Havayida ham musulmonlar bor

0
2004
marta koʻrilgan.

Havayi (Gavayi) orollari haqida eshitgan boʻlsangiz kerak. Dunyoning eng qimmat hordiq maskanlaridan biri. Har yili minglab sayyohlar koʻchmanchi qushlar kabi bu oʻlkaga kelib “qishlaydi”. Orol Tinch ummonining qoq oʻrtasida, AQSH sohillaridan 3700 mil, Yaponiya sohillaridan 3400 mil masofada joylashgan.

1820 yili amerikalik missionerlar Havayiga keladi va mahalliy xalqqa nasroniylikni va Gʻarb qadriyatlarini targʻib etadi. Natijada mahalliy aholining anchagina qismi nasroniylikni qabul qiladi. Oʻsha paytlardan soʻng ancha suvlar oqib oʻtdi va bugun bu tuproqlarda musulmonlar ham yashayapti. U davrlarda Havayida azon yangrashini, odamlar Kaʼbaga yuzlanib, Biru Bor Allohga ibodat qilishini hech kim xayoliga keltirmagandi.

Havayi musulmonlari kamalak ranglari singari xilma-xil. Shunday boʻlsa-da, juda inoq, totuv. Ular orasida uygʻurlar, taureglar, Pokiston, Hindiston, Falastin, Iroq kabi Osiyo, shuningdek Afrika mamlakatlaridan kelgan muhojirlar bor.

Juma namozlariga koʻpmillatli jamoat toʻplanadi. Masjid ular uchun ijtimoiy markaz vazifasini ham oʻtaydi. Odatda juma namozlariga ikki yuz kishilik, hayit namozlariga esa ming kishilik jamoat yigʻiladi.

Havayi musulmonlari juda faol, ayniqsa maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga alohida eʼtibor qaratishadi. Masjidlarda musulmonlarga va musulmon boʻlmaganlarga moʻljallangan tadbirlar tez-tez oʻtkazilib turadi. Imomlarning maʼvizalariga istagan kishi qatnashishi mumkin. Islomiy kitoblar va audio-video disklar tekin tarqatiladi. Hatto shunchaki qiziqqanlar yoki Islom madaniyati bilan tanishishni istaganlar ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Mahalliy aholi orasida musulmonlar soni tobora ortib boryapti. Ular bu dindan ruhiy halovat, xotirjamlik topyapti. Havayi musulmonlari uyushmasi prezidenti Hakim Vansafiy bu holatni sharhlar ekan: “Inson musulmon boʻlgach, toʻgʻrirogʻi, Biru Bor Allohga qullikni boshlagach, uning hayotida yap-yangi sahifa ochiladi. U oldingi barcha gunohlari bilan vidolashib, xuddi yangi tugʻilgan chaqaloq singari yangi hayotga qadam qoʻyadi”, deydi.

2009 yil mayida Havayi orolida yashovchi musulmonlar uchun unutilmas voqea sodir boʻldi. Senat 24 sentyabrni “Islom kuni” deb eʼlon qilish haqidagi qonunni maʼqulladi. Shundan beri bu kuni har yili nishonlanadi.

Senator Uill Espero fikricha, bu qonun musulmonlar va Islom dunyosining insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan boy diniy, ilmiy, madaniy hissasini tan olish belgisidir.

Havayidagi diqqatga sazovor Islomiy markazlardan biri “Shangri La” muzeyidir. Ushbu madaniyat maskani deyarli oltmish yil mobaynida shakllandi. Muzey asoschisi Doris Dyuk Yaqin Sharqdagi birnechta musulmon mamlakatlarida boʻladi va musulmonlarning hayotidan, Islom sanʼati va meʼmorchiligidan hayratga tushadi. Bu ayol uzoq yillar ­– 1993 yili olamdan oʻtguniga qadar juda koʻp osori atiqalarni toʻplaydi. Natijada uch yarim mingdan ortiq eksponat yigʻiladi.

Bugun “Shangri La” Islom sanʼati va madaniyati markazi vazifasini oʻtayapti. Uning moddiy taʼminoti Doris Dyuk Islom madaniyati jamgʻarmasi yelkasida. Ushbu jamgʻarma zahmatkash ayolning vasiyatiga binoan tashkil etilgan.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 2-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.