Yoz kunida

0
1103
marta koʻrilgan.

Sharifjon quyosh oʻt purkayotgan ayni tush vaqti tuproq yoʻldan oqsoqlanib ketib borardi. Oʻqishidan taʼtilga chiqib kelganiga oʻn kuncha boʻldi. Oʻtgan yildan beri yalangoyoq yurmagani uchun tovonlariyu oyoq kaftlari yer taftiga chidash bera olmadi, birinchi kechasiyoq poʻrsildoq boyladi, ertasi kuni qadam bosishning iloji boʻlmay qoldi.

Bir kundan keyin asta-asta yura boshladi, lekin suv boylab qolgan joylar chirs-chirs yorilib, cheksiz azob berdi, koʻziga dunyo qorongʻu koʻrinib ketdi. Mana, oradan bir hafta oʻtsa-da oqsoqlanadi, bosaymi-bosmaymi deb qadam tashlaydi. Uning bu holatini koʻrgan odam senga nima zarur, joningni ogʻritib nima qilasan deb oʻylashi mumkin. Hozir bolalarni demasa, hech kim yalangoyoq yurmaydi. Oldinlari, Sharifjon bola paytlarida kattalar ham bemalol yalangoyoq yuraverar, ayniqsa, dalada rais va birgadirni hisobga olmasa, birov oyoq kiyim kiymas edi. Chunki yoz paytlari tuproq yoʻl gupillab ketadi, poyabzaling birpasda qum-tuproqqa toʻladi. Lekin hozir zamon oʻzgardi. Odamlar ancha madaniylashib, tobora shahartabiat boʻlib boryapti. Bugun koʻchada yalangoyoq yurish uyat. Sharifjonning esa yalangoyoq yurgisi keldi, oyoq kaftlari xuddi bolaligidagi kabi tuproq taftini tuyushini, zigʻirqumlar tovonidan sirgʻalib oʻtishini istadi.

Hozir u yurib borayotgan yoʻlning ikki cheti tutzor, lekin bu paytda yoʻlga tangaday ham soya tushmaydi. Shu sababli Sharifjon yoʻl oʻrtasidagi maysali orolchalarni – ajriqzorlarni tanlab qadam bosadi. Maysali joyda tuproqning tafti susayadi, oyoqni kuydirmaydi. Oʻzi bunaqa paytda esi bor odam shiyponda mizgʻiydi. Sharifjonning ham esi bor, lekin u ikki paykal naridagi oromgoh hovuzida choʻmilishni moʻljallagan. Qishloqlari toqqa yaqin boʻlgani sababli bu yerda dam olish maskanlari koʻp. Oldin ular kolxozga tegishli edi. Keyin xususiyalashtirish boshlandi, bogʻ-hovlilarning hammasi sotildi, koʻpi shaharliklarning mulkiga aylandi. Boyvachchalar bu yerga onda-sonda, bir kun-yarim kunga dam olgani keladi. Boshqa payt qishloqliklardan tanlab olingan qorovullar ushbu “salqinlanish maskanlari”ga koʻz-qoʻloq boʻlib turadi.

Sharifjon shunchaki choʻmilish uchun borayotgani yoʻq. Shu paykalning oxirida sholi taxtalari bor. Oʻsha taxtalarning birida Madina ismli bir qiz sholi oʻtayotgan edi. Hozir tutzorga chiqib, salqinda tushlik qilayotgan boʻlsa kerak. Madina shu yerning oʻzidagi kollejda ikkinchi kursda oʻqiydi. Sharifjondan uch yosh kichik. Istaraligina qiz. Uning odob-axloqiga havas qiladiganlar koʻp. Shu bois soʻnggi paytlari xuddi musobaqalashayotgandek qulchilikka keladiganlar – sovchilar koʻpaydi. Lekin qizning uyidagilar hozir u kollejda oʻqiyotgani, oʻzlari ham toʻyga tayyor emasliklarini aytib yoppasiga rad javobini beryapti. Sharifjon Madinaga ilgari koʻp ham eʼtibor bermasdi. Chunki diqqatini tortadigan qizlar koʻp edi. Keyin negadir fikri oʻzgardi, beixtiyor koʻzga unchalik chalinavermaydigan qizni qidira boshladi. Bebosh yuragi esa undan bir ogʻiz ham soʻramay Madinani topdi. Shundan keyin Sharifjon oʻzidan-oʻzi bezovtalanadigan, shu qizni sogʻinadigan boʻlib qoldi. Oʻylamayman deydi-yu, oʻylayveradi. Soatlab shiftga qarab yotadi, uh tortadi. Shu alfozda allamahalgacha qilt etmay yotaveradi… Xullas, shunaqa. Yoshligida emlanmagan boladay osongina kasallandi-qoldi.

