Kayfiyatni koʻtaradigan yeguliklar

0
898
marta koʻrilgan.

“Ovqating dori, doring ovqat boʻlsin”, deydi donolar. Yeguliklar tanimizga kuch berish, shifo boʻlishdan tashqari kayfiyatga taʼsir etish xususiyatiga ham ega.

Mutaxassislar inson kayfiyatini koʻtaradigan taomlar roʻyxatini tuzib chiqdi. Ularni tanovul qilganingizdan soʻng, 15-20 daqiqa oʻtgach, rohat va shodlik hissini tuyasiz.

Yeguliklarimiz tarkibida deyarli doim hoziru nozir boʻladigan sabzavot bu kartoshkadir. Uni sevadiganlar koʻp, hatto milliy taomimiz palovga ham soladiganlar topiladi. Kartoshkadan tayyorlangan taomlar organizmda serotonin moddasi ishlab chiqarilishiga sabab boʻladi. Bu modda odamga xush kayfiyat va baxt hissini beradi.

Yashil bargli sabzavotlar vujudimizda foli kislotasi – M vitamini paydo boʻlishiga hissa qoʻshadi. Olimlar fikricha, bu kislota yetishmasligi odamda siqilish va xavotir tuygʻusini uygʻotadi. M vitamini karam, salat bargi va koʻkatlarda koʻp.

Yogʻli aminokislotalarga ega mahsulotlar ham kayfiyatni koʻtarishga munosib hissa qoʻshadi. Yongʻoq, bodom, baliq va turli oʻsimlik moylari ana shunday mahsulotlar sirasiga kiradi.

Bu borada sitrus mevalar ham juda foydali. Mandarin, apelsin kabi mevalar miyaga xursandchilik garmonlari ishlab chiqarishda koʻmaklashadi. Vujudimizni B, C vitaminlari va asab tizimini mustahkamlovchi mikroelementlar bilan boyitadi. Lekin meʼyorni bilish shart. Aks holda, xush kayfiyat oʻrniga yuzingizga qizil dogʻlar toshishi, turli allergik toshmalar paydo boʻlishi mumkin.

Hayratlanarlisi, achchiq yeguliklar ham endorfinlar darajasini oshiradi. Ovqatga qalampir qoʻshib yeyish kishida yengil kayfiyat uygʻotadi. Albatta, bunda ham qachon toʻxtashni bilish zarur.

Toʻgʻri, ayrim meva-sabzavotlarni sotib olishning doim ham iloji yoʻq. Lekin pishiqchilik mavsumida imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Masalan, qulupnay aprel-may oylaridagina hosil beradi, xolos. Bu meva tarkibida B, C, E vitaminlari, magniy va kalsiy minerallari bor. Sanalganlarning barchasi asab impulslarini kuchaytiradi va endorfin hosil boʻlishiga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, qulupnayning yorqin rangi ham yaxshi kayfiyat bagʻishlaydi.

Shodlik va baxt hissini berishda ovqat birlamchi emas. Bu tuygʻularga ijtimoiy faoliyat, yon-atrofdagilar bilan munosabat, hissiy-ruhiy holat, salomatlik katta taʼsir koʻrsatadi. Hayotini toʻgʻri yoʻlga qoʻygan kishi ovqatlanishni ham tartibga sola bilsa, faqatgina ijobiy natijalarga erishadi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 

“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 27-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.