Hech qachon kech emas

0
1982
marta koʻrilgan.

Yaqinda amerikalik olimlar yevropalik shekriklari bilan shov-shuvli bir xabar tarqatdi. Shu paytgacha inson miyasi 25-30 yoshgacha rivojlanadi, soʻng bu jarayon toʻxtaydi degan tushuncha bor edi. Yangi izlanishlar bu chegara 50 yoshgacha ekanini koʻrsatdi. Faol aqliy mehnat va taffakkur bilan mashgʻul boʻlgan kishida esa miya qarimas ekan!

Aslida bu u qadar yangilik ham emas. Chunki, tarixda xuddi shu fikrni isbotlaganlar juda koʻp boʻlgan. Masalan:

  • Buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy umrining oxiriga qadar (60 yoshgacha) ijod bilan shugʻullangan.
  • Suqrot 70 yoshida turli musiqa asboblarini chalishni oʻrgangan va tez orada bu ishning ustasiga aylangan.
  • Gyote 80 yoshida dunyoga mashhur “Faust” asarini yozib tugallagan.
  • Mikelanjelo eng zoʻr asarlarini 80 yoshida chizgan.
  • Qadimgi Rim senatori Mark Katon yunon tilini 80 yoshida oʻrgangan.
  • Olmon tarixchisi Leopold Ranke “Jahon tarixi” asarini 91 yoshida yozib tugatgan.
  • Isaak Nyuton 85 yoshida ham qizgʻin ilmiy mehnat bilan band boʻlgan.
  • 83 yoshli Lev Tolstoy oʻrimda yosh oʻroqchilarni ham ortda qoldirgan. “Urush va tinchlik” asarining moʻysafid muallifi bu ulugʻ yoshda konki uchib, velosiped mingan, ot ustida bir oyoqlab qirq martadan oshiqroq oʻtirib-tura olgan.
  • Taniqli rus bastakori Igor Stravinskiy 88 yoshigacha musiqa bastalagan.
  • Shoir Beranje – 77, Lev Tolstoy – 82, Viktor Gyugo – 83, Safokl – 90, Bernard Shou – 94 yoshigacha ijod qilgan.

Yuqoridagi maʼlumotlar nimadan dalolat? “Qarilik” degan kasallik yoʻq. Ruhiyatdagi yanglish koʻnikmalar bor, xolos. “Eshitayotgan narsalaringizga umuman ishonmang, hatto u oʻz aqlingizdan kechayotgan boʻlsa ham”, deb maslahat beradi taniqli ruhshunos Deniyel Eymen. Hayotimizdagi barcha gʻov va toʻsiqlar oʻz ichimizda. Ularni buzib tashlang! Bizning qalbimiz, ichki kuch-gʻayratimiz yosh nimaligini bilmaydi! Tanda jonimiz bor ekan, tomirimizda qon oqib turgan ekan yanada yuqori koʻtarilish uchun hamisha imkonimiz bor. Ijoddami, ilmdami, turmushdami – oldingizga yangi va yangi maqsadlarni qoʻying. Ularga ishonch va ishtiyoq bilan intiling. Qulay fursatni esa kutmang, u faqat bitta. Uning nomi – “hozir”.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Sogʻlom avlod” gazetasining 2014 yil 39-sonida eʼlon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.