Sanamalar

0
682
marta ko‘rilgan.

– Bir, ikki, uch… o‘n ikki,

O‘n ikki deb kim aytdi?

 

– O‘n ikki deb men aytdim,

Shartta ortimga qaytdim.

 

– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,

Savolim bor, javob ber:

Doim kulib boqadi,

Tafti tanga yoqadi.

Berar harorat, yog‘du,

Qani, ayt-chi, nima u?

 

– Savoling juda oson,

Uni bilar keksa-yosh.

Axir u saxovatli

Qadrdon boboquyosh.

 

***

– Bir, ikki, uch… o‘n ikki,

O‘n ikki deb kim aytdi?

 

– O‘n ikki deb men aytdim,

Shartta ortimga qaytdim.

 

– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,

Savolim bor, javob ber:

Og‘a-ini ming botir,

Ko‘m-ko‘k gilamda yotir.

Kunduz ketib qolishar,

Uzoqda dam olishar.

 

– Aytding qiziq topishmoq,

Men uni topdim, o‘rtoq.

Botirlar – yulduz, ko‘m-ko‘k

Gilam esa – osmon, ko‘k.

 

***

– Bir, ikki, uch… o‘n olti,

O‘n olti deb kim aytdi?

 

– O‘n olti deb men aytdim,

Shartta ortimga qaytdim.

 

– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,

Savolim bor, javob ber:

Cholday oppoqdir sochi,

Osmonga yetar boshi.

Uzoqdan ko‘rinadi,

Bilsang, ayt-chi, nima u?

 

– Xayolim ishga soldim,

Birpasda topib oldim.

Mag‘rur, yuksak, viqorli,

Axir u tog‘dir qorli.

 

***

– Bir, ikki, uch… o‘n olti,

O‘n olti deb kim aytdi?

 

– O‘n olti deb men aytdim,

Shartta ortimga qaytdim.

 

– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,

Savolim bor, javob ber:

Qishda muzlamas aslo,

Yozda muzlaydi ammo.

Dehqonlarga tashvishdir,

Ranggi xuddi kumushdir.

 

– Qiziq ekan bu jumboq,

Javobin topdim biroq.

Sho‘r yer u – koni zarar,

Yozda ham oppoq turar.

 

“Gulxan” jurnalining 2016 yil 11-sonida “Aytishmachoq” sarlavhasi bilan chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.