Yoʻqolgan kitob

0
1988
marta koʻrilgan.

Bugun eski kitoblar doʻkoniga kirdim-u, sevinchdan baqirib yuboray dedim. Sababi bolaligimda sevib oʻqigan, soʻng yoʻqotib qoʻygan kitobimni topib olgandim. Bu kitobni menga bobom sovgʻa qilgan edi.

Oʻsha paytlari bola boʻlsam-da, turmushimiz ogʻir kechayotganini anglab, his qilib turardim. Bobom har kuni qandaydir dorilar ichar, tashqariga koʻp chiqmas, asosiy vaqtini uyda oʻtkazardi. Deraza oldidagi suyanma kursisiga oʻtirib olib, kitob oʻqirdi…

Bobom bir kuni menga ajoyib bir ertak kitob sovgʻa qildi. Miriqib oʻqidim. Hatto ayrim ertaklarni bobomga zavqlanib aytib ham berdim. Keyin kutilmagan hodisa yuz berdi: kitob yoʻqoldi. Ichimda nimanidir sezdim: uni oʻgʻirlashdi. Uydagilardan soʻradim, hech kim koʻrmabdi.

Bugun oʻsha kitobni doʻkondagi javonda koʻrib, oʻzimda yoʻq quvonib ketdim. Uni birov olib qoʻyayotgandek, shosha-pisha, narxiga ham qaramay sotib oldim. Bitta qarashdayoq tanidim: bu – oʻsha, bobom sovgʻa qilgan, soʻng oʻgʻirlangan kitob edi. Uning ilk sahifasida menim ismim va bobomning dastxati bor edi:

“Bolam, oradan yillar oʻtib, bu kitob yana qoʻlingga tushadi va uni qayta oʻqib chiqasan deb umid qilaman.

Bobong”.

 

Orif Tolib

 

Ma’rifat” gazetasining 2015 yil 4 mart sonida eʼlon qilingan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.