan xatolardan biri miqdor sondan keyingi otga koʻplik qoʻshimchasini qoʻshishdir:

10 ta kitoblar, 4 ta uylar, 15 nafar oʻquvchilar, 30 dona lugʻatlar va hokazo. Bu misollarning barchasida -lar qoʻshimchasi ortiqcha. Chunki sonning oʻzida koʻplik maʼnosi borligi sababli otga koʻplik maʼnosi qoʻshilmaydi.

Bunday xatolar tarjima matnlarda tez-tez koʻzga tashlanadi. Chunki koʻp tillarda, jumladan, rus va ingliz tillarida miqdor sondan keyingi soʻz ham koʻplikda boʻladi. Masalan, 10 knigi – 10 books. Lekin oʻzbek tilida unday emas.

Demak,

 

5 nafar bolalar ❌

5 nafar bola ✅

 

Qorda qolgan 20 nafardan ortiq fuqarolarga yordam koʻrsatildi. ❌

Qorda qolgan 20 nafardan ortiq fuqaroga yordam koʻrsatildi. ✅

 

Keyingi xato kam boʻlsa-da, uchrab turadi. Oʻzi birlikda ishlatiladigan, lekin koʻplikni bildiradigan soʻzlardan keyin koʻplikdagi feʼlni qoʻllash. Masalan:

 

Aholi kerakli axborotga ega boʻldilar. ❌

Aholi kerakli axborotga ega boʻldi. ✅

 

Koʻpchilik bu soʻzning maʼnosini yaxshi biladilar. ❌

Koʻpchilik bu soʻzning maʼnosini yaxshi biladi. ✅

 

Bu kabi holatlarda feʼlni birgalik nisbatda (ega boʻlishdi, yaxshi bilishadi) qoʻllash ham xato. Feʼl faqat birlikda boʻlishi kerak.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.