Chorsu maydonidagi rasm

0
372
marta ko‘rilgan.

Usta bir rassomning shogirdi tahsilni tamomladi. Bitiruvchisini kuzatishdan oldin yana bir saboq berishni istagan ustoz unga shunday dedi:

– Eng oxirgi ishlagan rasmingni shaharning eng gavjum joyiga il. Yonida qizil qalam va qog‘oz qoldir. Iltimosnoma yozib qo‘y, odamlar o‘ziga ma’qul tushmagan jihatlarni shu qog‘ozga tushirib ketsin.

Ustozining aytganlarini bajargan shogird bir necha kundan so‘ng rasm ilingan joyga – Chorsu maydoniga bordi. Odamlar alohida qo‘yilgan qog‘ozni to‘ldirib, rasmning o‘ziga ham tanqidlarini yozishibdi. Shogird tushkun kayfiyatda ustozining oldiga keldi. Ustoz esa xafa bo‘lmasligini, shu rasmni boshqatdan chizishini aytdi. Rasm tayyor bo‘lgach, yana shaharning eng gavjum joyiga ilishni buyurdi. Faqat bu safar surat yoniga bo‘yoqlar jamlanmasi va qalam-cho‘tka qo‘yishni, yoniga ma’qul bo‘lmagan o‘rinlarni tuzatishni so‘rab iltimosnoma yozishni topshirdi.

Shogird bir necha kundan so‘ng hayajon ichida Chorsu maydoniga bordi. Rasmga umuman teginilmagan edi. Sevinchi ichiga sig‘magan shogird ustozining yoniga juda xursand holda keldi.

– Birinchi gal ko‘rding: odamlarga imkon berilsa, o‘ylamay-netmay tanqid qilishni qotirishadi, – dedi ustoz. – Hatto rassomlikdan mutlaqo xabarsiz kishilar ham rasmingni qoraladi. Ikkinchi safar esa ulardan aniq dalil, amaliy harakat so‘rading. Har qanday kasbda, xususan, rassomlikda ham qobiliyat va tarbiya kerak. Shu sababli ham hech kim o‘zi bilmagan narsani tuzatishga jasorat eta olmadi. Demak, yodingda bo‘lsin:

– Mehnat-mashaqqatlaringning haqi yoki mukofotini qilgan ishingni tushunmagan odamlardan ololmaysan.

– Qadringni bilmaganlarga jon kuydirib, mehnatingni sarflama.

– Bilmaganlar bilan aslo tortishma.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Ma’rifat” gazetasida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.