Osmonimda kulmasmisan

0
17147
marta koʻrilgan.

Havolab-havolab tiniq tortgan oy,

Olislagan sayin husni ortgan oy,

Shirin-shirin xayol surib yotgan oy,

Mening osmonimda kulmasmisan, ayt?

 

Koʻz yumdimu bosdim tikonni shartta,

Jon-jahonim yondi ishq degan dardda,

Menga desa, kuysin yana ming marta,

Telba yuragimni bilmasmisan, ayt?

 

Yiroqsan, yomon-da yorning firogʻi,

Qoʻl choʻzsam yetkuday yaqinsan gohi,

Yoʻlingga koʻz tikib kutganim chogʻi

Nur sochib, dil ochib kelmasmisan, ayt?

 

Oʻn besh kun yuksakdan joy berar falak,

Oʻn besh kun poyingda intizor, halak,

Koʻksimda bir umr qolgin, ey tilak,

Dilni izlayotgan dilmasmisan, ayt?

 

Orif Tolib

 

2007

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.