Dillarni yoritgan ziyo

0
64
marta koʻrilgan.

Lui Brayl haqida eshitganmisiz? Balki bu nom hali qulogʻingizga chalinmagandir. Ushbu maqola insoniyatga juda katta maʼnaviy meros qoldirib ketgan ana shu buyuk shaxs haqida.

Lui Brayl hozirga qadar ishlatilayotgan boʻrtma-nuqtali shriftning ixtirochisidir. Bu alifbo yordamida koʻzi ojizlar ham ilm-maʼrifat egallash imkonini qoʻlga kiritdi. Brayl ajoyib musiqachi ham boʻlgan. U oʻzining alifbo tizimi asosida nota yozishni ham ixtiro qildi.

Fransiya poytaxti Parijdan 45 chaqirim masofada Kuvr degan shaharcha bor. 1809 yilning 4 yanvar kuni Simon va Monika Brayllar oilasida oʻgʻil farzand tugʻildi. Unga Lyudovik yoki qisqacha Lui deb ism berishdi. U uzoq kutilgan mehmon edi. Chunki shu paytgacha bu oilada uch nafar qiz dunyoga kelgandi.

Lui qiziquvchan bola boʻlib oʻsdi. Uning otasi sarroj – egar-jabduq ustasi edi. Bir kuni uch yashar Lyudovik otasi yoʻqligidan foydalanib ustaxonaga kiradi. Oʻtkir uchli bigizni olib teri qiyqimlarini teshishga kirishadi. Teri silliq boʻlgani sababli bigiz siypalib ketaveradi. Ana shunday holatlarning birida bigiz qoʻldan chiqib ketadi va Luining koʻziga tegadi. Dod-voyni eshitib butun oilaga birpasda yetib keladi. Biroq unga yordam berisha olmaydi. Biroz oʻtib yalligʻlanish ikkinchi koʻzga ham oʻtadi va Luining koʻzlari deyarli koʻrmaydigan boʻlib qoladi.

Bu baxtsizlik Brayllar oilasini larzaga keltirdi. Endi hamma Luining koʻnglini olishga intilar, lekin ortiqcha erkalatib yubormaslikni ham esdan chiqarmasdi. Otasi uni oʻziga sherik qilib oldi, mehnatga oʻrgatdi. Lui mum va yumshoq mato bilan terini silliqlash, ot abzali uchun popuk toʻqish va uy oyoqkiyimlari tikish bilan shugʻullana boshladi.

Lui uy ishlariga ham yordamlashardi. Onasiga qarashar, dasturxon tuzay olardi. Eratalablari suv tashib keltirardi. Yoʻl toshloq boʻlgani sababli qoqilib, ogʻir chelaklar bilan yiqilib tushar, suv toʻkilib, yana quduqqa borib kelishga majbur boʻlardi.

U juda iqtidorli edi. Tez orada hid va tovushlar yordamida moʻljalni aniq oladigan boʻldi. Bir kuni otasi unga hassa yasab berdi va u hassa bilan yoʻl topishni oʻrgandi.

Luining yuragida musiqaga muhabbat juda erta uygʻondi. Otasi unga qishloq ustasidan skripka olib berdi. Mahalliy musiqachilardan biri esa sodda kuylarni chalishni oʻrgatdi.

Lui olti yoshga toʻlgach, otasi unga xat-savod oʻrgata boshladi. Janob Brayl tekis taxtaga mixchalarni harflar shaklida qoqib chiqdi. Natijada boʻrtma alifbo paydo boʻldi. Mixchalarning yumaloq qalpoqchalarini barmoqlar juda yaxshi his qilar edi. Koʻp oʻtmay Lui harf taniy oladigan darajaga yetdi. Albatta, bunday imlo usulida yozishning imkoni yoʻq edi. Lekin u xayolida harflardan alohida soʻzlarni va hatto gaplarni ham tuzardi.

Luining quvvai hofizasi – xotirasi juda kuchli edi. U opalari oʻqib bergan ertaklarni tezda yodlab olar va tengdoshlariga aytib berardi.

Lui mahalliy maktabga qatnay boshladi. U yerdagi muallim shu paytgacha koʻzi ojiz bolalarni oʻqitmagan, shu sababli bu bolaning oʻqishni eplab ketishiga uncha ishonmasdi. Uzoq ikkilanishlardan soʻng u Luining darsga kelishiga ruxsat berdi.

Yangi oʻquvchi favqulodda xotiraga ega edi, u oʻqituvchisining soʻzlarini diqqat bilan eshitar va yodlab olardi. Boshqa bolalar daftarda yechishga qiynalayotgan masalalarni xayolida osongina yechib qoʻya qolardi.

Lui oʻn yoshga toʻldi. Uning kelajagiga qattiq qaygʻuradigan mehribon bir inson – janob Kyure Parijda Koʻzi ojiz bolalar uchun qirollik instituti borligidan xabar topib, markizu d’Orviyga murojaat qildi. Markiz boy va eʼtiborli kishi edi. U Parijdagi ilm dargohiga xat yozib berdi va bir necha kundan soʻng Lui oʻqishga qabul qilingani haqida maktub keldi.

