Himmatni baland tuting, otalar!

0
126
marta koʻrilgan.

Yaqinda Samarqandga borib keldim. U yerda koʻpchilikka oʻrnak boʻla oladigan ajoyib inson bilan tanishdim. Ana shu uchrashuv sababli xayolimga kelgan mulohazalarni siz bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

Suhbatimiz oliy taʼlim mavzusiga koʻchgan payt yangi tanishim:

– Oʻgʻlim psixologiya va dasturlashga qiziqadi, ingliz tilini yaxshi oʻrgandi. Qaysi universitetga topshirsa ekan – shunga oʻylanib turibmiz, – dedi.

– Psixologiya yaxshi, lekin axborot texnologiyalari bugunning ham, ertaning ham eng oldi sohasi. Shuni mahkam tutsa, kam boʻlmaydi. Toshkentdagi Inha universitetini maqtashadi, shuni bir surishtirib koʻring. Lekin shartnoma narxi qimmat – besh ming dollar, – deb maslahat bergan boʻldim.

– Qizimning oʻqishi bilan bir xil ekan-da, – dedi suhbatdoshim.

– Qizingiz qayerda oʻqiydi? – deb qiziqsindim men.

– Toshkentda, Singapur universitetida.

Toʻgʻrisi, ichimda “vah!” devordim, bu himmati baland otaga hurmatim oshdi, qoyil qoldim. Hali qirqqa bormaganday koʻrinadigan, aslida ellikni qoralab qoʻygan bu kishining “yoshligi”ga mana shunday bagʻrikengligi, mehr-shafqati ham sabab boʻlsa kerak.

Qahramonimiz dehqon, asosiy daromadi ekin-tikin va uyda boqiladigan chorvadan ekan. Toʻrt qizi va bir oʻgʻli bor. Ikki qizi oliy oʻquv yurtini tugatibdi, turmushga chiqibdi. Ikki kichik qizi hali talaba ekan. Oddiy dehqon uchun farzandini shartnoma puli 5000 AQSH dollari boʻlgan ilm dargohida oʻqitish qanchalar mushkul ekanini tasavvur qilib koʻring. Oʻgʻil boʻlsa-ku, ertaga ishlab “qaytaradi”: ota-onasi qariganida boqadi, gʻamxoʻrlik qiladi, deyish mumkin. Lekin qizining taʼlimiga har yili shuncha pul toʻlashni hamma ham xohlamaydi.

Ota-onalarning, toʻgʻrirogʻi, otalarning (bobo va buvilarning ham) qiz farzandlarga kam eʼtibor berishi keng tarqalgan holat. Bu faqat xalqimizga emas, odamzod feʼl-atvoriga xos. Chunki naslni oʻgʻil davom ettiradi, yoningda yoʻldosh, belingga quvvat boʻladi. Albatta, tarbiya yaxshi, imoni butun boʻlsa. Qiz farzandlardan topiladigan yaxshiliklar matematik hisob-kitob tarozisiga qoʻyilgan taqdirda ham, oʻgʻilnikidan koʻp boʻlsa koʻpki, aslo kam emas. Ammo buni anglash, tushunish uchun qalb koʻzi ochiq boʻlishi kerak.

Kundalik hayotda hammamiz koʻrib, guvohi boʻlganmiz: tarbiyali, oliy maʼlumotli qizlarning eshigidan sovchi arimaydi. Ota-onada ham, qizda ham ertaga oilani boshqara oladigan, kasb-hunarli, axloqli kuyov tanlash imkoni keng boʻladi. Farzandining tinch-totuv hayot kechirishi ota-ona uchun juda katta baxt. Bunday saodat va halovatning qadri juda yuksak.

Farzandi tarbiyasiga eʼtiborsiz qaragan, sarmoyasini bolasining taʼlim olishi yoki hunar oʻrganishiga emas, sepiga, har xil latta-putta va matohlarga tikkanlar yutqazadi. Ertaga ana shunday arzimas narsalarni muhim sanaydigan kuyovlarga, qaynota-qaynonalarga duch kelganda, ichdan zil ketib, aybni kimdan axtarishni bilmay qoladi.

Umid bilan farzand oʻstirayotgan ota-onalar, ayniqsa, otalar! Farzandingiz tarbiyasi va taʼlimiga diqqatli boʻling. Ulardan mehringizni, gʻamxoʻrligingizni ayamang. Bugun sarflagan mablagʻingiz ertaga albatta mevasini beradi. Qizim oʻqishga kirsa, mendan uzoqlashadi, tarbiyasi buzilishi mumkin, degan vasvasalarga ham ishonmang. Yoshligidan yaxshi tarbiya, halol luqma bergan boʻlsangiz, buning mukofotini albatta olasiz. Bu mening yoki boshqa birovning xulosasi emas, kunda-kunora isbotini topayotgan hayot haqiqati haqiqat. Hatto koʻzlaganingizdan kamroq natijaga erishsangiz ham xafa boʻlmang, qizlariga mehr-shafqat koʻrsatgan, oq-yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ota-onalarga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam jannat bashoratini berganlar. Bu esa, eng baland darajadir.

 

Orif Tolib

 

“Moʻminalar” jurnalining 2019 yil 2-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.