Chinakam futbol afsonasi

0
2153
marta koʻrilgan.

Dunyo futbolida Zayniddin Zidanning oʻziga xos oʻrni, mavqei bor. U sportchi sifatida ham, shaxs sifatida ham munosib faoliyat yuritdi. Futbolchining toʻliq ismi arabchasiga Zayniddin Yazid Zaydondir. U 1972 yilning 23 iyunida Fransiyaning Marsel shahrida tugʻilgan. «Kann», «Bordo», Turinning «Yuventus», Madridning «Real» klublarida yarim himoyachi vazifasini bajargan. Faoliyatini 2006 yilda tamomlagan. 2009 yilning 1 iyunidan Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peresning yordamchisi boʻlib ishlayapti.

 

Koʻchada oʻtgan bolalik

Zidanning naslu nasabi jazoirlik arablarga borib taqaladi. U ikki yoshga toʻlganda oila Jazoirga koʻchib ketadi, keyin yana Marselga qaytib keladi. Oilada Zidandan tashqari yana toʻrt nafar farzand bor edi: singlisi Lila, ukalari Jamil, Farid va Nordin. Boʻlajak futbol yulduzining birinchi toʻpi plastik butilkalar – bokalajkalar boʻlgan. Yosh Zayniddin dzyudo, velosiped poygasi kabi sport turlari bilan ham shugʻullangan boʻlsa-da, isteʼdodi aynan futbolda namoyon boʻldi. Uning dastlabki jamoasi Marsel shahrining chetidagi mahalla bolalaridan iborat edi. Bu yerda asosan Marokash va Jazoirdan koʻchib kelgan aholi istiqomat qilardi. Keyinchalik futbolchining onasi oʻsha davrlar haqida shunday eslagandi: «Yetti yashar Zidan maktabdan qaytishi bilan sumkasini otardi-da, toʻpini qoʻltiqlab ukalari va oʻrtoqlari bilan futbol oʻynagani uyimiz yaqinidagi maydonchaga chiqib ketardi. Maydoncha chetida goʻsht doʻkoni boʻlar, uning atrofida yugurish esa qattiq taqiqlangandi. Shu bois men uni doim kuzatib oʻtirardim. Zidanni uyga olib kelish eng ogʻir yumush edi, uyga kelgandan keyin ham futbol davom etardi. Singan chiroqlarimizning hisobi yoʻq».

 

Professional futbolga qadam

Oila katta va kambagʻal edi. Zidanning otasi universamda omborchilik qilar, topgan puli eng zarur narsalargagina yetardi. Bir kuni koʻchada Zidanning futbol oʻynashini koʻrib qiziqib qolgan «Kann» klubi murabbiysi uni bolalar futbol maktabiga berishlarini soʻraydi. Oiladagi ahvolni hisobga olgan ota deyarli qarshilik koʻrsatmaydi. Murabbiy bolaning yaxshi sharoitlarda yashashi va taʼlim olishiga vaʼda beradi. «Kann» klubi mutaxassisi Jan Varro yosh iqtidor egasiga alohida eʼtibor qaratadi. 1987 yili 14 yoshli Zayniddin birinchi shartnomasini imzolaydi. Ayni shu yili u Kann kurort shahriga keladi. 16 yoshida «Kann» klubining asosiy tarkibida debyutini nishonlaydi. Zidan final hushtagiga 15 daqiqa qolganida maydonga tushiriladi.

Yosh futbolchi Elinolar oilasiga koʻchib keladi. Elinolar Kanndan uncha olis boʻlmagan Pegoma shaharchasida istiqomat qilardi. Zidan mashgʻulotlardan qaytgach, shu atrofda yashaydigan jamoadoshi Amadey Arno, uni mashinada uyiga olib keladigan jamoa mutaxassisi – Fransiya termasining sobiq oʻyinchisi Sharl Lube, Elinoning kichik oʻgʻli birgalikda futbol oʻynashardi. Elinolar boshqa koʻplab “Kann” klubi tarbiyalanuvchilariga ham turarjoy bergan boʻlsa-da, Zayniddin ularning xotirasida saqlanib qoladi. U mayda-chuyda ishlarga ham qarashib yuborar, chet mamlakatlarda oʻtkaziladigan musobaqalarga borganida xonadon egalariga turli sovgʻalar, antiqa buyumlar olib kelardi. Boʻlajak yulduz bu oilada roppa-rosa bir yil ijarada turadi.

 

Hayot imtihonlari

Zidan Kann shahrining markazida joylashgan “Mimon” yotoqxonasiga koʻchib oʻtadi. Bu joy bilan bogʻliq juda koʻp xotiralar bor. U bu yerda bir qancha doʻstlar orttirdi. Birinchi marta ichdi. Uni va jamoadoshini yotoqxonadagi sportchilar bir barga taklif etishadi. Qattiq mast boʻlib qolgan Zayniddin koʻngli aynib yotoqxona zoʻrgʻa yetib keladi. Sherigi yoʻldayoq qoladi. Bu voqeadan soʻng havaskor ichuvchilarga hayfsan eʼlon qilinadi. Mazkur aroqxoʻrlik birinchisi va oxirgisi boʻladi. Zidan qaytib umuman spirtli ichimliklarga yaqinlashmaydi. Bu narsa undagi irodaning kuchliligidan dalolat.

