Egasi yoʻq muammo: imlodagi chalkashliklarga yechim kerak

0
136
marta koʻrilgan.

Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari tasdiqlangach, 1995 yili maktablar uchun qoʻllanma sifatida imlo lugʻati nashr etildi. Keyinchalik 2013 yili 85 000 dan ortiq soʻzni oʻz ichiga olgan va hozircha oʻzbek lotin alifbosidagi eng qamrovli imlo lugʻati bosmadan chiqdi. Ikki lugʻatdagi bir necha oʻnlab soʻzlar imlosida farq bor. Shu sababli foydalanuvchilar orasida turli tushunmovchilik va chalkashliklar paydo boʻlgan. 2013 yilgi lugʻat chop etilganiga ham sakkiz yil boʻlyapti. Lekin qaysi lugʻatga asoslanish kerakligi haqida haligacha aniq koʻrsatma yoʻq. Xoʻsh, bu masalani kim hal qilib beradi? Davlat tilini rivojlantirish departamentimi, OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutimi yoki Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetimi?

 

Bugun asosan ikkita lugʻatga: 1995 yili “Oʻqituvchi” va 2013 yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan lugʻatlarga koʻp murojaat qilinadi. Biroq bu ikki lugʻatda bir-birini rad qiladigan oʻrinlar bor.

Jumladan, 1995 yilgi lugʻatga sentabr, oktabr shaklida kiritilgan soʻzlar 2013 yilgi lugʻatdan sentyabr, oktyabr koʻrinishida oʻrin olgan. Umuman, 2013 yilgi lugʻat kirillcha imloni lotinchaga agʻdarish yoʻlidan borgan. 1995 yilgi lugʻat chetdan kirgan soʻzlardagi “yolashgan” unlilarda va boshqa soʻzlarda koʻproq oʻzbekcha talaffuzga yon bosgan.

Xoʻsh, bu ikki lugʻatdan qaysi biridan foydalanish kerak? Quyida ikki lugʻatda turlicha yozilgan soʻzlardan baʼzilari bilan tanishish mumkin:

 

1995 yilgi lugʻatga koʻra yozilishi

2013 yilgi lugʻatga koʻra yozilishi

Aluminiy

Alyuminiy

Brilyant

Brilliant

Budjet

Byudjet

Dirijor

Dirijyor

Dujina

Dyujina

Duym

Dyuym

Glukoza

Glyukoza

Kastrul

Kastryul

Kastum

Kostyum

Lustra

Lyustra

Miniatura

Miniatyura

Parashut

Parashyut

Regulator

Regulyator

Rejissor

Rejissyor

Verstka

Vyorstka

 

Garchi 2013 yilgi lugʻat ruscha va rus tili orqali kirgan soʻzlardagi yolashgan unlilarni aynan oʻgirish yoʻlidan borgan boʻlsa-da, kitob boshida keltirilgan imlo qoidalarida sentabr va aluminiy soʻzlari ayni shu koʻrinishda qolgan.

Ayni damda Milliy oʻquv dasturi boʻyicha darsliklar yangitdan ishlanyapti. Bu jarayonda qaysi bir lugʻatdan foydalanish masalasi koʻndalang turibdi. Shu paytgacha chiqqan aksariyat darsliklar 1995 yilgi lugʻatga asoslangan. Oʻqituvchilar oʻn yillar davomida oʻquvchilarga soʻzlarni sentabr, oktabr, budjet, miniatura, drijor shaklida yozishni oʻrgatib kelgan. Ammo 1995 yilgi lugʻatdan davomli foydalanish oʻzini oqlamaydi. Chunki unda soʻz kam. Oddiy natyurmort, kompyuter kabi soʻzlar kiritilmagan. Holbuki, hozir bu tushunchalar bilan oʻquvchilar birinchi sinfdayoq tanishyapti.

