Ona

0
694
marta koʻrilgan.

Rasul Hamzatov

 

Qaysargina togʻlik bolakay,

Hamma bilgan gapuqmas edim.

Soʻzga quloq solmasdim atay,

Oʻyinyoqar, ishyoqmas edim.

 

Yillar oʻtdi, hayotdan bir zum

Hayiqmadim, qoʻrqmadim hargiz.

Ammo endi yoningda oʻzim

Yosh boladay sezarman tez-tez.

 

Mana, bugun yolgʻizmiz uyda,

Sen – eng yaqin, mushfiq darddoshim.

Kaftlaringga qoʻyaman bu dam

Qirov inib oqargan boshim.

 

Onajonim, qalbimda alam,

Tashvishlarga koʻmildim butkul.

Eʼtiborim sezding juda kam,

Oʻzim bilan band boʻldim nuqul.

 

Meni tortar bagʻriga girdob,

Tashvishlarga oʻraydi hayot.

Gʻijimlaydi yuragim shu tob:

“Unutyapsan onangni, hayhot!”

 

Sen-chi, mehru shafqatga toʻlib,

Xavotirda tashlaysan nigoh.

Ogʻirgina xoʻrsinib olib,

Pinhon koʻzyosh toʻkasan goh-goh.

 

Miltillaydi koʻkda bir yulduz,

Chogʻlanadi soʻnggi yoʻl tomon.

Oppoq sochli goʻdaging shu kez

Kaftlaringga bosh qoʻyar shodon.

 

Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi

 

Ruscha tarjimani oʻqish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.