Bir usulli polvon

0
1747
marta koʻrilgan.

Kurashchi boʻlishni judayam istaydigan bir bola bor edi. Taqdirning sinovini qarangki, u avtohalokatda chap qoʻlidan ayrildi. Ota-onasi koʻngli oʻksimasin deb bolani bir murabbiyga topshirdi. Ammo bechora bolaning kayfiyati juda tushkun edi, umuman polvon boʻla olmayman degan gap xayoliga oʻrnashib olgandi. Ustozi, agar u yetarli darajada shugʻullansa, hatto chempion ham boʻlishi mumkinligini aytdi. Bola bu gapga u qadar ishonmadi-yu, lekin yuragida umid uchqunladi.

Ustoz birinchi darsda unga oʻng qoʻli bilan raqibni tutib, ustidan oshirib yerga urishni oʻrgatdi. Ammo ikkinchi, uchinchi va undan keyingi darslarda ham faqat shu xilda shugʻullanishdi.

Bola bir xil harakatni qaytara­verishdan zerikdi. Bir kuni ustoziga bu usulni yaxshi oʻzlashtirib olganini, boshqa usullarni oʻrganmoqchiligini aytdi. Ustozi esa bunga rozi boʻlmadi.

– Bu usulni eng zoʻr darajada bajaradigan polvon sen boʻlishingni istayman, – dedi u.

Bola bir harakatni takrorlayverib, hadisini oldi, uni juda tez bajarishni oʻrgandi. Biroq boshqa usullarni hozircha bilmasdi.

Bir kuni ustozi uni musobaqaga yozdirdi. Bola bu xabarni eshitib, esankiradi:

– Raqiblarim birinchi urinishdayoq meni agʻdarishsa kerak, – dedi.

Ustozi esa:

– Sen bilganingni amalda qoʻlla, shuning oʻzi yetarli, – deb taskin berdi.

Bola ilk olishuvda raqibini qiyinchiliksiz yengdi. Keyingi raqiblarni ham magʻlub etdi. Holbuki, bittagina usulni ishlatayotgandi. Ammo negadir raqiblari unga qarshilik koʻrsata olmasdi. Finaldagi raqibining gavdasi undan ikki baravar katta edi, shunga qaramay, uni ham yiqitdi.

Bolaning qalbi sevinchu hayratga toʻla edi. Shunday kuchli polvonlar menday bitta qoʻli yoʻq raqibga qanday qilib osongina magʻlub boʻlyapti deb oʻylardi u. Ustozi bu holga tushuntirish berdi:

– Oʻgʻlim, sen qoʻllayotgan usul kurashdagi eng zoʻr usullardan biri. Unga qarshi turishning bitta yoʻli bor: raqibning chap qoʻlini tutib olish kerak…

 

Orif TOLIB tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 8-sonida eʼlon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.