Fransiya termasining har bir aʼzosi Zayniddinni yaxshi koʻrardi. Oʻsha paytlarda u murabiiylarga ancha tanilib qolgandi. Zidan tengdoshlaridan texnika va jismoniy tayyorgarlik jihatidan ancha ustun edi. Oʻz ustida tinmay ishlaydigan, sarharakat va basavlat bu bolaga “Kann” jamoasining murabbiylari – dastlab Gi Lyakomb, keyinchalik Jil Rampillon saboq berdi, u bilan alohida shugʻullandi. “Zidan kam gapirardi, – deydi Lyakomb. – U diqqat bilan quloq solar va aytilganlarni bajarar edi”.

Professional futbolda Zayniddin ilk bor 1989 yilning 20 mayida maydonga tushadi. Bu paytda u hali oʻn yettiga ham toʻlmagan edi. Fransiya chempionatining soʻnggi turlaridan birida Nanta shaharchasi jamoasi bilan boʻlib oʻtgan bu uchrashuvda Zidan oʻyin tugashiga 15 minut qolganida maydonga tushadi. Toʻp oyogʻiga bor-yoʻgʻi uch marotaba tegadi xolos, lekin u oʻzini chinakam baxtli his etadi. Hatto uch martalik imkoniyatdan birida berilgan zarba darvoza toʻsiniga tegadi. Bu oʻyin uchun u chinakam maosh oladi – 6000 frankka ega boʻladi. Koʻngli togʻday koʻtarilib, gʻayratga toʻlgan yigit oilasiga sovgʻa-salom oladi. U ilk golini 1991 yilning 8 fevralida aynan ana shu “Nanta” jamoasi darvozasiga kiritadi. 1992 yilda “Kann” klubi ikkinchi dvizionga tushib qolgach, Zidan jamoani tark etadi.

 

Fransiyaning “zabt etilishi”

1992 yili “Bordo” murabbiysi Rollan Kurbis butun mamlakatga nomi ketib ulgurgan yosh iqtidor egasini oʻz klubiga qabul qiladi. Zayniddin Fransiya chempionatining dastlabki mavsumida raqiblar darvozasiga 10 ta gol kiritadi va jamoasining eng yaxshi toʻpurariga aylanadi.

Tez orada Zidanga yanada mashhurroq klub – Italiyaning “Yuventus” jamoasi eʼtibor qarata boshlaydi. Shunday qilib Fransiya futbol yulduzi 1996 yili Turinda paydo boʻladi. Bu yerda uning yirik gʻalabalari boshlanadi. 1996 yilning bahorida, hali Zidan kelmasdan turib, “Yuventus” Yevropa Chempionlar ligasi finalida Amsterdamning “Ayaks” jamoasini yengib zafar quchgan edi. Zidan kelgach, jamoa Tokioda Argentinaning “River Pleyt” klubini dogʻda qoldirib Qitʼalararo kubok egasi boʻladi. Aynan shu yili Kubok sohiblari kubogida “PSJ” jamoasi ustidan gʻalaba qozonib, Superkubokni ham qoʻlga kiritadi. Zidan “Yuventus” bilan birga ikki marta – 1997 va 1998 yillarda Italiya chempioni boʻladi, 1997 yilda Italiya Superkubogi sohibiga aylanadi. 1998 yilda u Yevropaning eng yaxshi futbolchisi deb topilib, “Oltin toʻp” bilan taqdirlanadi. Xuddi shu yili “Dunyoning eng yaxshi futbolchisi” deb eʼtirof etiladi. Lekin bu voqealar eng katta gʻalaba – Fransiya jahon chempioni boʻlganidan keyin yuz beradi. Zidan “Yuventus” bilan 2005 yilgacha shartnoma imzolgan boʻlsa-da, 2001 yili dunyo yulduzlarini jamlagan Madridning “Real” jamoasiga oʻtadi.

 

Dunyo futbol yulduzi

Zidan “Real”ga oʻsha paytdagi rekord transfer – 75 mln. yevro evaziga keladi. “Real”da ham jamoaning yetakchi oʻyinchilaridan biriga aylanadi. Zidan Luish Figu bilan birga hujumlarni tashkil etardi. 2001 – 2002 yilgi mavsumda u jamoasining Chempionlar ligasida gʻalaba qozonishiga munosib hissa qoʻshadi. Final oʻyinida Roberto Karlos oshirib bergan toʻpni Liverkuzenning “Bayer” jamoasi darvozasiga ajoyib tarzda kiritadi. 2002 – 2003 yilgi mavsumda “qirollik klubi” bilan birga Ispaniya chempioni boʻladi.

