Muammo

0
979
marta koʻrilgan.

Yolgʻiz oʻgʻilga maza-da!

Uchinchi kursni bitirishimni bilaman, uydagilar: “Koʻnsang ham uylanasan, koʻnmasang ham!” deb turib olishdi. Albatta, boshida “odob yuzasidan” sal-pal tutun qaytardim, keyin rozi-rizochilik.

Noshukrchilik yomon narsa. Nolimayman, xotinsiz ham tirikchiligim yaxshi edi. Universitet yotoqxonasida turaman – oʻgʻil bolalar faqat birinchi qavatda, urugʻlikka-da. Qolgan uch qavat – qizlar. Tushdan keyin oʻqishdan zerikib qaytgan qizlar olifta sumkachalarini xonaga uloqtiradilaru oʻzlarini tashqariga otadilar. To tungi 9-10 da komendant begonalarni haydab chiqarib yubormaguncha yotoqxona hovlisi – qizbozor. Yetti iqlimdan kelgan xushtorlar oʻz maʼshuqlariga yangi toʻqigan yolgʻonlarini izhor qilishadi. Shom qorongʻusi tushgandan keyin pana-pastqamga oʻtib boʻlmaydi. Oshiq-maʼshuqlarning tinchini buzasan, oʻzingning ham tinching buziladi…

Lekin yotoqxonadagi bolalar bilan yuradigan “vafodor” qizlar ham bor. Ikki-uch hafta, nari borsa bir oy yalashib-yulqashasan – keyin tanimaganday ketaverasan. Yo sen, yo qiz zerikadi. Ota-onalari bilmaydimi, deysizmi? Albatta bilmaydi-da! Qishloqda ochiq-sochiq kiyinishni, yigitlar bilan qoʻltiqlashib-hiringlashib koʻcha kezishni faqat xayol qilishi mumkin boʻlgan qizlar ozodlikka chiqqach oʻzini tutolmay qoladi. Shunchalik tor shim kiyadiki, yonida turgani hijolat boʻlasan odam… Qishloqqa qaytishda bir dumalaydiyu iboli qizga aylanadi-qoladi.

Gap kelganda aytib qoʻyay, ikki qoʻldan qars chiqishi uchun oʻgʻil bolalar ham yordam beradi. Oʻzim ham shu paytgacha qanchasi bilan “sevishganim”ni aniq ayta olmayman. Birinchi kursda fransuz filologiyasida oʻqiydigan sariq sochli qiz bilan, oti ham esimda yoʻq, keyin qorachadan kelgan Xurshida bilan yurganman. Undan soʻng yana qancha-qanchasi kelib-ketdiyu… Kursdan kursga oʻtgan sari tajribang oshadi. Qizlarni ilintirish “ilmi”ni egallaysan. Bu qiyin emas. Ilinmoqchi boʻlgan qiz shunday sezilib turadi – nomigagina qarmoq tashlasang bas, ish bitdi. Faqat bular ogʻizdan emas, quloqdan ilinadi. Bu ovning farqli tomonlaridan yana biri: tutqunlarni yeb boʻlmaydi – tomoqqa tiqiladi. Maʼlum muddat “asirlik”da saqlagandan keyin yana qoʻyib yuborishing kerak. Taomil shunaqa.

Shu yerda masalaning istisno tomonlarini ham aytib oʻtay. Imkoniyat bormi, deyarli hamma oʻziga qiz topib oladi. Qizlar bilan yurmaydigan “odobli” bolalar ham bor, lekin juda taqchil. Chunki jonon degani ortiqcha chiqim, pul sarflamasang boʻlmaydi. Xarajatsiz harakatning oxiri – nol degan aksioma xuddi shu yerda kuchga kiradi. Asosiy mezon bu. Oʻgʻil bolaning koʻrku orazi, aqlu idroki ahamiyati jihatidan keyingi oʻrinlarda turadi… Bitta oʻgʻil boʻlsam, pul-muldan unchalik qiynalmayman.

Mana shu uchinchi kursning oxirida topib olgan “qizim” juda boshqacha chiqdi. Munosabatlarimiz ham meʼyoridan oshibroq ketdi. “Ikki dil dostoni”ning tarixi bunday: bir kuni qandaydir jonon meni chorlayotgani haqida xushxabar oldim. Xonadoshlarim hali chiqmasimdan meni muborakbod etishdi. Aksar hollarda ssenariy shunday boʻladi: seni birorta begona qiz chaqirib keldimi, demak u ilinmoqchi. Albatta, muomala husnu jamoliga qarab boʻladi… Xullas, chiqdim. Bu qiz bilan yaqindagi tadbirda yonma-yon oʻtirib qolgandik. Oʻshanda rosa lagʻmonfurushlik qilgandim.

– Yoʻqlovchining oʻzi yoʻq, bolishni quchoqlab yotib zerikadi odam, – dedim boshidanoq nimkosaga choy quyib. Tabiiyki, qiz “choy ichish”ga bajonu dil koʻndi.

– Salom. Hayron boʻldingiz-a?

– Yoʻq.