Madina bilan uch-toʻrt marta atay uchrashdi, toʻgʻrirogʻi, salomlashdi, xolos. Ortiqcha gap-soʻzning oʻzi yoʻq. Sharifjon salom beradi, hol-ahvol soʻraydi, qiz boʻlsa birgina “yaxshi” degan javobni aytadi-da, baland olovli qozonga yogʻ qoʻyib qoʻygani esiga tushib qolganday tez oʻtib ketadi. Lekin shu yarim daqiqalik suhbat chogʻida Sharifjonning koʻngli juda koʻp narsalarni his qiladi, keyin ancha vaqtgacha shuning kuchi bilan yayrab-yashnab yuradi. Madinaning koʻzlarida hayo bor, jozib bir tortinish bor. Ana shu uyatchan nigohlarda u yuragiga quvvat, ruhiga nur beradigan bir yolqin borligini sezadi. Bu sehrli koʻzlar: “Siz yaxshi yigitsiz, sizga ishonaman”, deganday boʻladi. Yoʻq, toʻgʻrirogʻi, Sharifjon bu soʻzlarni aniq-tiniq eshitadi.

Sharifjon Madina oʻtoq qilayotgan taxtaga yaqinlashdi. Qiz paykal chetidagi ulkan tol soyasida choy ichib oʻtirgan ekan. Yigitni koʻrdiyu apil-tapil yigʻishtirindi. Sholipoyaning tol soyasi tushib turgan yeriga oʻtib, oʻtoq qilishga kirishdi. Sharifjon u yoq-bu yogʻini tuzatgan boʻldi. Oʻn kun ichida qop-qorayib ketganidan uyaldi. Shu paytda unga qaragan odam yuzi qip-qizil boʻlib boʻgʻriqib ketganini koʻrardi. Biroz nafas yutib turgach, oqsoqlanma dadil qadam tashlab, Madinaning yoniga bordi.

Qiz iloji boricha oʻzini eʼtiborsiz tutishga harakat qilar, lekin koʻnglida “Ishqilib, ketib qolmasin-da” degan xavotir ham bor edi. Yigit unga yaqinlashgach, tuzukroq gap topolmay ozroq kalovlanib qoldi, bu ahvolidan esa yanada oʻngʻaysizlandi. Nimadir deyishim kerak deb chogʻlanar, lekin qizning koʻngliga oʻtirmaydigan gap aytib qoʻyishdan battar qoʻrqar edi. Axiyri, juda uzoq choʻzilib ketganday tuyulayotgan sukunatni buzadigan, qiz bilan oʻrtalarida koʻprik boʻladigan gapni topdi:

– Hormang, oʻtoq qilyapsizmi? – shunday dediyu tilini tishladi, tomogʻi qaqrab, manglayida ter paydo boʻldi. Oʻylab-oʻylab topgan gapi shu boʻlganidan xijolat tortdi, Madinaning “Ha” deb bergan yarim ogʻiz javobidan esa yanada dovdiradi.

– Men ham joʻxorilarimizni chopib kelyapman. Yarim qarich boʻp qopti. Qishloqda shu-da, kuning shunaqa ishlar bilan oʻtadi. Hozir shiyponga ketyapman, biroz salqinlab kelay.

Sharifjon muvaffaqiyatsiz chiqqan gapining xijolatidan qutulish uchun koʻproq gapirishga, oʻzini erkinroq tutishga urinardi. U “salqinlab kelay” degan payti Madinaning yuragi zirqirab ketdi, boshini quyiroq egdi. Sharifjon esa buni sezmadi, suhbatdoshi oʻlib-tirilib topgan gaplariga javob bermayotganidan koʻngli choʻkdi, “Bu yerga kelmasam boʻlar ekan” degan oʻy oʻtdi xayolidan.