1994 yilning 17 avgustida Zizu ilk bor milliy terma jamoa libosida maydonga tushdi. Oʻrtoqlik uchrashuvida Chexiya termasidan fransuzlar 0:2 hisobida magʻlubiyatga uchrayotgan bir payda murabbiy Eme Jake “Bordo”ning 22 yoshli futbolchisini maydonga tushirishga qaror qiladi. Bu xulosa oʻyinda kutilmagan burilish yasaydi – Zidan ikki daqiqa ichida – 80-82 minutlarda ikkita gol kiritib hisobni tenglashtiradi. 1996 yili u ilk bor yirik xalqaro musobaqada – Angliyada oʻtgan Yevropa chempionatida qatnashadi. Oʻshanda Fransiya yarim finalgacha boradi, biroq penaltilar seriyasida Chexiyaga imkoniyatni boy beradi. Lekin oradan ikki yil oʻtib Fransiyada oʻtgan jahon chempionati Zidanning hamyurtlari uchun omadli keladi. Braziliya termasiga qarshi kechgan final bahsida Zizu ikkita gol sohibi boʻladi. 2000 yili Belgiya va Gollandiyada oʻtgan Yevropa chempionatida sardorlik bogʻichi ostida maydonga tushadi.

2002 yili Yaponiya va Janubiy Koreya maydonlarida oʻtgan jahon chempionatida Fransiya oʻz “chempionlik kamarini himoya qilishi” kerak edi. Zidan jarohat olgani sababli maydonga tusha olmaydi. Dastlabki ikki oʻyin kutilmagan natija bilan tugaydi. Fransiya termasi Mundialning debyutanti hisoblangan Senegaldan 0:1 hisobida magʻlubiyatga uchraydi, Urugvay bilan esa 0:0 hisobida durangga rozi boʻladi. Zayniddin jarohati bitmay turib daniyaliklar bilan boʻladigan hal qiluvchi oʻyinda maydonga tushadi. Lekin bundan naf chiqmaydi, 0:2 hisobida imkoniyat boy beriladi.

Zidan juda koʻp xalqaro musobaqalarda, eng zarur pallada raqiblar darvozasiga hal qiluvchi gollarni kiritgan, jamoa yaxshi oʻyin koʻrsatishiga katta hissa qoʻshgan.

 

Futbol bilan xayrlashuv

Germaniyada boʻlib oʻtgan 2006 yilgi jahon chempionatining final bahsida Zidan Italiya terma jamoasi oʻyinchisi Marko Materatssiga qoʻpollik ishlatgani uchun maydondan chetlatiladi. Shu paytgacha zoʻrgʻa himoyalanib turgan italyanlar oʻyin jilovini oʻz qoʻllariga oladi. Zidanning mazkur xatti-harakatlari juda koʻp munozaralarga sabab boʻldi. Koʻpchilik uni yoqladi, ayrimlar esa aybladi. Biroq oʻsha kuni oʻyin paytida tomoshabinlar Zidanni, uning jamoasini qoʻllab-quvvatlab turdi. Italyanlar toʻpga ega chiqishi bilanoq stadion hushtak-baqiriqlarga toʻldi, fransuzlar hujum boshlaganida esa olqishlar yogʻildi. Deyarli butun stadion nomusli fransuz yigiti Zidanning jamoasi gʻolib chiqishini chin koʻngildan istar edi. Biroq bunday boʻlmadi. Fransiya termasi penaltilar bahsida imkoniyatni boy berdi. Baʼzida yutqizib turib ham yutish mumkin. Koʻngli, vijdoni butun ShAXSlar koʻpincha zohiran yengilsa-da botinan yengadi.

Oʻsha uchrashuvdan keyin Zidan futbolchilik faoliyatini yakunladi.

Zidan futbol bilan xayrlashdi, xolos, vidolashgani yoʻq. Professional faoliyatini murabbiy boʻlib davom ettiryapti. U hozir Madridning “Real” klubi prezidenti yordamchisi.

Zizu klublar safida 794 marta maydonga tushib, 156 golga mualliflik qilgan. Milliy terma jamoa safida esa 108 oʻyinda ishtirok etib, 31 ta gol urgan.

 

Sport sohasida qoʻlga kiritgan mukofotlari:

  • FIFA reytingi boʻyicha dunyoning uch karra eng yaxshi futbolchisi (1998, 2000, 2003).
  • Yevropaning eng yaxshi futbolchisi sifatida “Oltin toʻp” sohibi (1998).
  • Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida “Oltin toʻp” sohibi (2006).
  • Oxirgi 50 yil ichida UYEFAning eng yaxshi futbolchisi (2004).
  • Fransiyaning eng yaxshi yosh futbolchisi (1993).
  • Italiya A Seriyasining eng yaxshi chet ellik futbolchisi (1997, 2000, 2001).
  • Chempionlar ligasining eng nodir oʻyinchisi (2002).
  • Chempionlar ligasining eng yaxshi yarim himoyachisi (1998).
  • Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi fikriga koʻra, 2006 yilning eng yaxshi oʻyinchisi.

 

Orifjon Madvaliyev

 


“Gulxan” jurnalida chop etilgan.


 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.