Argentinada Islom

0
195
marta koʻrilgan.
Buenos Ayres. Qirol Fahd nomidagi Islom madaniyati markazi

Argentina Janubiy Amerikada maydoni boʻyicha ikkinchi, aholi soni boʻyicha uchinchi oʻrinda. Mamlakatda musulmonlar ozchilikni tashkil etadi. International Religious Freedom Report maʼlumotiga koʻra, aholining 5 foizga yaqini Islom diniga eʼtiqod qiladi. The Pew Research Centre 2010 yilgi hisob-kitoblarga koʻra Argentinada bir million atrofida musulmon yashashini aniqlagan. Islomga eʼtiqod qiluvchilar Buenos Ayres, Tukuman, Rosario va Mar del Plata shaharlarida koʻproq.

Qitʼa tuproqlariga ilk musulmonlar ispan tadqiqotchilari safida kelgan. Ular asosan Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Ispaniyadan edi. Koʻpchiligi inkvizitsiya taʼqibidan qochib, Amerikada qolib ketgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Argentinaga Yaqin Sharqdan migrantlarning katta oqimi kirib keldi.

Mamlakatda qator masjidlar va islomiy markazlar ishlab turibdi. Hududdagi ilk masjid oʻtgan asrning 80-yillarida poytaxt Buenos Ayresda qurilgan. 1996 yili bunyod etilgan Qirol Fahd nomidagi Islom madaniyati markazi masjidi Argentinadagi eng katta jomedir. Uning maydoni yigirma ming kvadrat metr. Mamlakatda oʻnta islomiy markaz ish olib boradi. Lotin Amerikasi Islom uyushmasi (IOLA) qarorgohi ham Argentinada joylashgan. U diniy targʻibot, hamkorlik aloqalari olib borishda juda faol.

Argentinada diniy bagʻrikenglik kayfiyati hukmron. Oʻlkada turli din vakillari ahil-inoq yashab kelyapti. “Argentina Independent” nashri yozishicha, mamlakatda musulmonlarga munosabat yaxshi, ular ibodatlarini emin-erkin ado etishlari mumkin.

 

Orifjon Madvaliyev

tayyorladi.

 

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil 18-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.