– Ha, mayli, sizniyam ishdan qoʻydim. Men boraqolay, – deb shiypon tomonga yoʻnaldi.

– Hovuz tarafga bormay qoʻya qoling. Odam koʻp shekilli. Hali “Damas”da shaharliklar keldi, – dedi Madina yerga koʻz tikib. Sharifjon hayron boʻldi, qiz nega bunday dedi, shaharliklar kelgan boʻlsa nima, axir hovuzdan koʻpi bormi? Bitta dam olish uyining oʻzida ikki-uchta hovuz ishlab turadi.

– Shaharliklar kelgan boʻlsa nima qipti?! Qishloq oʻzimizniki. Ozgina salqinlab qaytib kelaman. – Gaplarida maqtanishga oʻxshash ohang borligini Sharifjonning oʻzi ham sezdi.

Madina indamadi. U sholi taxtaning ichida boshini quyi solib oʻtirar, Sharifjon ketishini ham, qolishini ham bilmas edi. Oxiri, shiyponga qarab yoʻl oldi.

Sharifjon shiyponning shundoq yonginasidagi dam olish uyiga borishni moʻljalladi. Sababi, bu joy shaharliklarniki emas, shu yerlik bir boyning mulki. Qishloq ahli bu yerga bemalol kelib ketadi. Qish paytlari dala ishlariyu tashvishlaridan vaqtinchaga boʻlsa-da qutulgan erkaklar bogʻdagi uychalarni ijaraga olib gap beradi. Bu uychalar qurilganiga koʻp zamonlar boʻlgan. Tuzilishi ham oddiy uylarga oʻxshamaydi – tomi yerga deyarli tutashgan. Koʻpining derazasi bitta. Hozir ularning yoniga yangi binolar ham qoʻshilgan. Bu oromgohda Madinaning dadasi Moʻmin aka qorovullik qiladi. Sharifjon bilan salom-aligi yaxshi. Ayniqsa oʻqishga kirganidan keyin yanada quyuqroq soʻrashadigan boʻlib qolgan. Bundan, albatta, Sharifjon xursand. Dam olish uyiga oʻttiz-qirq qadam qolganda uning koʻzi Moʻmin akaga tushdi. U katta hovuz qirgʻogʻiga oʻrnatilgan uzunkursida kim bilandir gaplashib oʻtirardi. Lekin suhbatdoshi koʻrinmas, aftidan choʻmilayotgan edi. Yaqinlashgach ularning gap soʻzlari aniqroq eshitila boshladi:

– Qirqdan oʻtdig-u, lekin uncha-muncha yigitdan qolishmaymiz. Yigit kishi qirqida qirchillaydi-da!

Hovuz ichidan qizlarning hiringlashi eshitildi.

– Bu deyman, kenayimni xursand qilaverib joniga ham tegib ketsangiz kerak, – dedi qizlarning biri. Hovuz ichidan qiyqiriq koʻtarildi.

– Xotin kishi oʻttizdan keyin oʻtin boʻladi, yaxshi qiz. Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, – Moʻmin aka oʻzining gapi oʻziga naʼsha qilib kuldi.

Hovuzga yaqin kelib qolgan Sharifjon tek qotib turar, shuuri karaxtlashgan edi. Hovuz ichida ikkita qiz choʻmilayotgan edi: koʻrinishidan biri yigirma besh yoshlardagi juvon, biri esa hali juda yosh, yigirmaga ham toʻlmaganga oʻxshar, balki turmushga ham chiqmagan bir qiz edi. Ularning koʻzi Sharifjonga tushdi va birdan jimib qolishdi, noqulay sukunat choʻkdi. Moʻmin aka qizlar tikilib turgan tomonga oʻgirildi va roʻparada turgan Sharifjonni koʻrib, yuzini burishtirdi.

– Ie, ha, student, yoʻl boʻlsin?

Sharifjon javob bermadi. Bir qizlarga, bir Moʻmin akaga ijirgʻanib qaradi. Bu esa, tabiiyki, Moʻmin akaga yoqmadi, izzat-nafsiga tegdi.

– Nima, karmisan? Bu yerda senga qand bormi, deyapman!