– Nimaga chiqqanimni bilasizmi?

– Ha. Koʻzlaringiz aytib turibdi-ku!

– Nima deyapti ekan mening koʻzlarim?

– Oʻzingiz ayta qoling. Sizning tilingiz shirinroq.

– Ho, tilimni shirinligini qaydan bilasiz, tatib koʻrganmisiz?

– Biz bir koʻrishdayoq sezadigan yigitlardanmiz. Lekin tatib koʻrish haqidagi taklifingizga ham yoʻq demayman…

Kelishuv uzoq davom etmadi.

– ”Men sizni sevaman” degan sheʼr yozdim, sizga atab, – dedi koʻzlarimga tik qarab.

– Yaxshi, – dedim. Dedimu hayron qolardim. Shu paytgacha qoʻlimdan oʻtgan qizlarning hammasiga birinchi boʻlib men izhori dil qilgandim. Taraddudlanib qolganimni payqadi, shekilli, boshqa qizlardan afzalligini uqdirmoqchi boʻldi:

– E, muncha qoʻrqasiz, men boʻyningizga hech qachon osilib olmayman. Men – mujik qizman!

Bir lahza qotib qoldimu, butun yotoqxonani boshimga koʻtarib kulib yubordim. Mujik qiz! Bunaqasini hali siz ham koʻrmagan boʻlsangiz kerak. Betizgin kulgidan oʻzimni zoʻrgʻa tiydimu:

– Boʻpti, kelishdik – shartnoma tuzildi. Buzmagunimcha amalda boʻladi, – dedim. U gaplarimga tushunmay biroz talmovsirab turdi…

Shunday qilib kinomi, konsertmi, xilvat parklarmi – hammasini kezib chiqdik. Shaharda nima qilsang – xohishing, birov gʻiring demaydi. Loqayd qarab oʻtib ketaveradi. Oʻspirinlar bir tamshanib qoʻyadi, xolos… Oxiri, uchinchi kurs tugadiyu – bizning sevgi qissamiz ham oʻz xotimasini topdi. Ikkovimiz ham hech narsa koʻrmaganday oʻz yoʻlimizga ketaverdik. Oʻpsa netar, yuvsa ketar deyishadi-ku…

Nima haqida gapiryotuvdim. Uzr, rosa oʻtlab ketibman. Xullas, uylanyapman. Qizlar bilan yurish yaxshi-yu, lekin shaxsiy xotining boʻlsa undan yaxshi-da.

Dastlab maktabni endigina bitirgan narigi mahallalik Mohirani tavsiya etishdi. Koʻnsam, sovchilikka borishadi. Oshna-ogʻayni shunaqa kunda yaraydi-da. Men qishloqni, qizlarni yaxshi bilmayman. Chunki deyarli bu yerda boʻlmayman. Kelsam ham sangʻib sayru sayohatga chiqib ketaman. Adham degan sartarosh oʻrtogʻimning oldiga bordim. Shunaqa, shunaqa deb dardimni dasturxon qildim.

– E, bekorlarni aytibsan, – dedi Adham. – U qizning yurmagan yigiti yoʻgʻu. Men bilan ham yurgan.

– Ie, qishloqdayam shu ahvolmi? – dedim men.

– Nima deb oʻylovding!? Qishloqda ochiq-sochiq yurolmaydi, toʻgʻri. Lekin qoʻyningga kirsa – tamom.

– Odamlar jim qarab turaveradimi?

– Koʻzi tushsa keyin qaraydi-da! Dalalardagi tutzorlar bekorga qilinganmi? Chorvoq-chi? Qorongʻining nima keragi bor boʻlmasam?..

Shunday qilib u qiz maʼqul boʻlmadi. Keyin yana bir-ikkitasini aytishdi. Ular haqidayam shunaqa gap.

– E-e, oʻzi tuzukroq qiz bormi-yoʻqmi? – dedim oʻrtoqlarimga.

– Bor, – deyishdi ular. – Falonchi.

Falonchi taʼbimga oʻtirmadi. Menimcha u ham “yurib” ketardi-yu, xaridor boʻlmagan.

Mening tixirligimdan uydagilar hayron. Keyin qoʻshni qishloqdan qiz topishdi. Uni ham tengdoshlarim yaxshi tanir ekan… Oxiri, ularga ishonmay qoldim. “Yur, oʻzing koʻrasan boʻlmasam”, deb tomoshaga taklif qilishdi. Tungi seans ancha kech boshlanar ekan. Suhrob degan oʻrtogʻim, Adham va men – uchovimiz chet mahallaga bordik. Koʻchalarga chiroq oʻrnatilmagan. Zim-ziyo. Suhrob hushtak chaldi, signal berdi. Birozdan keyin darvoza avaylabgina ochildi, eshikning moylanmagan oshiq-maʼshugʻi buyoqdagi oshiq-maʼshuqlarga hasad qilib “dodlab” yuborishi mumkin-da. Sharpa Suhrobning oldiga yaqinlashib keldi. Keyin ular menga aytib bergan kino boshlandi… Oxirigacha kuzatishga sabrim chidamadi, siqilib ketdim – Adham ikkimiz sekingina joʻnab qoldik.

