Stenford universiteti

0
420
marta ko‘rilgan.

Katta yoshli erkak va ayol istiholali bir qiyofada universitet rektoratiga kirib keldi. Kiyimlarining rangi birmuncha o‘ngigan, ohori to‘kilgan edi. Ularni ko‘rgan kotiba sakrab o‘rnidan turdi-da, oldilarini to‘sdi. Qishloqiligi shundoq ko‘rinib turgan bu kishilarning Harvard universitetida nima ishlari bo‘lishi mumkin?

Er rektor huzuriga kelishganini aytdi. Kotiba rektor bugun juda bandligini, hozir ularga vaqt ayira olmasligi tushuntirdi. Ayol: “Mayli, kutamiz…” dedi-da, eri bilan chetroqqa borib o‘tirdi. Kutib-kutib, oxiri zerikishadi, deb o‘yladi kotiba, so‘ng o‘z ishlari bilan ovora bo‘ldi. Soatlar o‘tdi, lekin ikki qariya sabr bilan kutaverdi…

Nihoyat kotibaning o‘zi zerikdi. Rektorning yoniga kirib: “Ko‘rishmasangiz bo‘lmaydi shekilli, ketadiganga o‘xshashmaydi”, dedi. Boshqa chora yo‘q edi. Yosh rektor istamaygina ularni xonasiga taklif etdi. Bu holat unga yoqmagani, juda hafsalasiz ekani shundoqqina ko‘rinib turardi. Viloyatdan kelganlaru juldurvoqi qishloqilarni jinidan battar yomon ko‘rardi. Buning ustiga unday martabali kishining huzuriga tap tortmay kelishlarini aytmaysizmi? Xullas, qovog‘idan qor yog‘ar, asablari tarang edi.

Ayol darhol so‘zga kirishdi. Harvardda o‘qigan farzandlari bir yil oldin olamdan o‘tibdi. O‘g‘illari bu yerda o‘qiganda juda baxtiyor bo‘lgan ekan, shu bois uning xotirasiga bag‘ishlab universitet hududida birorta yodgorlik tiklashni niyat qilishibdi.

Bu so‘zlardan rektorning ko‘ngli yumshamadi, aksincha g‘azabi keldi. “Agar, – dedi u istehzoli tovushda, – Harvardda o‘qigan, so‘ng o‘lgan har bitta odamga yodgorlik o‘rnataversak, bu yer qabristonga aylanib ketadi-ku…”

“Yo‘q, yo‘q… – deb uning so‘zini bo‘ldi ayol. – Yodgorlik emas. Harvardda birorta bino qurishimiz mumkin”. Rektor ularning ohori to‘kilgan kiyimlariga nafrat bilan boqdi-da: “Bino deng?.. – dedi asabi o‘ynab. – Siz bitta bino qanchaga tushishini bilasizmi? Eng so‘nggi tiklagan inshootimizga yetti yarim million dollardan ko‘proq mablag‘ ketdi…”

Bu behuda suhbat endi to‘xtaydi, bedavo dardisarlardan ham qutulaman, deb o‘yladi rektor. Ayol bu gapdan so‘ng eriga qaradi va: “Bino ko‘tarish uchun boshida shuncha pul kerak ekan, xolos. Undan ko‘ra o‘z universitetimizni qursak bo‘lmaydimi?” Ayolning gapini eri bosh silkitib ma’qulladi. Rektorning yuz ifodasida esa hayrat va hayajon qorishiq edi.

Shu bilan suhbat tugadi. Jeyn va uning eri – temiryo‘lchi tadbirkor, senator, sobiq gubernator Leland Stenford Shimoliy Kaliforniyaga, Polo Alto shahriga kelib, janob rektor mensimagan o‘g‘illarining sharafiga universitet ochdilar.

O‘n olti yoshga ham to‘lmay 1884 yili dunyodan ko‘z yumgan kichik Leland Stenford sharafiga qad rostlagan bu universitet bugun dunyoning eng yirik va yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biridir.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.