Shu payt nariroqdagi uychadan oʻttiz besh yoshlardagi qorindor bir kishi chiqib keldi. Soqoli oʻsiq, koʻkragiyu qornini tuk bosgan, guldor va shalpaygan kalta ishtoni tizzasiga tushgan, kindigi yongʻoqday boʻrtib turgan bu yarimyalangʻoch erkakni shu holda koʻrgan kishining oʻzidan-oʻzi taʼbi tirriq boʻlardi.

– Ha, nima gap, aka? – deb soʻradi u Moʻmin akadan.

– E, manavini koʻrmaysizmi – chaqirilmagan mehmon. Ha, nimaga boʻzrayasan?! – deb Sharifjonga oʻshqirdi Moʻmin aka.

– Bolangiz tengi qizlar bilan oʻynashib oʻtirgani uyalmaysizmi, aka, – dedi Sharifjon. Boshqa gapirolmadi, tovushi tomogʻiga tiqildi.

– Nima deyapsan sen, nosqovogʻimday kelmaysan-u, aql oʻrgatyapsanmi? Shaharda oʻqib ja-a olim boʻp ketdingmi? Olimligingni borib domlalaringga qilasan!

– Qizishmang, aka, qizishmang, – deb gapga aralashdi qorindor kishi. Soʻng murosa yoʻliga oʻtdi. – Sen, ukam, kattalarning ishiga aralashma, joʻjaxoʻrozlik qilma. Choʻmilging kelayotgan boʻlsa, bor, ana boshqa “dacha”lardayam hovuz koʻp. Bizni tinch qoʻy.

Qorindor yuzini ters burdi, qornini qashlab biroz turdi-da, borib suvning issiq-sovuqligini tekshira boshladi. Hovuzga qoʻlini botirib yelkalarini, qorinlarini suv bilan namlashga kirishdi. Sharifjon bir unga, bir qizlarga, bir Moʻmin akaga qaradi. Soʻng chetga qarab tupurdi-da, kelgan yoʻliga qaytdi. Yigirma-oʻttiz qadam yurganidan soʻng ortida qiy-chuv kulgi koʻtarildi. Sharifjonning koʻngli alagʻda boʻlgan, qandaydir bir ogʻir gʻashlik yelkalaridan tobora ezib tushar edi. U oldingi paykalga xavotir bilan koʻz tashladi va birdan yengil tortdi: Madina yoʻq edi. Ishini tugatib ketgan koʻrinadi. Sholi taxtalarga yaqinlashgach, Sharifjon taxmini xato chiqqanini angladi: oʻtoq qilinayotgan pol hali tugamagan, Madina tushdan keyinoq ketib qolgan edi. Dadasining nima qilayotganidan xabari bormikan deb oʻyladi Sharifjon. Balki shuning uchun boya uni shiypon tomonga borishdan qaytargandir? Yo biror ishi chiqib ketib qoldimikan?

Sharifjonning nafrati qoʻzir, boshqa tomondan esa hayron boʻlar edi. Nahot Madinaday aqlli, odobli qizning otasi shunday axloqsiz boʻlsa? Hech yoʻqsa bir paykal naridagi qizidan uyalmaydimi? Uzoqroqda boʻlsa-da, bularning qiy-chuvi unga yetib borishi, agar yaxshilab razm solsa bu yerda nimalar boʻlayotganini koʻrishi, aniq bilolmasa ham, anglashi mumkin-ku! Shuyam ota boʻldimi endi?

Xayolida shu kabi javobsiz savollarni tinimsiz qaytarar ekan, Sharifjon boshqa bir gapdan seskanib ketdi: Madinaga uylansa, qaynotasi shu Moʻmin aka boʻladimi? E, yoʻq, unga endi qizini bermasa ham kerak. Chunki bugungi voqeadan keyin oralari yaxshigina buzildi, bundan soʻng Moʻmin aka u bilan ikki dunyoda iliq munosabatda boʻlmaydi. Aslida, Sharifjon iliq munosabatni ortiq istamasdi ham, lekin Madinani oʻylar ekan, yuragining bir chetida xavotir bosh koʻtarar, qandaydir oʻksinish, afsuslanish hissi ham yoʻq emas edi.

