Ibrat olamizmi yo o‘rnak?

0
211
marta ko‘rilgan.

Ko‘pincha ibrat va o‘rnak so‘zlarini bir-birining o‘rnida bemalol qo‘llab ketaveramiz. Aslida, ularning nozik ma’no farqlari bor. Ma’lumot izlab, “Izohli lug‘at”ga qaradim. Lekin unda ham ma’no farqlanmagan. “Ibrat” so‘zi arab tilidan olingani, asliyatda o‘git, pand-nasihat; namuna, o‘rnak ma’nolariga egaligi ta’kidlangan. Ammo u arab tilida ham namuna yoki o‘rnak ma’nosida qo‘llanilmaydi. Biror gunoh-ma’siyati sabab azob yoki jazoga uchragan qavmlar haqida Qur’oni karim oyatlarida “bunda aql egalari uchun oyat-ibratlar (yoki belgi-alomatlar) bor” degan mazmunda eslatmalar keladi. O‘zbek tilida ham ibrat olish asosan xulosa yasash, fikr qilib, to‘g‘ri to‘xtamga kelish ma’nosida qo‘llanadi. O‘rnak esa to‘lasicha ergashish kerak bo‘lgan, namunali kishilar, holatlarga nisbatan qo‘llanadi. “Izohli lug‘at”da unga “Boshqalar ergashsa, taqlid qilsa arziydigan ish yoki harakat namunasi” deya ta’rif berilgan. Lekin ibratli kishilar yoki ishlarga ergashish, taqlid qilish ko‘p hollarda xato.

“Izohli lug‘at”dagi misoldan foydalana qolaylik. Unda “Qutlug‘ qon”dan parcha berilgan ekan. Parchani asarning o‘zidan, kengroq shaklda oldim:

– Men ko‘rdim teatrni, – hovliqib, pixillab so‘zga kirishdi paxtachi Jamolboy, – Abdishukur qiziqtirgan edi, borsam boray, dedim… Siz uni maktab deysiz, Abdishukur, qanday qilib maktab bo‘ladi u? Domla qani, shogird qani? Men borganimda bir ilmsiz bolaning bezori bo‘lib ketganini ko‘rsatishdi, xolos.

– Maktab emas, ibrat deng, – kimdir izoh berdi.

Oybek domla so‘zni juda o‘rnida qo‘llaganini shu misol ko‘rsatib turibdi. “Bir ilmsiz bolaning bezori bo‘lib ketgani” o‘rnak emas, ibratdir. Chunki birovning xatosi yoki aybidan namuna olinmaydi, ko‘rib, eshitib, xulosa qilinadi, bir to‘xtam yoki qarorga kelinadi.

Yaxshi ishlardan ham ibrat olinishi mumkin. Shu ishni qilish yoki uning ziddini qilmaslik ibratdir. Lekin namuna bo‘ladigan holatlarda yo to‘la ijobiy ma’no ko‘zlanganda ibrat so‘zini qo‘llamaslik kerak. Masalan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam haqlarida gapirganda ibrat so‘zini ishlatish mutlaqo o‘rinsiz. Chunki u kishi butun insoniyatga o‘rnak, namunadirlar.

Ba’zi mumtoz adiblarimiz o‘zlariga o‘ta kamtar taxalluslar tanlaganlar. Foniy (o‘tkinchi), Gadoiy, Mujrim (gunohkor) Obid, Qul Ubaydiy kabi. Ular qatoriga Is’hoqxon Ibratni ham qo‘shish mumkin. Ko‘p til bilishda hozirgi kun kishilariga ham o‘rnak bo‘la oladigan Is’hoqxon to‘ra o‘ziga bejiz Ibrat taxallusini olmagan. Agar bu so‘z o‘rnak ma’nosida bo‘lsa, adib maqtanchoq, manmanga aylanib qoladi. Aksincha, taxallusdan “Mening holimni ko‘rib, ibratlaninglar” degan ma’noni uqish mumkin. Bu shaxsiyatiga bino qo‘ymagan, chinakam kamtar mutafakkirning tanlovidir.

Demak, qay o‘rinda o‘rnak olish, qay o‘rinda ibratlanishni bilish ham o‘ta muhim. Bu uquv odamning so‘zini, hatto o‘zini ham o‘zgartirib yuboradi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.