Moʻjizaning bahosi

2
1079
marta koʻrilgan.

Tessi oʻn yoshlardagi istarali bir qizcha. U bir kuni ota-onasi ukasi haqida gaplashayotganini eshitib qoldi. Qizcha ukasi ogʻir kasal ekanini va davotish uchun ota-onasida pul yoʻqligini bildi. Oila yaqinda boshqa uyga koʻchib oʻtgan, shu sabab bir paytda uyga va muolajaga toʻlov qilishning iloji yoʻq edi. Teddini kuchli malakaga ega va shu bilan birga xizmati qimmat jarrohgina davolashi mumkin edi.

Tessining onasi yigʻlar, otasi esa umidsiz bir ohangda gapirardi:

– Teddini hozir faqat moʻjizagina qutqarib qolishi mumkin.

Bu gapni eshitib, qizcha xonasiga yugurib kirdi, gʻaladondagi qutichasini ochdi. Uning butun boyligi shu idishga jamlangan edi. Tangalarini gilamga toʻkdi-da, sanay boshladi. Adashmaslik uchun uch marta sanadi. Soʻng pullarini qutichaga solib, bor kuchi bilan dorixonaga qarab yugurdi. Tessi dorichi unga vaqt ajratishini jimgina kutib turdi. Biroq oq xalatli kishi boshqa bir kishi bilan qizgʻin suhbatlashar, xona chetidagi oʻn yashar qizchaga qarab ham qoʻymasdi. Xiyla vaqt oʻtdi. Qizcha nima qilarini bilmay, oyoqlarini bir-biriga tap-tap etkazib urdi. Biroq foydasiz. Soʻng qattiq-qattiq yoʻtaldi. Ammo bu ham naf bermadi. Nihoyat u bitta tangani olib, oynani chertdi. Nihoyat dorichi unga qaradi!

– Nima kerak senga? – dedi u asabiylashib. – Koʻrmayapsanmi, ukam bilan gaplashyapman. Atay Chikagodan kelgan, nechchi yildan beri koʻrishmagan edim.

– Men ham ukamni deb bu yerga keldim, – dedi Tessi ovozi titrab. – U judayam ogʻir kasal… Men unga moʻjiza sotib olmoqchiydim.

– Uzr, nima deding?

– Ukamning ismi Ted, uning boshida bitta yomon narsa oʻsyapti ekan. Dadam: “Uni faqat moʻjiza qutqarishi mumkin”, deb aytdi. Oʻsha moʻjiza necha pul turadi?

– Qizalogʻim, biz moʻjiza sotmaymiz. Kechirasan, senga yordam berolmayman, – dedi dorichi.

– Pulim bor, agar kam boʻlsa, yana opkelaman. Qanchaligini aytavering.

Dorichining poʻrim kiyingan ukasi choʻnqayib oʻtirdi-da, qizchani yoniga chaqirdi:

– Kel-chi, qizim, ukangga qanaqa moʻjiza kerak?

– Bilmadim, – dedi Tessi yigʻlamsirab. – Men faqat ukam kasalligini, uni operatsiya qilish kerakligini bilaman. Oyim shunday dedi. Lekin dadam unga pul toʻlolmaydi. Shuning uchun oʻzimning pulimni ishlatishga qaror qildim.

– Qancha puling bor? – deb soʻradi chikagolik kishi.

– Bir dollaru oʻn bir sent, – deb gʻoʻldiradi qizcha. – Bor pulim – shu. Bu kam boʻlsa, yana opkelaman.

Chikagolik kishi tangalarni oldi-da, qizchaning qoʻlidan tutdi. Uyiga olib borishini soʻradi:

– Hozir uylaringga boramiz. Ota-onangni, ukangni koʻrishimiz kerak. Oʻshanda unga qanaqa moʻjiza kerakligini aniqlayman.

Bu poʻrim kiyimli kishi neyroxirurgiya sohasida dovruq qozongan taniqli jarroh Karlton Armstrong edi. U jarrohlik amaliyotini mutloq tekinga qildi va Teddi tez orada uyiga soppa-sogʻ boʻlib qaytdi. Ota-ona oʻzida yoʻq xursand, biri olib-biri qoʻyib doʻxtirni maqtar, uni yoʻliqtirgani uchun Xudoga shukrlar aytardi.

– Bu doʻxtir haqiqiy moʻjiza boʻldi, gʻoyibdan keldi, – deb shivirlardi ona, – Bilmadim, bunaqa operatsiya necha pul turarkan…

Tessining yuzlariga tabassum yugurdi. U moʻjizaning bahosi qanchaligini juda yaxshi bilardi… Bir dollaru oʻn bir sent va oʻn yashar qizaloqning samimiy ishonchi.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Maʼrifat” gazetasining 2017 yil 7 iyun sonida chop etilgan.

2 Mulohaza

  1. Assalomu alaykum, sayt ijodkorlari! Saytga joylagan maqola va materiallaringizni o’qib, ochig’i, dilim yayraydi. Men “Salomatlik sirlari” gazetasining bosh muharririman. Ushbu materiallardan gazetamiz sahifalarini boyitishni juda istardim. Shu xususda kim bilan bog’lansam bo’ladi. Hurmat bilan Lobar Qandaxorova

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.