Yili va yilda

0
41
marta ko‘rilgan.

Voqea-hodisaning tarixi bo‘ladi. Tarixning muhim jihatlaridan biri – sanalardir.

Yillarni ifodalashda “yili” va “yilda” so‘zlari qo‘llanadi. Masalan, 2019 yili yoki 2019 yilda. Men ko‘pincha 2019 yili deb qo‘llayman. Chunki sanadan keyin yana -da qo‘shimchali so‘z kelishi mumkin va takror paydo bo‘ladi. Masalan:

2018 yilda korxonamizda yangi bo‘lim ish boshladi.

Yoki:

Erkin Vohidov 1936 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan.

Mana shunday o‘rinlarda yili deb qo‘llagan ma’qul.

Yil va kun birgalikda yaxlit sanani bildirsa, -da ishlatiladi. Masalan:

Erkin Vohidov 1936 yil 28 dekabrda Oltiariq tumanida dunyoga kelgan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi gapda ikkita -da qo‘shimchasi ketma-ket kelib qoldi. Bunday hollarda 1936 yil 28 dekabr kuni, degan ma’qul.

Yil va kun birga kelganda yil ishlatiladi, yili emas. Masalan, 1936 yili 28 dekabrda deyish xato.

Kun biror yilga tegishli ekani bildirilganda qaratqich qo‘shimchasi (-ning) ishlatilishi ham, ishlatilmasligi ham mumkin. Agar kun sanasi aniq ko‘rsatilsa, -ning ishlatiladi, noaniq bo‘lsa, tushirib qoldirsa bo‘ladi:

  1. 1936 yilning 28 dekabrida.
  2. 1936 yil(ning) dekabrida.

Bu qoidalarga doim amal qilish shart emas. Ba’zi o‘rinlarda yilda deb ishlatish o‘rinliroq bo‘ladi. Qay birini ishlatishni jumla va umumiy mazmun (kontekst)dan kelib chiqib belgilaysiz.

 

Orif Tolib

Oldingi sahifa-ni va -ning qanday farqlanadi?
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.