Eng yaxshi dars

0
716
marta ko‘rilgan.

Bir kuni ustoz va shogird sayrga chiqishdi. Go‘zal tabiat, ochiq havo, kengchilik. Xullas, ko‘ngil yayraydigan manzara.

Ular sayr qilib yurarkan, shudgor qilingan bir paykal oldidan o‘tishdi. Bir dehqon egat olish bilan band edi. Dala chetiga eski etik va yamoqli kamzul yechib qo‘yilgandi. Ikkalalari ham bu buyumlar kambag‘al dehqonga tegishli ekanini fahmlashdi.

Talaba hazillashgisi kelib:

– Ustoz, anavi kiyimlarni olib, bir joyga berkitib qo‘yaman. Keyin panaga o‘tib, dehqon qanday yo‘l tutishini kuzatamiz. Nima deysiz? – dedi.

– Ko‘rganlaringdan zavqlanishni istaysanmi? Unda bunday qila qol. Sen boysan, o‘zingga to‘qsan. Yaxshisi, etiklarga pul solib qo‘y. Keyin panaga o‘tib kuzatamiz, dehqon nima qilarkan?” deb taklif kiritdi ustoz.

Shogird rozi bo‘ldi. Etikning ikkala poyiga ham bir dastadan pul tiqdi. So‘ng ustoz-shogird chetga o‘tib kuzata boshladi.

Dehqon ishini tugatgach, kiyimlarini kiygani keldi. Etigini oyog‘iga ildi, nimadir tiqilganini sezib, yechib ichiga qaradi. Qaradi-yu, hayratdan dong qotdi – pul! Bir dasta pul! Ikkala etikda ham! Tevarak-atrofga ko‘z tashladi, hech kim yo‘q. U o‘zida yo‘q shod edi. Dehqon Yaratganga shukrlar aytdi, cho‘k tushib, xotini qattiq xastalanib, oila yo‘qchilikdan qiynalib turgan bir paytda g‘oyibdan ko‘mak bergan saxovatli kishini chin dildan duo qildi.

Ustoz shogirdiga qaradi. Uning ko‘zlaridan yoshlar quyilardi. Ustoz so‘radi:

– Istagan narsangni oldingmi?

– Albatta! Bu menga bergan darslaringizning eng yaxshisi bo‘ldi, – dedi shogird.

 

Orif TOLIB tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 5-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.