Dunyo musulmonlari

0
2518
marta koʻrilgan.

Yer yuzida musulmonlar soni ortib borayotgani haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot aytib oʻtiladi. Ayniqsa, Gʻarb matbuoti bu toʻgʻrida koʻp yozadi. Xoʻsh, hozir jahonda qancha musulmon yashaydi?

Maʼlumotlarga koʻra, hozir dunyo aholisining beshdan biri (23,5 foizi), yaʼni 1,6 milyarddan ortiq kishi Islom diniga eʼtiqod qiladi. Islom dini ergashuvchilari soniga koʻra, nasroniylikdan soʻng dunyoda ikkinchi oʻrinda. 28 ta mamlakatda Islom davlat dini yoki rasmiy din maqomiga ega. Soʻnggi ellik yil mobaynida Yer yuzidagi musulmonlarning soni 235 foizga oʻsgan. XX asrda Islom dini ergashuvchilari soni boʻyicha Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH kabi mamlakatlarda ikkinchi oʻringa chiqdi. Ilmiy farazlarga koʻra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining chorak qismi, yaʼni toʻrtdan biri yoki 26,4 foizi musulmonlardan iborat boʻladi. Gʻarb mamlakatlarida musulmonlar soni ortishi kutilyapti. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar soni boʻyicha Pokiston yetakchiga aylanishi mumkin. Hozirgi oʻsish boʻyicha hisoblansa, yaqin yigirma yil ichida muslimlar soni 2,2 milyard kishiga yetadi.

Musulmonlarning 62 foizga yaqini Osiyo va Tinch okeani hududi mamlakatlarida, 35 foizi  Afrikada, 3 foizga yaqini Yevropada va 0,3 foizi Amerika qitʼasida yashaydi. “Pew Research Center” izlanishlar markazi 2011 yili eʼlon qilgan maʼlumotga koʻra, Indoneziya (205 milyonga yaqin), Pokiston (178 milyondan ortiq), Hindiston (177 milyondan ortiq), Bangladesh (145 milyondan ortiq), Nigeriya (76 milyonga yaqin), Eron (75 milyonga yaqin), Turkiya (75 milyonga yaqin), Misr (74 milyonga yaqin), Jazoir (35 milyonga yaqin) kabi mamlakatlar musulmonlar soni boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga ega.

Musulmonlar dunyoning 120 ta mamlakatida istiqomat qiladi, 49 ta mamlakatda esa aholining koʻpchilik qismini tashkil etadi. Ular 60 ga yaqin tilda soʻzlashadi. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar gaplashadigan tillar orasida arab, bengal, panjob, yavan, turk, urdu, fors, pushtun, sindhi va kashmir tillari yetakchilik qiladi.

Musulmonlarning asosiy qismi – 85 foizi sunniylik mazhabida, qolgan 15 foizga yaqin musulmon shialik tarafdori.

Yirik islomiy muassasa – Islom Hamkorlik Tashkilotiga 57 ta davlat aʼzo, ularning 49 tasi musulmon mamlakati, qolganlari esa musulmon aholisi bor oʻlkalardir.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Yillik taqvim–2014”da chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.