Inson va odam

0
337
marta ko‘rilgan.

Ba’zi ma’nodosh so‘zlarning juda nozik ma’no farqlari bor. Birining o‘rnida boshqasini qo‘llash to‘g‘ri emas. Bu qoida inson, odam, kishi, shaxs, kimsa so‘zlariga ham tegishli. Ushbu maqolachada asosiy e’tiborni inson so‘ziga qaratamiz.

Bu ma’nodoshlardan kimsa so‘zi salbiy ma’noda qo‘llanishi mumkin. “Izohli lug‘at”da berilgan misollarda ijobiy-neytral ma’noda ishlatilgan. Inson so‘zida boshqa ma’nodoshlariga nisbatan ulug‘vorlik, yuksaklik bor. Ammo uni ham salbiy ma’noda qo‘llash mumkin: “Xo‘, inson, bu nima noma’qulchilik, tilsiz jonivorda nima qasdingiz bor?!”

Inson so‘zi o‘rnida ko‘p hollarda odam so‘zini ishlatish mumin. Lekin kishi, shaxs, kimsa so‘zlarining o‘z xos o‘rinlari bor (Deylik, shaxs jamiyat bilan bog‘liq hollarda, kishining o‘zligini namoyon etishi kabi vaziyatlarda qo‘llanadi). Masalan:

  1. Inson zoti (odamzot) qadam qo‘ymagan orolcha topildi.
  2. Har bir inson (odam, kishi) ta’lim-tarbiyaga jiddiy e’tibor qaratishi kerak. (Bu o‘rinda inson yoki odamdan ko‘ra kishi so‘zini ishlatgan ma’qul. Ammo inson va odam so‘zini ishlatish ham xato emas.)
  3. Inson – aziz, inson – mukarram. (Bu o‘rinda hatto odam so‘zini ishlatish ham unchalik to‘g‘ri emas. Boshqa sinonimlarni esa mutlaqo ishlatib bo‘lmaydi.)

 

Inson so‘zini qo‘llash xato bo‘lgan o‘rinlar ham bor. Masalan:

  1. Alp Er To‘nga – tarixiy shaxs. (Bu o‘rinda ma’nodoshlardan faqat shaxs so‘zini ishlatish mumkin.)
  2. Er kishi ayoliga yumshoq muomala qilishi kerak. (Bu o‘rinda boshqa sinonimlarni qo‘llab bo‘lmaydi.)
  3. Faqat jig‘ildonini o‘ylaydigan kimsalar daraxtlarni kesib, pullab yubordi. (Bu o‘rinda kimsa so‘zini qo‘llash eng to‘g‘risidir.)

 

Endi hozir muomalada yo‘l qo‘yilayotgan xatolarga e’tibor qaratamiz:

  1. Ayni damda bir insonimiz qo‘ng‘iroq qilib, bizga bog‘landilar.

Bu gapni “Hozir bir muxlisimiz (tinglovchimiz, tomoshabinlarimizdan biri) qo‘ng‘iroq qilib, bizga bog‘landilar”, deb ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu ifodaning boshqa ko‘rinishlari ham bor. Masalan, “Bir insonimiz keldilar”, “Tejamkorlikning ahamiyatini to‘g‘ri anglagan insonlarimiz isrofdan tiyiladilar”. Birinchi misolda bir so‘zini ham olib tashlab, mehmonimiz, biz kutgan kishi, ikkinchi misolda esa kishilar yoki so‘zni to‘la qisqartirib to‘g‘ri anglaganlar deyish mumkin.

Izoh: inson hech kimniki bo‘lmaydi. Shunday ekan, insonim, insoning, insoni, insonimiz, insoningiz, insonlari deyish xato. Qadrdli insonim deb yozish o‘rniga qadrdonim yoki azizam deyish to‘g‘ri va mantiqli.

  1. Tadbirga juda ko‘p insonlar keldi. Bu jumlada eng mos so‘z kishidir. -lar qo‘shimchasi ham ortiqcha, chunki ko‘p so‘zida ko‘plik ma’nosi ifodalab bo‘lingan. Yoki odam so‘zini ham ishlatish mumkin.

Endi shu jumlaning sal o‘zgargan shakliga e’tibor qaratamiz: Tadbirga juda ko‘p taniqli insonlar keldi. Bu o‘rinda ham eng to‘g‘ri tanlov kishi so‘zidir: Tadbirga juda ko‘p taniqli kishilar keldi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.