Ushalgan orzu

0
1629
marta koʻrilgan.

Juda koʻp odamlar oʻzining erinchoqligi, hafsalasizligini oqlash uchun: “Endi nimayam boʻlardik, yoshimiz ham bir joyga borib qoldi”, “Sogʻligim koʻtarmaydi-da, boʻlmasa…”, “Agar unday boʻlmaganda, agar bunday boʻlmaganda” kabi bahonalarni oʻylab topadi. Bularning deyarli barchasi bekor gap. Yoshini yashab, oshini oshagan Lora Shuls hayoti koʻpchiligimizga ibrat boʻladi.

1977 yil. AQSHning Florida shtati markazi – Tallahassi shahri. 63 yoshli Lora Shuls nabirasi koʻchada chirqillab yigʻlayotganini eshitib qoladi. Chopib chiqadi. Qaysidir bir ahmoq qoldirib ketgan yuk avtomobili orqaga yurib nabirasining qoʻlini ezib qoʻyibdi. Bu pakanagina, nozikkina ayol shu paytga qadar toʻrva xaltadan ogʻirroq narsa koʻtarmagan edi. Lekin sevimli ovunchogʻiga oʻlim xavf solayotganini koʻrgach, unda favqulodda kuch paydo boʻladi, mashinaning orqa devoridan ushlab yuqoriga koʻtaradi. Ozgina erkinlikni his etgan nabira qoʻlini shu zahoti sugʻurib oladi.

Ruhshunos Charlz Garfild bu haqda gazetada oʻqib qoladi va jonfido buvidan intervyu olish uchun uni yoʻqlab keladi. U odamning gʻayritabiiy kuch-gʻayrati haqida kitob yozish uchun materiallar toʻplab yurgandi. Biroq ayol yuk mashinasi bilan bogʻliq voqeani eslashni umuman istamasligini aytadi. Garchi soʻzlashni xohlamagan boʻlsa-da, Garfildni zoʻrlab nonushtaga taklif qiladi.

Nonushtadan soʻng ruhshunos uni voqea haqida gapirishga oxir-oqibat koʻndiradi. Kampir bu hodisani eslamaslikka urinishining sababini tushuntiradi. Bu voqeadan soʻng undagi xulosalar tamoman ostin-ustin boʻlib ketibdi. Oʻzining imkoniyati haqidagi ishonchlari yanglish ekan. “Men oʻz imkoniyatlarim haqida andishalanmay shu ishni qila oldim. Shunday ekan, oʻtgan hayotimni behuda sarflabman-da”, deb oʻkinadi u.

Garfild esa uning hayoti hali davom etayotgani, orzulariga erishish uchun hozir ham fursat borligini uqtirishga urinadi. Isbot sifatida gazetalardagan qirqib olgan xabar-maʼlumotlarini koʻrsatadi. Ularda kutilmagan vaziyatlarda yuzaga kelgan yoki borligi his qilinmagan qobiliyatlarning yuzaga chiqishi toʻgʻrisida soʻz borardi. Ruhshunos bundy qobiliyatlar yoshi yoki jinsidan qatʼi nazar har kimda borligi, biroq buni hamma ham bilmasligiga Lora xonimni ishontiradi. Gap-soʻzlari va gazeta qirqimlaridagi maʼlumotlar ayolga qattiq taʼsir qilganini koʻrgan Garfild undan: “Bir umr orzu qilgan, lekin amalga oshmagan orzuyingiz bormi?” deb soʻraydi. Lora xonim yengil oʻkinch bilan: “O, boʻlmasam-chi! Men hamisha toshlarga qiziqqanman. Yoshligimda geologiyani oʻrganishni istagandim. Lekin ota-onam kambagʻal boʻlgani sababli akamnigina kollejga oʻqishga berishdi…”

Ruhshunos ayol bilan yana ozroq suhbatlashadi-da, ochiq suhbati uchun tashakkur bildirib, xayrlashadi.

Lora Shuls haqidagi tarix shu bilan tugamaydi, aksincha boshlanadi. Bir necha kundan soʻng u ruhshunosga qoʻngʻiroq qilib, geologiya bilan shugʻullanishga qaror qilgani, lekin institutga kirish uchun ancha-muncha bilimga ega boʻlish zarurligi, shu sababli uni oʻqitishga vaqt ajrata olish-olmasligini soʻraydi. Charlz Garfild esa bunday iltimosga oldindan tayyor edi.

Asta-sekin Lora Shulsning orzulari amalga osha boshlaydi. Garfilddan bir muddat saboq olgach, kollejga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshiradi. Bir necha yildan soʻng bakalavr diplomini qoʻlga kiritadi va mahalliy maktabda oʻz sevimli fani – geologiyadan dars bera boshlaydi.

Xullas, beshikdan qabrgacha ilm istash zarur. Endi kech deb oʻylayotgan boʻlsangiz, adashasiz.

 

Orif Tolib

 

“Ma’rifat” gazetasining 2015 yil 18 iyul sonida eʼlon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.