Soʻzsiz jazo

0
636
marta koʻrilgan.

Er-xotin urishib qoldi va bir-birlariga nisbatan gaplashmaslik jazosini qoʻllashdi. Kun kech boʻlganda erning esiga ertaga ish bilan boshqa bir shaharga uchib ketishi zarurligi va uchoqqa yetib borishi uchun ertalab 5:00 da uygʻonishi kerakligi tushdi. Uyqusi qattiq, uni birov uygʻotmasa boʻlmaydi. Soat yoki telefonning “xoʻroz”i qichqiraverib, kuy chalaverib ovora boʻladi, uni baribir uyqudan turgiza olmaydi.

Yagona najot – xotinidan. Biroq u xotiniga gapirib qoʻyib yutqazishni, qadrini tushirishni istamasdi. Shu bois bir qogʻozga “Iltimos, meni ertalab 5:00 da uygʻotib qoʻy” deb yozdi-da, uni xotini koʻradigan joyga yopishtirib qoʻydi.

Ertasiga uygʻonib, miriqib uxlaganini his qildi. Bir kerishib soatga qaradiyu kapalagi uchib ketdi: soat 9:00 boʻpti! Samolyot allaqachon yoʻlga chiqqan, boʻlar ish boʻlib, boʻyogʻi koʻchgan edi. Figʻoni falakka chiqdi, tepa sochi tikka boʻldi! Hoziroq xotinini topib, terisiga somon tiqqisi keldi.

Biroq shu payt yostigʻining tepasiga yopishtirilgan yorliqqa koʻzi tushdi. Unga “Dadajonisi, soat 5:00 da uygʻonishingiz kerak edi. Tez uygʻoning. Boʻlmasa kech qolasiz. Turing, turaqoling” deb yozib qoʻyilgandi.

 

Orif Tolib
tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.