Sharifjon shu kuni daladagi ishiga qaytib bormadi, uylariga ketdi. Xonasiga kirib, karavotga tappa tashladi. Uzoq vaqt qimirlamay yotdi, lekin uxlayolmadi. Yuragiga qoʻrgʻoshinday choʻkib qolgan gʻashlik koʻtarilmadi, koʻksini ogʻir bosib turaverdi. Sharifjon shu ahvolda ikki soatcha yotdi, oxiri uyquga ketdi. Namozshomda ayasi kirib uygʻotdi. Uyqudan loxas boʻlib uygʻondi, boshi gʻuvillab ogʻrir, lekin haligi alagʻda kayfiyatning tumani biroz tarqaganday edi. Kechki ovqatni ham oxirigacha icholmadi. Ayasining xavotirli savollarga “Boshim ogʻriyapti” deb bir ogʻizgina soʻz bilan javob berdi. “Issiq oʻtgan koʻrinadi, – deb tashxis qoʻydi ayasi. – Shaharda salqin-soyaga oʻrganib qolgansan. Peshingacha ishlab nima qilarding?! Sen yoʻq paytlari oʻsha joʻxorilarni oʻzimiz ekdik, dadang oʻzi yolgʻiz sugʻordi. Qiynalib qolganimiz yoʻq. Ertalablari vaqtli borib, kun qiziguncha ishla, keyin uyga kelib damingni ol. Kunning tafti qaytganda yana borasan, qosh qorayguncha ishlaysan. Hozir tur, yangi uyga kir, qatiq uyitib qoʻyganman. Simirib-simirib ich, issigʻingni oladi”. Oʻgʻlining hafsalasiz oʻtirganini koʻrgan ona qatiqni oʻzi olib kelib, kosaga quydi. Sharifjon uch paqir qatiq ichsa ham ichidagi olov soʻnmasligini bilsa-da, onasining koʻngli uchun qatiqdan uch-toʻrt marta hoʻplab qoʻydi. Soʻng xonasiga qaytib, oʻzini yana toʻshakka tashladi.

Sharifjon ertalab vaqtli turib, dalaga joʻnadi. Bir koʻngli dalaga borma, Madinaga duch kelib qolishing mumkin, unga nima deysan, koʻzlariga qanday qaraysan, dedi. Boshqa bir koʻngli esa uchratsang nima, qochib yurishing kerakmi, koʻrishsang balki yengil tortarsan deb uqtirdi. Xullas, shunaqa ikkilanishlar bilan dalaga yoʻl oldi. Erta sahar boʻlgani uchun koʻchada odam siyrak, dala esa biryoʻla kimsasiz edi. Sharifjon cheklariga yetib kelib, pochalarini shimardi-da, ishga kirishdi. Hali quyosh chiqib, koʻtarilguniga qadar bir soatcha bor. Eng barakali vaqt ana shu bir soat, shu paytda ish unadi. Kun qizdira boshlagach esa, odamning nafasi qaytadi, erinchoqligi tutadi. Aslida, jaziramada ishlashning ham foydasi yoʻq. Kun tigʻida qolsang, quyosh urishi mumkin. Keyin ancha vaqt, baʼzida hatto bir haftagacha loxas boʻlib, qoʻling ishga bormay yurasan.

Onasi issiqda ishlama, deb tayinlagan boʻlsa-da, Sharifjon tushgacha paykaldan chiqmadi. Tuproqning tafti oyoqni kuydiradigan darajaga yetgachgina, ishini tugatdi. Chopilgan joyga koʻz tashlab koʻngli toʻldi, anchagina yer chopiqdan chiqqan, yana bor-yoʻgʻi yarim kunlik ish qolgan edi, xolos. Soʻng paykal chetidagi tutlar soyasiga borib oʻtirdi, oʻn daqiqacha salqinladi. Oyoqlarini uzatib, qoʻlini orqaga tayaganicha, oldindagi paykallarga tikildi. Madinalarning cheki bu yerdan koʻrinmas, faqat paykal qirgʻogʻidagi tutlar, uning ortidan esa oromgohdagi baland keksa tollar koʻzga elas-elas tashlanar edi. Sharifjon bir muddat boraymi-bormaymi deb ikkilanib qoldi. Keyin qatʼiy bir qarorga kelib oʻrnidan turdi: hozir toʻgʻri Madinaning oldiga boradi, suhbatlashadi. Balki uni yoqtirishini, unda koʻngli borligini aytar. Yoʻq, choʻzishdan foyda yoʻq, aniq aytadi. Boʻlmasa, kimdir Sharifjondan oldinroq otni qamchilashi yoki Madinaning oʻzi uning qoʻrqoqligi, jasoratsizligini koʻrib, qoʻl siltashi mumkin. Bu yoqda sovchi degan balo ham bor. Madinaga koʻnglidagini aytib qolmasa, juda noziklashib, oʻrgimchak toʻriday boʻlib qolgan umid rishtalari hoziroq uzilib ketadiganday tuyuldi Sharifjonga.

