“Nodon onangni kechir, o‘g‘lim!”

0
33
marta ko‘rilgan.

Unda hali yosh edim. Bir kuni uy tozalash bilan ovora bo‘lib qolibman, kichik o‘g‘lim javonni ochib, eng yaxshi billur idishimni yerga tushirib yubordi. Qimmatbaho buyum ko‘z o‘ngimda chil-chil sindi. Dunyoni zulmat bosganday bo‘ldi, fig‘onim falakka chiqib, g‘azabdan dag‘-dag‘ titradim. Jahl ustida: “Nima qilib qo‘yding?! He, baloga yo‘liqqur! Iloyo, devor tagida qolgin, mana shu idishga o‘xshab singin senam! Onam bergan billur edi-ya! Shu uy dardisarni tozalay depman-da! E, hiqillama! Yo‘qol ko‘zimdan!” deya baqirdim. Yana nimalar dedim – esimda yo‘q. Besh-o‘n kundan keyin hatto bu voqeaning o‘zi ham yodimdan ko‘tarilib ketdi. Lekin oradan uzoq vaqt o‘tib, hayot uni yana esimga soldi.

Kenjam ulg‘aydi, oliy ma’lumotli bo‘ldi, yaxshi joyga ishga kirdi. Endi unga kelin qidirish harakatiga tushdim. O‘zi ham to‘yga harakat boshladi, dadasi bilan maslahatlashib, eski uyni yangilash rejasini tuzdi.

Ko‘p o‘tmay ustalarni olib kelishdi, haq masalasida oson til topishishdi, shekilli, ishni tezda boshlab yuborishdi. Hilviroq eski uy gupillab quladi. Shu payt qandaydir sarosima, yugur-yugur boshlandi. Ustalar bilan xo‘jayinim qulagan uy uyumi atrofida aylanar, baqir-chaqir qilar, har kim qo‘liga ilingan narsani olib chetga irg‘itardi. Ko‘nglim allaqanday ko‘ngilsizlikni sezib, behalovat bo‘ldi, hovliqib yetib bordim. Uyum ostidan ingroq va baqiriq tovushlari eshitilardi. Bechora o‘g‘lim uy tagida qolib ketibdi! Oyog‘im madorsizlandi, ko‘z oldim qorong‘ulashib, yerga o‘tirib qoldim. Keyingi voqealar elas-elas yodimda: kiyimlari kir-chir, ba’zi joylari qontalash o‘g‘limni ko‘tarib chetga olib chiqishdi, “Tez yordam” mashinasiga solib olib ketishdi.

Shuurim karaxt edi, tilim esa tinmay: “Allohim, tavba qildim… Allohim, o‘zing kechir…” deya takrorlardi. Eng suyukli, meni yeru ko‘kka ishonmaydigan, e’zozlab, ardoqlaydigan bolam, jigarporam g‘aribu notavon bo‘lib devorlar ostida qolib ketsa-ya! Birdan xayolimga yoshligim, aytgan qarg‘ishim tushdi. O‘sha so‘zni aytguncha tilim uzilsa bo‘lmasmidi, o‘sha billur idishdan mingtasi sinib-parchalanib ketsa bo‘lmasmidi!..

Ammo endi bu so‘zlardan, hasratu nadomatlardan foyda yo‘q. Holsiz, majolsiz yotgan, hatto kipriklarini ko‘tarishga ham kuchi yetmayotgan bolamning ko‘zlariga qarab ich-ichimdan faryod toshib keladi, “Men nodon onangni kechir, o‘g‘lim!” deya to‘lib-to‘lib yig‘layman. Taskin-tasallilar foydasiz. Ko‘zyoshlarim oxiri qurib bitar, lekin yuragimdagi og‘riq, afsus-nadomat bitmaydi.

Ey bo‘lar-bo‘lmasga farzandini qarg‘ayotgan onalar! Ko‘zingizni oching! Har gapga farishtalar omin deydi. Kun kelib menday hasrat chekmang, pushaymon yoshlariga g‘arq bo‘lmang! Hatto arzirli sabab bo‘lsa ham, bolangizni duoibad qilmang. Jigargo‘shangizni baloyu ofatlardan, yomonliklardan Yaratganning o‘zi asrasin…

 

Onaizor hikoyasini

Orif Tolib

oqqa tushirdi.

 

“Mo‘minalar” jurnalining 2019 yil 1-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.