“Tashrif buyurmadim”, shunchaki “keldim”

0
595
marta koʻrilgan.

Xabar va yangiliklarni oʻqiganda, telekoʻrsatuvlarni koʻrganda eng tishga tegadigan iboralardan biri – “tashrif buyurish”. Duch kelgan odamga nisbatan oʻrni boʻlsa-boʻlmasa tashrif buyurdi, deb ishlatib ketilaveradi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” yozilishicha, tashrif arabcha soʻz boʻlib, asliyatda hurmat, ehtirom; ulugʻlash, sharaflash; marosim; marhamat qilib kelish maʼnolariga ega.

Tashrif va sharafning oʻzagi bir, tashrif buyurish sharaflantirish deganidir. Bu soʻz oʻzbek tilida yuksak martabali mehmonlar, ulugʻ kishilarga nisbatan ishlatiladi. Chunki ularning qadami biz uchun sharafdir.

Masalan:

  1. Yurtimizga Malayziya Bosh vaziri tashrif buyurdi.
  2. Maktabimizga atoqli olim, akademik Naim Karimov tashrif buyurdi.

Oʻzi haqida gapirayotgan kishi tashrif buyurdim, deyishi esa mutlaqo xato. Hatto u Bosh vazir yoki akademik boʻlsa ham. Bu qoida birinchi shaxs koʻplikka (tashrif buyurdik) ham tegishli. Chunki bunday ifoda nokamtarlik, manmanlik belgisi. “Men borgan edim, qadamim yetib, oʻsha joy sharaflandi”, deganday gap. Masalan:

  1. “Men oʻtgan yili sanatoriyga tashrif buyurdim”, deyish oʻrniga: “Men oʻtgan yili sanatoriyga bordim

yoki

  1. “Mana, hozir koʻrsatuvimiz qahramonining xonadoniga tashrif buyurdik”, deyish oʻrniga: “Mana, hozir koʻrsatuvimiz qahramonining xonadoniga kirib keldik”,

deb gapirish toʻgʻri, oʻrinli va farosatli kishiga xos boʻladi.

Endi boshqa bir holatga eʼtibor qaratamiz. “Tashrif” soʻzi feʼlsiz, yakka oʻzi qoʻllanadigan oʻrinlar bor. Masalan:

  1. Oʻtgan yili sayt tashrifchilari soni sezilarli oshdi.
  2. Muzeyimizga umumiy tashriflar ikki milliontani tashkil etdi.

Bu oʻrinda soʻzning sharaflantirish maʼnosi yoʻq. Oʻzagida bor boʻlsa-da, jonli tilda oʻsha maʼno yoʻqola borgan (tashrif buyurishda ulugʻvorlik, yuksaklik maʼno qirrasi bor). Shu sababli soʻzni bu holatda ishlatishni xato emas, deyish mumkin. Agar kimdir shu soʻzni qoʻllashni juda istamasa, gapni tahrir qiladi:

  1. Oʻtgan yili saytga kiruvchilar soni sezilarli oshdi. (Masalan, menga mana shu variant maʼqul. Ifodasi oʻzbekcharoq.)
  2. Muzeyimizga keluvchilar ikki million kishiga yetdi.

 

Orif Tolib

 

2019 yil 20 yanvar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.