“Agar baxtli hayotga erishmoqchi boʻlsangiz…”

0
2549
marta koʻrilgan.

Albert Eynshteyndan hayotiy saboqlar

 

Albert Eynshteyn buyuk olim, bir qator olamshumul fizik qonuniyatlar kashfiyotchisi, bir nechta ilmiy asarlar muallifi sifatida tarixda nom qoldirgan. Uning dono fikrlari, hikmati soʻzlari ham mashhur. Dunyo koʻrgan donishmand olimning hayotiy tajribalari, tavsiyalari sizu bizga ham foyda berishi shubhasiz.

 

  1. Barchamizda iqtidor bor. Lekin baliqni daraxtga tirmashib chiqish qobiliyati bor-yoʻqligi masalasida muhokama qilsangiz, u oʻzini bir umr lapashang his qilib oʻtadi.
  2. Men hamma bilan bir xil muomala qilaman. Xoh u farrosh boʻlsin, xoh – universitet rektori.
  3. Tasavvur bilimdan koʻra koʻproq ahamiyatga ega. Bilim biz hozir biladigan va tushunadigan narsalargagina tayanadi. Tasavvur esa butun olamni va biz qachonlardir tushanadigan, bilib oladigan narsarni ham qamraydi.
  4. Mantiq sizga A nuqtadan B nuqtaga borib olishingiz uchun yordam beradi. Tasavvur esa butun dunyoni kezishingiz uchun qanot bagʻishlaydi.
  5. Odam yosh boʻlgan paytda yolgʻizlik – azob, lekin kamolotga yeta borgani sari uning ilhombaxsh kuchi ortadi.
  6. Buyuk aqllar hamisha oʻrtacha aqllarning shiddatli qarshiligiga duch keladi. Chunki oʻrtacha aql egalari eskicha fikrlashdan yiroq, oʻz salohiyatidan mardona va halol foydalanadigan kishilarni qabul qila olmaydi.
  7. Buyuk shaxslar goʻzal nutqlar vositasida emas, oʻz mehnatlari va ularning natijalari orqali shakllanadi.
  8. Agar bolalaringiz aqlli boʻlishini istasangiz, ularga ertaklar oʻqib bering. Agar yanada aqlliroq boʻlishlarini xohlasangiz, undanda koʻproq ertak oʻqib bering.
  9. Bilimni oʻzlashtirish qobiliyatimdan koʻra fantaziya qobiliyatim men uchun qadrliroq.
  10. Erishgan barcha yutuqlarim alohida aql sohibi ekanimdan emas. Men masalalarni yechishda uzoq vaqt taslim boʻlmayman.
  11. Muvaffaqiyatga erishish uchun emas, hayoting maʼno kasb etishi uchun intil. Odamning hayoti boshqalar hayotini qay darajada goʻzal va mazmunli etganiga qarab ahamiyatlidir.
  12. Bizni ezgu oʻy va amallarga yoʻllovchi yagona vosita – buyuk va maʼnaviy pokiza insonlar timsolidir. Odamga biror narsani oʻrgatishning yagona oqilona yoʻli – misol keltirishdir.
  13. Shuhratim oshgani sari siyqalanib boryapman. Afsuski, bu – juda keng tarqalgan holat.
  14. Hech qachon xato qilmagan odam biror-bir yangi narsani hech qachon sinab koʻrmagan boʻladi.
  15. Agar mavzuni oson tushuntira olmasangiz, demak uni yetarli darajada bilmaysiz.
  16. Agar odam jazodan qochish yoki mukofot olish uchungina tartib-qoidalarga rioya qilsa, buning hech bir yaxshi jihati yoʻq.
  17. Aqliy oʻsish tugʻilgandayoq boshlanishi va faqat oʻlim paytidagina toʻxtashi kerak.
  18. Bizning dunyoimiz yashash uchun xavfli joy. Ayrimlar yomonlik qilayotgani uchun emas, qolgan barcha buni jim kuzatib turgani uchun.
  19. Tabiatga yaxshilab nazar soling, shunda koʻp narsalarni chuqurroq anglaysiz.
  20. Birinchi galda oʻyin qoidalarini yaxshilab oʻrganib olish zarur. Shundan soʻng boshqalarga oʻxshamagan holda oʻynay boshlaysiz.
  21. Men hamisha shunday fikrdaman: mening ichki va tashqi hayotim olamdan oʻtib ketgan va hozir tirik boʻlgan boshqa odamlarning fikrlari, ishlariga asoslangan. Men ulardan olgan va olayotgan darajada oʻzimdan maʼnaviy meros qoldirishim kerak.
  22. Bilim bu – maktabda oʻrgatilgan hamma narsa esingdan chiqib ketgandan keyin oʻzingda qolgan narsalardir. Savol berishdan toʻxtamaslik juda muhim. Qiziquvchanlik odamga bejiz berilmagan. Chegaralarini bir marta kengaytirgan idrok hech qachon eski joyiga qaytmaydi.
  23. Biz muammoni yaratgan fikrlash tarzimiz bilan uni hal eta olmaymiz.
  24. Agar baxtli hayotga erishmoqchi boʻlsangiz, odamlarga yoki narsalarga emas, maqsadlarga bogʻlangan boʻlishingiz kerak.
  25. Oʻzingni xursand qilishning eng yaxshi yoʻli – boshqa birovga quvonch baxsh etishdir.
  26. Baʼzida bir savol meni oʻylantirib qoʻyadi: men ahmoqmanmi yoki mendan boshqa hamma?
  27. Tinchlikka kuch bilan erishib boʻlmaydi. Uni faqat murosa bilangina qoʻlga kiritish mumkin.
  28. Kichik ishlarda haqiqatdan koʻz yumadigan kishiga muhim ishlarni topshirib boʻlmaydi.
  29. Ommaga ergashgan odam undan oʻzib ketolmaydi. Oʻz ongi bilan harakat qiladigan kishi esa hech kimning oyogʻi yetmagan manzillarga bora oladi.
  30. Intuitsiya – ilohiy neʼmat, mulohazali aql – sodiq xizmatkordir.
  31. Faqat aqlimga tayanganimda, birorta kashfiyot qila olmagan boʻlardim.
  32. Zakovat oʻqish-oʻrganish emas, unga erishish yoʻlidagi harakatlar mevasidir.
  33. Men hech qachon kelajak haqida oʻylamayman. Axir u shu yerda va hozirning oʻzida roʻy beryapti.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 7-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.