Janubiy Afrika musulmonlari

0
163
marta koʻrilgan.

Janubiy Afrika Respublikasida musulmonlar ozchilikni tashkil etadi. Oltmish millionga yaqin aholining 1,73 millioni Islom diniga eʼtiqod qiladi. Musulmonlar soni tez surʼatlarda koʻpayib boryapti. 1991–2004 yillarda olti barobar oʻsish kuzatildi. Musulmonlarning koʻpchiligi sunniylardir.

Oʻlkaga Islom sharqiy afrikalik savdogarlar sababli kirib kelgan. Ilk masjid 1798 yili poytaxt Keyptaunda qurilib, unga “Masjidul avval” deb nomi berilgan.

Mamlakatda Islomning yoyilishi uch bosqichda amalga oshgan. Dastlab 1652–1800-yillarda Afrika va Osiyodan turli millat vakillari qul qilib olib kelingan. Ularning koʻpi Keyptaunda qolib ketgan. Taʼlim rivojlanishi va savodxonlik darajasi ortishi bilan Islom dini tarqala boshladi. Bundan tashqari yangi avlod vakillarining voyaga yetishi, mahalliy aholi vakillari bilan oila qurish kabi omillar ham bunga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

1838 yili qulchilik man etildi. Britaniya hukumati ishchi kuchini boshqa shaklda jalb etish samaraliroq ekanini tushunib yetdi. Natijada yuz minglab hindlar ishga yollandi, ularning orasida musulmonlar ham koʻp edi. Asta-sekin mehnat muhojirlarining adadi koʻpaydi, taniqli ilm kishilari ham Janubiy Afrikaga kelib oʻrnashdi. Garchi millat, til farqi kuchli boʻlsa-da, musulmonlar oʻrtasida oʻzaro aloqalar tez rivojlandi.

Uchinchi bosqich 1994 yilga toʻgʻri keladi. Irqiy kamsitishlar barham topgach, mamlakatga keluvchilar soni sezilari ortdi.

Bugun JARda 500 dan ortiq masjid, 408 ta islomiy taʼlim maskanlari, jumladan, bir nechta Islom institutlari faoliyat yuritadi. Oliygohlarda asosan afrikaliklar, shuningdek dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan talabalar taʼlim oladi. Musulmonlar uchun ixtisoslashgan ikkita telekanal, bir qancha radio, gazeta-jurnallar bor. Mamlakatda Ehson jamgʻarmasi (Gift of the Givers Foundation), Afrika musulmonlari uyushmasi (Africa Muslim Agency), Janubiy Afrika islomiy tibbiyot uyushmasi (Islamic Medical Association of South Africa) kabi tashkilotlar ish olib boradi.

 

Orifjon Madvaliyev

tayyorladi.

 

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil 19-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.