Koreya Respublikasi

0
2345
marta koʻrilgan.

Maydoni: 99 392 kv.km.

Aholisi: 49 000 000 dan ortiq.

Poytaxti: Seul shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 1 ta alohida maqomdagi shahar (tiʼkpyolsi), 6 ta viloyat maqomidagi shahar (kvanʼyoksi), 9 ta viloyat (do)ga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Seul, Pusan, Kvan-ju, Inchxon, Techjon, Ulsan.

Pul birligi: von.

 

Jugʻrofiy oʻrni. “Taehan Minguk” koreychada Koreya Respublikasi demakdir. Koreya soʻzi hududdagi qadimiy Koryo sulolasi (918–1392) nomidan kelib chiqqan. Koryo nomi esa undan ham oldingi Koguryo davlatiga borib taqaladi. Koreya Respublikasi Koreya yarimorolining janubiy qismida joylashgan, shu sababli uni norasmiy tilda Janubiy Koreya deb atashadi. Koreya qirgʻoqlarini gʻarbda Sariq dengiz, sharqda Yapon dengizi, janubda esa Koreya boʻgʻozi va Shimoliy Xitoy dengizi yuvib turadi. Shimolda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan chegaradosh. Mamlakat hududi asosan togʻliklardan iborat, tekislik oʻttiz foizni tashkil etadi.

Tarixi. Qadimshunoslik tadqiqotlar Koreya yarimoroli hududiga odamlar yetmish ming yil oldin kelganidan darak beradi. Xamgyon-Pukto, Pxyonan-Namdo, Kyongido va Chxunchxon-Pukto viloyatlarida eng qadimgi tosh davriga oid mehnat qurollari topilgan. Eng qadimgi kulolchilik namunalari miloddan oldingi 8000 yillarga taalluqli.

Koreya tarixidagi birinchi davlat Qadimgi Choson (Ko Choson)dir. Bu uyushma ilk bor miloddan oldingi IV–III asr manbalarida tilga olingan. Choson davlati boshida qabilalar uyushmasi sifatida tashkil topdi, miloddan oldingi IV asrga kelibgina markazlashgan davlatga aylandi. Bu saltanat inqirozga yuz tutgach, Maxan, Chinxan va Pyonxan qabila uyushmalari yuzaga keldi. Milodiy asr boshlarida Koreya yarimoroli hududida Silla, Pekche va Koguryo, shimolda esa Parxe davlati hukm surdi. Silla qabila uyushmasi 676 yili Pekche va Koguryoni egalladi, natijada Birlashgan Silla davlati paydo boʻldi. Bu saltanat 936 yili Koryo nomini oldi va 1392 yilgacha hukmronlik qildi.

1231 yildan moʻgʻullar Koryoga hujum uyushtira boshladi va yigirma besh yil davom etgan urushlardan soʻng, Koryo qirolligi vassalga aylandi. XIV asr oʻrtalarida moʻgʻul hukmronligi susaya boshladi va qirol Konmin mustaqil harakat eta boshladi. 1392 yili Koryo bosh qoʻmondoni Li Son Ge saltanatga barham berdi va Choson davlatiga asos soldi. Mamlakat poytaxti Xanson – hozirgi Seulga koʻchirildi. XV asrda koreys alifbosi – xangil yaratildi. Chason saltanati 1627–1636 yillari esa Sin qirolligi qoʻl ostida boʻldi. 1895 yili amalda Yaponiya hukmronligi ostiga oʻtdi. 1897 yili Van Kojon imperatorlik taxtini qayta egalladi, biroq u hech qanday kuchga ega boʻlolmadi. 1904–1905 yillardagi rus-yapon urushidan soʻng Yaponiya Koreyani yana qaram qilib oldi, 1910 yili esa butunlay zabt etdi. Ikkinchi jahon urushidagi magʻlubiyat tufayli Yaponiyaning Koreyadagi hukmronligi tugatildi. Koreyaning shimoliy qismini Sobiq Ittifoq, janubiy qismini Amerika Qoʻshma Shtatlari egallab oldi.

1948 yili Koreya Respublikasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tuzildi. Ikki davlat oʻrtasida boʻlib oʻtgan 1950–1953 yillardagi urush qoʻshnichilik aloqalarini butunlay buzib yubordi.