Shunaqa. Juda boshim qotdi, birodar. Bu yoqda uydagilar: “Oʻn besh kun muhlat, qiz topsang-topding, boʻlmasa, aytganimizga uylanasan!” deb shart qoʻyishdi. Oʻn besh kunda oʻn besh kunlik oyday dilbar topilarmikan? Topilsayam… Yo toʻgʻri kelganiga tavakkal uylanaveraymi? Unaqaga koʻngil xijil. Tanlayveray desam – tanlab-tanlab tozisiga uchraymanmi deb qoʻrqaman. Bu yoqda muhlat tugayapti. Shunaqa paytda noiloj xayol surasan. Agar birorta sehrgargami, dev-pevgami uchrab qolganimda: “Bitta chiroyli, lekin birov bilan yurmagan qiz topib ber”, deb soʻragan boʻlardim. Agar dev ham: “Boʻlganda allaqachon oʻzim uylanib olardim”, demasa…

Men-ku mayli, lekin haligi qizlarga achinaman. Shunchasi bilan yurib, oʻpishib, yalashib-yulqashib yana boshqasiga qanday tegib ketaverar ekan?! E, oʻzim-chi? Oʻzim ham qanchasi bilan yurdim, ular ham kimlargadir xotin boʻladi… Yo bugungi qoida shunaqamikan?

Oʻylab-oʻylab boshim tors yorilib ketaman deydi. Oʻz-oʻzimdan asabiylashaman, figʻonim falakka chiqadi: “Uylanishim kerak!”

Kecha sinfdoshlarning gapiga bordim. Ziyofat avjida – dasturxonga rangsiz ichimliklar ham oralagan. Yuzlari qizarib, almoyi-aljoyi gaplarni aytayotgan tengdoshlarimga qarab endi biz ham “kattalar” deb atalgan qatorga kirganimizni, boshqalar oldida bunday sharmandachilik uchun uyalmay qoʻyganimizni angladim.

Suhbatga aralashmay oʻtirganimni koʻrgan Suhrob yelkamga qoʻlini qoʻyib hol soʻragan boʻldi:

– Ha, jigarim, juda maʼyus koʻrinasan?

– Yoʻq, shunday oʻzim…

– Aldama, biror sababi bordir. Qiz topdingmi?

– Yoʻq hali.

– Hm… Tunov kuni chippa-chin ishondinmi, deyman?

– Nimaga?

– Gulshoda bilan kechqurun uchrashdim, sen Adham bilan kuzatib turding.

– Ie, ishonmay nima qilishim kerak?! Qiz bola degan yarim kechasi uyidan chiqib birovning quchogʻiga kirib ketaveradimi?

– E, ogʻzingga qarab gapir-e! U mening sevgan qizim, yaqinda unashtirildik. Shuning uchun uydagilariyam uchrashib turishimizga ruxsat bergan. Noyabrda toʻy, kelasan, seni hozir hammaning guvohligida taklif qilyapman. Bahona qilib kelmaydigan boʻlsang, oʻzingdan koʻr.

Men hayron boʻlib qoldim, boshqalar bu voqeadan xabardor, shekilli, kula boshlashdi. Nima deyishimni bilmay Adhamga qaradim.

– Suhrob toʻgʻri aytdi, sovchilar kirib rozi-rizochilik oldi, rasm-rusumlar bajarildi, – dedi u.

– Nega boʻlmasa boshimni qotirdilaring?

– Seni bir qoʻrqitay dedik-da, yigitning guli. Shaharda shuncha yurib, pishmabsan-da! Kim nima desa, ishonib ketaverasanmi? – deb gapga aralashdi Suhrob.

– Shunaqami? Yaxshi. Kim meni aldagan boʻlsa, oʻziyam aldansin, – deb kinoya qildim men.

– Tuf-e, yomon xotinga oʻxshab qargʻanma. Birovga choh qazisang, unga oʻzing yiqilasan. Sen oʻzingni bil, koʻzingni kattaroq och. Soʻnggi pushaymondan foyda yoʻq, – dedi Suhrob.

Men boshqa soʻz aytmadim, boʻlajak xotinini tekin tomoshaga olib chiqqan Suhrobdan koʻnglim qoldi.

Keyin gap boshqa mavzularga koʻchdi, askiyalar, mayda-chuyda gaplar deganday. Oxiri, hamma zerikdi, birin-ketin “turamiz”ga tushishdi. Turdik, uy-uyimizga tarqadik.

Tuproq koʻchadan uyga qarab yoʻl oldim.

Tun. Chirildoqlarning bir maromdagi qoʻshigʻi butun qishloq boʻylab taralardi. Qaydadir it hurdi, yakkam-dukkam xoʻroz qichqirdi. Oy allaqachon gʻarbga tomon ogʻib ketgan, belgisiz yoqlarga maʼnosiz va maʼyus tikilib turganga oʻxshardi…

 

Orif Tolib

 

2007

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.