Yoqilgʻi va yonilgʻi

0
1686
marta koʻrilgan.

Bu ikki soʻz mazmun jihatidan bir-biriga yaqin. Lekin maʼno qirralari farqlanadi.

Yonilgʻi yonadigan suyuq modda, suyuq yoqilgʻini bildiradi. Benzin, kerosin, solyarka va shu kabi mahsulotlar yonilgʻi sanaladi:

 

Yonilgʻi toʻla bochkalar, traktorlarning ehtiyot qismlari koʻchma qum tagidan chiqariladi.

Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli.

 

Gazniqob oldida bir shisha yonilgʻi ham turibdi.

Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi.

 

Yoqilgʻi esa issiqlik energiyasi olish uchun yoqiladigan ashyoni anglatadi.

 

Shu suvning quvvatidan

Uyimiz yorugʻligi.

Suv, koʻmir, oʻtin – asl,

Mamlakatga yoqilgʻi.

Q. Muhammadiy.

 

Biz materiallarni, yoqilgʻini, vaqtni tejash bilan juda koʻp mablagʻ toʻplashimiz mumkin… – dedi Yefim Danilovich.

A. Muxtor, Opa-singillar.

 

Yonilgʻi oʻrnida yoqilgʻi soʻzini ishlatish tahrir nuqtai nazaridan xato. Deylik, non ham, shoʻrva ham mohiyatiga koʻra bir ishni bajaradi – qorin toʻygʻazadi. Lekin nonni ichib boʻlmaydi, shoʻrvani esa ichish mumkin. Shu singari yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi, jamoat transporti yoqilgʻisini tejash kabi iboralarda yoqilgʻi oʻrnida yonilgʻi soʻzini ishlatish yaxshiroq va toʻgʻriroqdir.

Milliy ensiklopediya ikki tushuncha farqini bunday tushuntirgan:

“Yoqilgʻi – yonganda muayyan mikdorda issiqlik ajratadigan uglerod va uglevodorodli moddalar, energiya manbai. Qattiq, suyuq va gaz holatida boʻladi, tabiiy hamda sunʼiy xillarga boʻlinadi. Tabiiy qattiq yoqilgʻi – yogʻoch, torf, slanets, toshkoʻmir, antratsit va boshqalar, sunʼiy yoqilgʻi – pista koʻmir, koks, aglomerat va boshqalar. Tabiiy suyuq yoqilgʻi – neft, sunʼiysi – benzin, kerosin, mazut va boshqalar, tabiiy gazsimon yoqilgʻi – tabiiy gaz, sunʼiysi – domna gazi, generator gazi va boshqalar.

Atom energiyasi va yarimoʻtkazgichlardan foydalanish texnikasi hamda nazariyasining rivojlanishi bilan yangi xil yoqilgʻi – yadro yoqilgʻisi paydo boʻldi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan eng arzon yoqilgʻi – neft va tabiiy gaz.

Dvigatellarda ishlatiladigan yoqilgʻi, masalan, benzin, kerosin, yadro yoqilgʻisi, reaktiv yoqilgʻi va boshqalar yonilgʻi deb ataladi”.

Milliy ensiklopediya ham suyuq yoqilgʻilarga nisbatan yonilgʻi atamasini qoʻllash toʻgʻri ekanini tasdiqladi.

 

📌 Demak,

Yonilgʻi-moylash mahsulotlari, avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasi, benzin yonilgʻisi ✅

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.