Darsliklar mualliflari va boshqa mutaxassislarga xilma-xil nega chiziqcha bilan yoziladi-yu, xilmaxillik nega qoʻshib yoziladi – takror va takror tushuntirishga, lugʻatga havola berishga toʻgʻri kelyapti. “Unda nega ketma-ketlik ham qoʻshib yozilmayapti?” degan savolga “Lugʻatda shunday” degan chuchmal dalil koʻrsatilyapti, xolos.

1995 yilgi lugʻat oʻzbekcha talaffuzga yaqinlashtirishga uringan boʻlsa-da, sentabr, oktabr soʻzlarini jonli tilga, amaldagi talaffuzga moslamagan. Bugun bu soʻzlarni oʻzbek tilli kishilar sentyabr, oktyabr shaklida aytyapti. Toʻgʻri, bundan 50–60 yillar burun lugʻatdagiday talaffuz qilingandir. Lekin til doimiy oʻzgarishda. Biz bugun rus tili taʼsirida bu soʻzlarni yolashgan unlilar bilan aytadigan boʻldik.

Nashrga tayyorlanilayotgan darsliklarda koʻp soʻzli va nisbatan keyingi nashr  boʻlgani uchun 2013 yilgi lugʻatga asoslanilyapti. Biroq hali kitoblar chop etilmasidanoq mualliflar, taqrizchilar, ekspertlar va amaliyotchi oʻqituvchilar oʻrtasida imlo masalasida tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Ularga-ku bir amallab tushuntirsa boʻladi. Lekin ertaga oʻn mingdan ortiq maktabda dars berayotgan bir necha oʻn minglab oʻqituvchilarga, oldin soʻzni boshqa shaklda yozib oʻrgangan oʻquvchilarga qanday izoh berish mumkin?

Internetdan izlab koʻrdim. Bu masala oldin ham koʻtarilgan ekan. Biroq biror rasmiy javob yoki koʻrsatmaga koʻzim tushmadi. Aslida bu oʻqituvchilar yoki taʼlim sohasining muammosi emas. Bu lugʻatshunoslikning, imloga masʼul idoralarning egasiz yotgan muammosi.

Biz koʻpincha yoshlarning savodxonlik darajasi pastligi haqida yozgʻiramiz. Bir narsani unutmasligimiz kerak: savod darajasi tushishiga lugʻatlardagi chalkashliklar ham ozmi-koʻpmi hissa qoʻshadi.

2013 yilgi lugʻat chiqqaniga sakkiz yil boʻlyapti. Hozircha eng katta, qamrovli lugʻat – shu. Qaysi lugʻatga asoslanish masalasi nega haligacha uzil-kesil hal etilmagan, degan haqli savol tugʻiladi. Savolning javobi hozircha yoʻq.

Olimlar va lugʻat tuzuvchilarning yakdil fikrga kelmasligi, har kim oʻz qarashini toʻgʻri deb olishi oqibatida tildan foydalanuvchilar zarar koʻryapti. Ayniqsa, oʻquvchilar. Kelajak avlod manfaati shaxsiyatdan ustun boʻlishi kerak. Hech qursa, taʼlim masalasida.

Yuqoridagi mulohazalardan maqsad xato qidirish emas. Maqsad – shu muammoga yechim izlash, yechim soʻrash. Imlo masalasida ogʻzibirchilik va toʻlaqonli qatʼiy qoidalar boʻlmas ekan, til rivoji jiddiy toʻsiqqa uchrayveradi.

Alifbo isloh qilingach, balki, imlo bilan bogʻliq mana shu masalalar hal etilar. Keng miqyosda ishlar olib borilar. Lekin hozircha hech boʻlmasa yuqorida keltirilgan chalkashliklarni hal qilib olish kerak.

Yechimini kutayotgan savol shu: darslik va qoʻllanmalarda qaysi lugʻatdan foydalanish kerak? Imlo prinsipidagi chalkashliklarda (xilmaxillik, ketma-ketlik kabi) qanday yoʻl tutish zarur?

Til masalasiga masʼul tashkilotlardan bu borada rasmiy javob kutamiz.

 

Orif Tolib,

Ruspublika taʼlim markazi mutaxassisi

 

“Daryo” nashrida eʼlon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.