Qizning unda koʻngli bor. Sharifjon bunga u qadar ishonmaydi-yu, har holda ishonadi. Shu tuygʻudan ancha dadillandi, hadik aralash ishtiyoq bilan yoʻlga otlandi. Traktor oʻtaverganidan ikki chekkadagi tuprogʻi tortilgan unday boʻlib qolgan, oʻrtasi ajriqzor yoʻlga yetganida ellik-oltmish qadam narida oʻziga qarab kelayotgan qizga koʻzi tushdi. Tushdi-yu, yuragi hapqirib ketdi. Yuz-koʻzini ajratib olish mushkul boʻlsa-da, tanidi: Madina ishini moʻljaldagidan ertaroq tugatibdi. Sharifjonning yuragi borgan sari tezroq, zarbliroq urar, uning gup-gup ovozini oʻzi ham tobora aniqroq eshitar edi. Masofa lahza sayin qisqardi: qirq qadam, oʻttiz qadam, yigirma, oʻn… Va nihoyat nigohlar tutashdi.

Bugun Sharifjon negadir oʻzini ancha dadilroq tutdi. Ovozi biroz titrasa-da, kechagiday dovdirab turmadi:

– Salom alaykum. Madina, yaxshimisiz?

Qiz javob bermadi. Bir muddat yurishdan toʻxtadi-da, Sharifjonga tikildi. Bu qarash yigitning koʻzlariga botdi, yuragini teshib oʻtganday boʻldi. Sharifjon havosiz boʻshliqda qolganday nafas ololmas, quloqlari shangʻillar, ong-shuuri zing-zing etgan judayam qattiq ovozdan karaxt boʻlib qolgan edi. U qizning nigohlaridan: “Sizga ishongan edim, sizni sevardim, ammo siz bunga loyiq emas ekansiz”, degan alamli ifodani oʻqidi. Yoʻq, toʻgʻrirogʻi, bu soʻzlarni aniq-tiniq eshitdi.

Qiz toʻxtamadi. Yigitning shundoq yonginasidan, goʻyo uni koʻrmaganday, sezmaganday oʻtib ketdi. Sharifjon uzoq vaqt qimir etmay turib qoldi. Qizning ortidan yugurib borgisi, hammasini tushuntirib bergisi keldi. Lekin nimaniyam tushuntirardi. Dadang shunaqa-shunaqa ekan, menda ayb yoʻq, deydimi? Yoki men haqimda yomon gap aytishgan boʻlsa, ishonma. Qanaqaligimni bilasan-ku, seni aldamayman, men yaxshi bolaman, deb urib-yengadimi?

Sharifjon uzoq turdi. Keyin oldinga qarab asta-asta qadam tashlay boshladi. U qayoqqa ketayotganini, nimaga ketayotganini bilmas, koʻz oldini qoplagan tumanli boʻshliqqa maʼnosiz tikilib borar edi. Mana, u katta yoʻldan oʻngga – umuman maysasi yoʻq, tuprogʻi gupillab yotgan yoʻlga burildi. Kun ayni tikka kelgan, yoʻl esa tandirday qizigan edi. Lekin hozir Sharifjon bu yoʻldan bemalol yalangoyoq ketib borardi. Turishidan, oyoqlaridagi yaralar bitgan, tovon va panjalari tuproqning jazirama taftiga oʻrganib qolgan edi.

 

Orif Tolib

 

2011 – 2013

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.