Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, mudom baxtli bo‘l

0
598
marta ko‘rilgan.

Minnat oshi

 

Har kimga g‘oyibdan baraka, qut ber,

Baxtu iqbolini tugal ber, but ber.

Besh kunlik umriga maza ber, tot ber,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Minnat bu – naq ko‘zga sanchilgan tikan,

Suyakka yetadi quloqqa yetgan.

Yurakka botmasin tomoqdan o‘tgan,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

O‘zining oldida bo‘lar boshi xam,

Qalbini tirnoqlab g‘ijimlar alam.

Muqarrar o‘limdan asrar bo‘lsa ham,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Topgani tortilgan ohga arzimas,

Sochida ko‘paygan oqqa arzimas,

Yuragiga tushgan dog‘ga arzimas,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Bandangni yarlaqa, qaddini tog‘ qil,

Minnat azobidan mudom uzoq qil.

Eng og‘ir damlarda ko‘nglini to‘q qil,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

 

Yaxshi odamlar bor…

 

Yaxshi odamlar bor – farishta yuzli,

Suhbati tortimli, xushfe’l, xushso‘zli,

Manglayi yarqiroq, tole yulduzli –

Bosgan har qadami bog‘u rog‘ bo‘lar.

 

Mukofot yo jazo odamga fe’li,

Yo oldga, yo ortga tortadi tili,

Manziliga eltar tanlagan yo‘li,

Ko‘ngli sog‘ odamda yurak sog‘ bo‘lar.

 

Bilmay bir nokasga diling yorganda,

Qadru qimmatingni loyga qorganda,

O‘zing istamagan joyga borganda

Oyog‘ing ostida yermas, cho‘g‘ bo‘lar.

 

Kishida or-nomus va uyat bo‘lsa,

Lafzihalolligu hamiyat bo‘lsa,

Darz ketmagan ishonch, pok niyat bo‘lsa,

Doim boshi baland, ko‘ksi tog‘ bo‘lar.

 

Yaxshi odam bo‘lish baxtdir naqadar –

O‘xshashi topilmas zavq tuyub yashar:

Nafi tegar bo‘lsa kimgadir agar,

Eng oldin o‘zining ko‘ngli chog‘ bo‘lar.

 

 

Pushaymon

 

Sen o‘zganing qo‘lin tutib ketgan kun,

Bo‘g‘zimga tiqilib qolganda ovoz,

Bir kun to‘yib-to‘yib afsuslar cheksin,

Kuyib-o‘rtansin deb o‘ylaganim rost.

 

Ko‘zyoshday yumalab o‘tdi-ku yillar,

Seni olib ketdi yiroq va yiroq.

Kecha seni tuyqus uchratgan palla

Yuragimni tirnab, yayradi firoq.

 

Qani u ko‘zlari kulib turgan qiz,

Qani u to‘rt fasl yashnagan dunyo?!

Qanday g‘amdan cho‘kding, ey yorug‘ yulduz,

Seni mahzun etdi qanday muammo?!

 

Shunda to‘yib-to‘yib yedim pushaymon,

Senga dard-alamni tilagan menmi?

Ko‘ksimga musht urib, mast bo‘lib, shodon

Yana muhabbatdan kuylagan menmi?

 

Chorasiz holimni anglatay qanday,

Bo‘g‘zimga tiqilib qolyapti ovoz.

Guvoh bo‘l! Hech narsa yuz bermaganday

Har qanday alamdan voz kechaman, voz!

 

Yuragimdan yulib olingan ey gul,

Quyoshday porlasin, kulsin yuzlaring.

Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, mudom baxtli bo‘l,

G‘am ko‘rmasin sira qora ko‘zlaring.

 

 

Tushunish

 

Imo-ishorada so‘ylaydi sayyoh,

Shu shaklda javob qaytarar mezbon.

Ular biror so‘zni tushunmas, biroq

Bir-birining tilin tushunar oson.

 

Ba’zilar bor – umri umrmas, og‘u,

Bir umr ezilar, armonda ketar.

Birga yashab, bitta tilda so‘zlar-u,

Bir-birining tilin tushunmay o‘tar.

 

 

Yaxshi tushlar ko‘rsin

 

Isitmalab qolsam, og‘risam ozroq

Yo ishim yurmasa – toraysa olam,

Onam xavotirda qilar qo‘ng‘iroq:

“Tushimga kiribsan, tinchmisan, bolam?”

 

Shukur, yaxshi, deyman, hammasi a’lo,

Yuribman – ishim besh, o‘zim salomat.

Onam taskin topar va qilar duo,

Tilaydi ofiyat, omonlik, omad.

 

Do‘stlar, barchamizga yor bo‘lsin tole,

Baxtdan yorug‘ bo‘lsin xonalarimiz.

Tashvish, xavotirga tushmasin aslo,

Yaxshi tushlar ko‘rsin onalarimiz.

 

 

Qizim

 

Tug‘ildingu bag‘rimiz to‘ldi,

Yuzimiz ham baxtimiz kuldi,

Olam birdan charog‘on bo‘ldi,

Jonim – qizim, jahonim – qizim.

 

O‘z tilingda so‘zlab, chuldirab,

Kulgularing bilan kuldirib,

G‘amlarimiz ortda qoldirib,

Baxtlar sochding, biyronim – qizim.

 

Nimalarga tikilib qolding,

Nega buncha o‘ylarga tolding,

Kulding, so‘ngra qovog‘ing solding,

Bu dunyoga hayronim – qizim.

 

O‘zim shodman seni erkalab,

Mayingina sochlaring silab.

Manglayingga asta bosdim lab,

Jannat bo‘yli rayhonim – qizim.

 

Balolardan asrasin Egam,

Ey bugunim, ey mening ertam.

Ko‘zim nuri, qarog‘im, erkam,

Jonim – qizim, jahonim – qizim.

 

 

Orif Tolib

1987 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan “Birinchi kitobim” loyihasida “Uchrashuv” nomli to‘plami chop etilgan.

 

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 12-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.