Bu xabardan Luining boshi koʻkka yetdi, biroq ota-onasi xavotirga tushdi. Axir Parij Kuvrdan bir necha oʻn chaqirim narida boʻlsa, Lui u yerda oʻzi yolgʻiz yashaydi, faqat yozgi taʼtildagina keladi. U katta shaharda oilaning koʻmagisiz tura olarmikan?

Lekin Lui umuman qoʻrqmadi, ota-onasiga yolvorib rozilik oldi. 1819 yilning fevralida otasi uni Koʻzi ojiz bolalar institutiga olib keldi. Toza havoli shaharchada, yaxshi sharoit va qarovda yashagan Lui uchun bu yerdagi sharoitlar umuman qoniqarsiz edi. Lekin asta-sekin u shahar hayotiga va umumiy tartib-qoidalarga koʻnikdi.

Institutda fransuz grammatikasi va boshqa fanlarni Gayui boʻrtma-chiziqli tizimi yordamida egalladi. Gayui bu yozuv turini XVIII asr soʻngida fransuz alifbosi asosida ishlab chiqqan edi.

Lui oʻqishni jon-dilidan yaxshi koʻrardi, uni darsxonada, kutubxonada va hatto dam olish paytlari bogʻda kitob oʻqib oʻtirgan holda koʻrish mumkin edi.

1821 yili isteʼfodagi artilleriya kapitani Sharl Mari Barbye oʻquvchilarni oʻzining “tovushli” alifbosi bilan tanishtirdi. Bu imlo askarlar tunda bir-birlariga maxfiy axborotlarni yetkazishi uchun qoʻllanardi. U ovoz yozuvi usulidagi alifbo boʻlib, ikki ustunda oltitadan joylashtirilgan qavariq nuqtalar turli tovushlarni ifodalardi.

Bu paytda oʻn ikki yoshda boʻlgan Lui Braylni “tovushli” alifbo usuli qoniqtirmadi: nuqtalar juda koʻp, imlo qoidalariga eʼtibor berilmaydi, matematik ishoralar va nota belgilari esa umuman yoʻq. Ammo qavariq harflardan foydalanish gʻoyasi unga maʼqul keldi. U koʻzi ojizlar uchun qulayroq alifbo yaratish harakatiga tushdi, oʻqishda ham, uyiga – Kuvrga borgan paytlarida ham shu narsa fikru xayolini zabt etdi.

16 yoshga toʻlganida, 1824 yilning soʻngida xayoliga ajoyib bir gʻoya kelib qoldi – ikki ustunga uchtadan joylashtiriladigan oltita boʻrtma nuqtali alifbodan foydalanish kerak! Nuqtalarning orasi 2-2,5 mm boʻladi va kitobxon satrlar ustida barmoq uchlarini yurgazib mutolaa qilishi mumkin!

1829 yili Lui Brayl oʻz imlo tizimini tinish belgilari, raqamlar va nota alomatlari bilan toʻldirib, u haqida kichik ilmiy ishini eʼlon qildi. Boʻrtma-nuqtali alifboning oxirgi namunasi 1837 yili dunyo yuzini koʻrdi. Shu usulda terilgan ilk kitob – “Fransiya tarixi” xuddi shu yili nashr qilindi.

Braylning ixtirosini Qirollik institutidagi hamkasblari va oʻquvchilar qizgʻin kutib oldi. U qoʻllanilayotgan alifbolarga nisbatan juda qulay boʻlgani uchun zudlik bilan amaliyotga kiritildi.

Biroq Sharl Mari Barbye yosh ixtirochiga hasadi kelib, oʻzining “tovushli” alifbosini oʻquv dasturiga kiritishga qattiq harakat qildi. Koʻzi ojizlar institutidagi koʻzi ochiq oʻqituvchilar shu usulni maʼqul koʻrardi. Keyinchalik Brayl tizimining oʻrniga Nyu York nuqtali tizimi va Muna tizimlari taklif etildi.

Biroq asta-sekin Lui Brayl shrifti keng jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi. Koʻp oʻtmay butun dunyo boʻylab qabul qilindi.

Koʻzining oʻta xiraligi va ish yukining kattaligiga qaramay, Lui Brayl butun umr mehnat qildi, izlandi. 1828 yildan boshlab geografiya va algebra fani oʻqituvchisi, keyinroq esa musiqa muallimi boʻlib ishladi.

Lui Brayl 1852 yil 6 yanvarda vafot etdi va ona-shahri Kuvrga dafn etildi.

Odamlarga, ayniqsa, koʻzi ojizlarga mehr-muhabbatli, mehnatkash va kamtar bu inson juda katta, buyuk bir meros qoldirdi. Uning alifbosi koʻzi ojizlarning koʻzlariga nur bagʻishlaydi goʻyo. Ming-minglab koʻngillarga ilm va hikmatning nurlari ana shu harflar tufayli kirib boradi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.