Mehr go‘zallikdan ustundir

0
108
marta ko‘rilgan.

Heynrix Heyne hikmatlaridan

 

  • Ayollarning nafrati ham muhabbat – faqat yo‘nalishi o‘zgargan.
  • Ayolni gulga ilk bor qiyoslagan kishi shoir edi, ikkinchi bor o‘xshatgan esa – merov.
  • Aqlli kishilar ichida fikrlaydi, ahmoqlar esa hammaga e’lon qiladi.
  • Auffenbergni o‘qimaganman. Menimcha, u Arlenkurga o‘xshasa kerak. Uniyam o‘qimaganman.
  • Axloq – yurakning oqilligidir.
  • Barcha sog‘lom odamlar hayotni sevadi.
  • Bahorning latofati ko‘pincha qishda bilinadi – pechka yonida o‘tirib may haqida she’rlar yozasan.
  • Bekorchi odam to‘kis baxtni his qila olmaydi, uning yuzida hamisha norozilik va hafsalasizlik alomatlarini ko‘rasiz.
  • Biz xalqning insoniy huquqlari uchun emas, ilohiy huquqlari uchun kurashamiz.
  • Bizni yig‘lata olgan dramaturgni maqtashga odatlanganmiz. Biroq bu ishni har qanday piyoz uddalay oladi.
  • Butun boyligimni xotinimga vasiyat qilaman. Faqat bir shart bilan: u mendan keyin turmushga chiqishi kerak. Shunda dunyoda bitta bo‘lsa ham mening o‘limimga yig‘laydigan erkak bo‘ladi.
  • Buyuk shoirlarning asarlarida ikkinchi darajali qahramonlar yo‘q. Barcha ishtirokchilar o‘z o‘rnida bosh qahramondir.
  • Buyuk ehtiros bizni ikkinchi bor yo‘qlab kelsishi mumkin, lekin uning boqiyligiga keyin ortiq ishonmaymiz.
  • Go‘zal qofiyalar ko‘pincha oqsoq fikrlarning qo‘ltiqtayog‘i bo‘ladi.
  • Yozuvchi oxir-oqibat o‘z o‘quvchisiga o‘rganadi.
  • Yoshlik fikr va o‘yda xolisdir, shu sababli u haqiqatni chuqurroq anglaydi va his etadi.
  • Iztiroblar – hatto tasavvurdagisi ham – menga og‘riq beradi.
  • Kechmish – inson qalbining vatanidir. Ba’zida oldin tuygan hislarinimizni qo‘msab qayg‘uga botamiz. Ba’zan hatto o‘tgan dardlarimizni ham sog‘inamiz.
  • Qahramonlar ketgan paytda maydonga masxarabozlar chiqadi.
  • Qilich taqib yurish urfdan qolgandan so‘ng gapga ustalik qurolini olib yurish zarur bo‘lib qoldi.
  • Men ayollarda xarakter yo‘q demagan bo‘lardim, ularda har kuni yangi xarakter bo‘ladi, xolos.
  • Men biladigan yagona go‘zallik sog‘likdir.
  • Mehr go‘zallikdan ustundir.
  • Muhabbat qalbdagi tishog‘rig‘idir.
  • Muhabbat! U barcha tuyg‘ularning ulug‘i va viqorlisidir. Lekin uning qudrati hadsiz himmat va g‘ayrishuuriy xolislik bilangina namoyon bo‘ladi.
  • Nuqson katta bo‘lsa, kamroq g‘azablantiradi.
  • Odam qancha baland bo‘lsa, kulgiga shuncha oson nishon bo‘ladi; maydalarni mo‘ljalga olish qiyin.
  • Olmon tili aslida boy, lekin so‘zlashuv tilida ana shu boylikning o‘ndan biridangina foydalanamiz. Fransuz tili esa aslida kambag‘al, lekin fransuzlar og‘zaki tilda uning bor imkoniyatidan foydalana oladi, shu bois ham amalda so‘zamollar.
  • Talantni birgina belgisida aniqlaymiz-qo‘yamiz, lekin xarakterni bilish uchun uzoq vaqt va davomli muloqot zarur.
  • Tanqidning ko‘zlari yoshdan xira tortgan paytda uning fikri ahamiyatga ega emas.
  • Tarjimon tug‘ma iste’dod egasi bo‘lishi kerak. U kitobdagi eng muhim va eng yaxshi jihatni ko‘rishi va ko‘rsata bilishi zarur.
  • Tugal nasriy asar yozish uchun she’r ilmining ham bilimdoni bo‘lish zarur.
  • To‘y musiqalari menga doim urush oldidan chalinadigan dovulni eslatadi.
  • Tumshuqbog‘ tutilgan it orqadan huradi.
  • O‘sha kunlarda menga har kim do‘st edi: ular ovqatimni, so‘nggi tiyinimni men bilan birodarlarcha bo‘lishdilar.
  • Har bir davrning o‘z masalalari bo‘ladi, ularni yechib, insoniyat olg‘a qadam tashlaydi.
  • Har bir odam – bir olam. Bu olam u bilan tug‘iladi va o‘ladi. Har bir qabrda butun bir dunyo tarixi yotibdi.
  • Har kim ahmoq bo‘lish huquqiga ega.
  • Yumorni aqlsizlar uyidan faqat panjara ajratib turadi.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 6-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.