Ham yegulik, ham darmon

0
2131
marta koʻrilgan.

Yoz – pishiqchilik mavsumi. Bozorlarimiz allaqachon turli meva-chevalar bilan toʻlib toshgan. Giloslar, olchalar, oʻriklar, olmalar rastalarni bezab turibdi. Bugun olma xarid qilishda nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi, uning foydali xususiyatlari haqida soʻz yuritamiz.

Olmaning qurt yeganini olish kerak, chunki unga kimyoviy dorilar sepilmagan boʻladi, degan latifa bor. Yaxshi olmani tanlash uchun birgina shu oʻlchov kamlik qiladi. Ahamiyat berish kerak boʻlgan boshqa jihatlar ham bor.

Olmani ushlab koʻrganingizda qattiq boʻlishi kerak. Olmaning yuza qismida turli dogʻlar boʻlsa, bu uning shikastlanganidan dalolat. Odatda, katta olmalar kichiklariga qaraganda yaxshiroq pishgan boʻladi.

Dunyoda olmaning mingdan ortiq turi bor. Biroq ularning ayrim turlarigina keng tarqalgan.

Qaysi olma foydaliroq? Bu savolga oʻylanib oʻtirmay: «Bozordan sotib olingani emas, uyimizda oʻsadigani», deb javob berish mumkin. Olma qancha koʻp vaqt saqlansa, undagi foydali moddalar shuncha kamayadi. Bahor yoki yozgacha saqlangan yaltirab turadigan qip-qizil olmalarda vitamin juda oz miqdorda qoladi.

Chet eldan, xususan, Xitoydan kirib keladigan olmalar juda yirik va tashqi koʻrinishini oʻzgartirmagan boʻladi. Koʻrib koʻzingiz quvonadi. Lekin sal shoshmay turing. Bunday olmalar tashish paytida shikastlanmasligi uchun maxsus mum bilan qoplanadi. Sogʻlimiz uchun xavfli boʻlgan bu mum olmani choʻtka bilan va issiq suvda yaxshilab yuvilgan taqdirda ham ketmaydi.

Olimlarning fikricha, bizning vujudimiz kelib chiqish (genetik) jihatdan oʻzimiz yashab turgan joydagi meva va sabzavotlarga oʻrgangan. Shu sababli chetdan keltiriladigan mevalarni, shu jumladan, olmalarni ham organizm kutilganidek yaxshi qabul qilmasligi mumkin.

Inglizlarda: «Har kun olma yeyish vrachni hovlidanoq quvadi», degan maqol bor. Bu gap qanchalik gumonli tuyulmasin, olma bir paytning oʻzida ham yegulik, ham dori-darmon vazifasini oʻtaydi. Bir qancha foydali xususiyatlarga ega. Masalan:

*Rak kasali hujayralarini siqib, shishlar hosil boʻlishining oldini oladi.

*Organizmdan xolesterolni haydab chiqaradi, natijada qon tomirlari tiqilib qolishining oldi olinadi.

*Sogʻlom, toʻlaqonli va qiyinchiliksiz ishlash uchun sharoit yaratadi.

*Gipertoniya (qon bosimining ortishi) kasalligida yaxshi foyda beradi.

*Tarkibida temir moddasi koʻpligi sababli kamqonlikning oldini olish va yoʻq qilish xususiyatiga ega.

*Olmadagi pektinlar oshlovchi moddalar bilan qoʻshilib yoʻgʻon ichakdagi zararli moddalarni surib chiqaradi.

*Qirgʻichdan oʻtkazilgan olma ichburugʻda yaxshi taʼsir koʻrsatadi.

*Tarkibida kaliy tuzlari boʻlgani sababli peshobni yaxshi haydaydi va buyrak kasalliklarida foyda beradi.

*Oshqozonida kislota ajralish holati buzilgan qariyalarga ham tavsiya etiladi. Ichki organlar faoliyatini izga solib, qabziyatning oldini oladi.

*Vitaminlardan tashqari, olma tarkibida yod moddasi ham koʻp. Bu esa shilingan, lat yegan yoki yara-chaqa boʻlgan joylarning tez tuzalishiga yordam beradi. Bunday jarohatlar boʻlmagan taqdirda ham vujudimizning yodga boʻlgan katta ehtiyojini qondirishga yordam beradi.

Olmaning foydali xususiyatlarini yana davom ettirish mumkin. Ming marta eshitgandan bir marta koʻrgan afzal deyishadi. Yaxshisi, har kuni olma isteʼmol qilib turing. Ayniqsa, hozirgi pishiqchilik mavsumida bu unchalik muammo emas. Sizga qanday foyda berganiga qarab keyin oʻzingiz xulosa chiqarib olaverasiz.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Ovoza” gazetasining 2010 yil 10 iyun (№23) sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.