Axloq va hayot bir butundir

0
138
marta ko‘rilgan.

Tomas Mann hikmatlaridan

 

Atoqli olmon adibi va publitsisti, adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori. 1901 yili ilk romani “Buddenbroklar” bosilib chiqadi va unga katta shuhrat keltiradi. Aynan shu asari uchun yozuvchi 1929 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

“Qirol oilasi a’zosi”, “Iosif va uning og‘alari”, “Lotta Veymarda”, “Doktor Faustus”, “Sehrli tog‘lar” kabi romanlari, bir qator qissa va hikoyalari bor.

 

  • Agar biror fikr butun vujudingni qamrab olgan bo‘lsa, u seni har qadamda ta’qib etadi, hatto havoda ham uning hidini sezasan.
  • Azob-uqubat ko‘rmagan odam bir umr yosh bola bo‘lib qolaveradi.
  • Axloq va hayot bir butundir. Axloq hayot tirgagi, axloqli odam hayotning chinakam fuqarosidir.
  • Axloq, shubhasiz, hayotda eng muhimidir.
  • Barcha istak va harakatlarimiz asablarimizning ehtiyojlari sabab dunyoga keladi. Bu ehtiyojlarni so‘z bilan ta’riflash qiyin.
  • Baxt va muvaffaqiyat – o‘zimizda, ichimizdadir.
  • Ba’zi odamlar bilan yashash qiyin, lekin ularni tashlab ketish ham oson bo‘lmaydi.
  • Bizning qo‘rquvimiz – dushmanlarimiz mardligining manbasidir.
  • Vaqt undan foydalanib aqlliroq, yaxshiroq, pishiqroq va mukammalroq bo‘lishimiz uchun berilgan qimmatbaho sovg‘adir.
  • Vaqtni qo‘lingda tut! Har bir soat, har bir daqiqani asra. Nazorat qilmasang, kaltakesakday sirg‘alib qochib ketadi. Har bir lahzani halol va munosib amallar bilan beza! Vaqtga salmoq, mazmun va nur bag‘ishla.
  • Qo‘pollik sizni istagan odam bilan bir joyga qo‘yadi; faqat adabgina masofa hosil qila oladi.
  • Mukammallik katta quvonch olib keladi.
  • Mutlaqo begona odamlarning bir-biriga “sen” deb murojaat qilishi yovvoyilik, qoloqlik, odobsizlik belgisidir. Men buni jinimdan battar yomon ko‘raman. Chunki bu, mohiyatiga ko‘ra, sivilizatsiyaga va insoniyat taraqqiyotiga surbetlarcha, vijdonsizlarcha qarshi yo‘naltirilgandir.
  • Nahotki men hayotni, bu toza, shafqatsiz va qudratli hayotni yomon ko‘rgan bo‘lsam? Bekor gap. Tushunmovchilik bu. Men uni yenga olmaganim uchun o‘zimni yomon ko‘rganman, xolos.
  • Nuqsonni yoqlash bilan fazilatlar haqorat qilinadi.
  • Oilada hamma bir-birini himoya qilishi kerak, aks holda ko‘rguliklar eshik qoqib keladi.
  • Orzular ushalganda eng yaxshi narsalar ortda qoladi.
  • San’at insonning ezgulikka, haqiqatga, komillikka g‘ayriixtiyoriy va azaliy intilishining eng go‘zal, eng qat’iy, eng quvonchli va ezgu timsolidir.
  • Urush – tinchlik davridagi muammolardan qo‘rqoqlarcha qochishdir.
  • Faqat o‘limgina azob-uqubatlarni hurmatlashga o‘rgata oladi.
  • Xunuk holatlarni ham o‘z foydasiga uyalmay o‘zgartira olish yashovchanlik qobiliyatidi belgisidir.
  • Hayotdan ko‘ra nogigiyenik narsa yo‘q.
  • Shoir ijodiy to‘qimalari sabab emas, ilohiy iqtidor tufayli dunyoga keladi.

 

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 3-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.