Ogʻa bilan oʻksiz

0
574
marta koʻrilgan.

“Oʻg” soʻzi bilim, aql maʼnosini beradi. Qadimda aql va ziyraklik maʼnosida ishlatilgan. Bugungi tilimizdagi oʻqimoq, oʻrganmoq soʻzlarining oʻzagi ana shu oʻg.

Mahmud Koshgʻariy zamonida yoshi ulugʻ va aqllilarga oʻga laqabi berilgan ekan. “Oʻga” soʻzi tajribali, aqlli, koʻp yashagan odam maʼnosini anglatgan. Shunday mansab ham boʻlgan. Suqa (oddiy xalq)lardan boʻlib, tegin mansabidan bir daraja quyi mansab, deb izohlangan. Hozir tilimizda kattalarga nisbatan hurmat maʼnosida ishlatiladigan “ogʻa” soʻzi ayni ana shu soʻzligi, fonetik oʻzgarishlarga uchragani ehtimolga juda yaqin.

Ogʻa hozir “aka” maʼnosida ham qoʻllanadi, lekin jonli tilda kamroq ishlatiladi. Ogʻa-ini soʻzi aka-ukani anglatadi. Bu soʻzda faqat aka maʼnosi bor. Ogʻa va ini birikib, bir soʻzga – ogʻayniga aylangach, “ogʻa”dagi ulugʻlik yoʻqoladi, oshna, oʻrtoq, ulfatga aylanadi.

Izohli lugʻatda ogʻa soʻzi aka, yaqin kishi, yurtning kattasi, turli lavozim va unvon nomlari (haram ogʻasi, eshik ogʻasi) tarkibidagi soʻz deya sharhlangan.

“Oʻksiz” soʻzi esa yetim, himoyasiz, baxtsiz, gʻamgin maʼnolarida qoʻllanadi. Bu soʻzning oʻzagi ham bilim maʼnosidagi “oʻg”ga borib taqaladi. Koshgʻariy oʻgsuzni “etim; nima qilarini bilmovchi” deb izohlaydi va aql, idrok maʼnosidagi oʻg soʻzidan yasalganini eslatib oʻtadi. Demak, oʻksizning lugʻaviy maʼnosi bilmovchi, nima qilarini bilmaydigan. Yetimlik boshiga tushgan bola baʼzan himoyasiz, qarovsiz qoladi, koʻngli oʻksik va gʻamgin boʻladi. Boshini silaydigan yaqinlari, qavm-qarindoshi boʻlsa ham, mehribon ota-onasining oʻrnini baribir hech kim bosolmaydi. Shu maʼnoda, bu soʻz oʻziga yuklatilgan mazmunni toʻla-toʻkis ifodalaydi.

Ammo oʻksiz oʻzi koʻproq adabiy asarlarda uchraydi, ogʻzaki tilda esa uning ozgina oʻzgargan shakli – oʻksik qoʻllanadi. U ham juda faol ishlatilmaydi.

Demak, bugungi kichik izlanishimiz ogʻa, oʻksiz, oʻqish, oʻrganish soʻzlarining ildizi bitta ekanini koʻrsatdi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.