Koreya Respublikasida qirq yil mobaynida diktatorlik rejimi hukmronlik qildi. Oldiniga Li Sin Man (1960 yili agʻdarib tashlandi), soʻng Pak Chjon Xi (1979 yili oʻldirildi) hokimiyati hukm surdi. 1980–87 yillari Chon Du Xvan prezident lavozimida boʻldi. 1987 yili oʻtkazilgan referendum yangi konstitutsiyani tasdiqladi. 1988 yil 25 fevralda kuchga kirgan ushbu konstitutsiyaga asosan koʻp bosqichli saylov oʻrniga toʻgʻridan toʻgʻri prezident saylovi joriy etildi, parlament huquqlari kengaytirildi, prezidentning vakolatlari cheklandi, uning lavozimda boʻlish muddati yetti yildan besh yilga tushirildi, matbuot erkinligi mustahkamlandi.

1992 yil dekabrda oʻtkazilgan prezident saylovida Demokratik liberal partiya nomzodi Kim Yen Sam gʻalaba qozondi. Uning shiori “barqarorlik sharoitidagi islohotlar” boʻlib, bir qator islohotlar oʻtkazdi. Ana shu davrdan boshlab davlatga bir nechta prezident rahbarlik qildi, demokratiya boshqaruvning asosiy mezoni boʻlib qoldi.

Milliy bayramlari: 15 avgust – Koreya ozodligi kuni (1945); 3 oktyabr – Davlatga asos solingan kun.

Oʻzbekiston bilan 1992 yil 29 yanvardan boshlab turli sohalarda hamkorlik qilib keladi.

1991 yil 17 sentyabrdan BMT aʼzosi.

Iqtisodi. 1960-yillarda Koreya mintaqadagi eng qashshoq mamlakatlardan biri edi. Hozir rivojlangan, kuchli sanoatlashgan mamlakatlardan biri. Boshqa rivojlangan mamlakatlar singari bu yerda ham xizmatlar sohasi iqtisodiyotning ustun tarmogʻi sanaladi. U yalpi ichki mahsulotning uchdan ikki qismini tashkil etadi.

Kema ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchilardan. Jahon bozorining qirq besh foiz ulushi Koreya hissasiga toʻgʻri keladi. Avtomobil sanoati ham rivojlangan. Oʻzbekistonda koreys sarmoyasi ishtirokidagi bir qator katta korxonalar bor.

Aholisi. Aholisining asosiy qismi koreyslardan iborat. Yuz mingga yaqin xitoy bor, ular asosan Yaponiya, Malayziya, Hindiston va Filippindan koʻchib kelgan.

Maktab oʻquvchilari oʻrta va yuqori sinflarda oʻqish uchun koreys va ingliz tillarini bilishi shart. Yuqori sinfga oʻtgach, xitoy, yapon, fransuz, olmon, rus, ispan va arab tillaridan birini qoʻshimcha oʻrganish uchun tanlash ham mumkin.

Dini. 2005 yilgi roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, aholining 46,5 foizi oʻzini hech bir dinga aloqador hisoblamagan, 29,3 foizi nasroniy ekanini bildirgan. Nasroniylarning 18,3 foizi protestant, 10,9 foizi esa katolik. Aholining 22,8 foizi buddaviylar.

Mamlakatdagi musulmonlar soni qirq mingdan oshiq. Ularning koʻpi Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyodan kelgan muhojirlar. Soʻnggi paytlarda mahalliy aholi vakillari orasida ham Islomni qabul qilayotganlar ortib bormoqda. Koreyadagi eng katta masjid Seulning Itevon mavzesida joylashgan. Qolgan barcha katta shaharlarda masjidlar bor.

Koreyaga ilk musulmonlar VI–IX asrlarda kelgan. Ular xitoylik savdogarlar edi. Ushbu yurt diniy masalalarda yopiq mamlakat hisoblangan. Bu holat XIX asrga qadar davom etdi. Biroq muntazam boʻlmasa-da, koreyslar Islom ilm-fani va madaniyati bilan tanishib borgan. Oʻtgan asrning 60-yillarida mamlakatda musulmonlar koʻpaya boshladi. 1980 yili bir guruh koreyalik musulmonlar ilk bor hajga bordi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2012

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.