Ming yillik hikmatlar

0
590
marta ko‘rilgan.

Kaykovus farzandiga atab yozgan “Qobusnoma”sini “Pisaram, man pir sho‘dam”, deb boshlaydi. Ya’ni, “O‘g‘lim, endi men pir bo‘ldim”. “Pir” fors tilida “qari”, keksa” degan ma’noga ega. Jumlani “O‘g‘lim, men endi qaridim”, deb tarjima qilish ham mumkin. “Pir” o‘zbekchada komillikka yetaklovchi, haqiqat yo‘lini ko‘rsatuvchi ustoz ma’nosida ishlatidai. Imon-e’tiqodi butun, tajribali kishilarning aksariyati keksaygach chin ma’nodagi pirga – ustozga aylanadi. Shu bois “pir”ni o‘zgartirishsiz qoldirgan ma’qul.

Qishloqqa borganda Karimberdi buvani ziyorat qilib turaman. U eng yaqin maktabdosh do‘stimning bobosi. U kishiga yoshligimdanoq mehrim tushgan. O‘ziga xos hikmatli gaplari, mutoyibalari bilan bola tasavvurimizda iliq taassurot uyg‘otgan va bolalarga begona ko‘z bilan qaramaydigan buvani biz ham o‘z bobomiz qatorida ko‘rardik. Mo‘ysafid otaxon hozir saksondan oshgan, bu yoshdagi chollar qishloqda sanoqli qoldi…

Sandalning bir chetida yonboshlab, ba’zan ko‘zi ilinib, ba’zan xayol surib o‘tirgan boboyni ko‘rib, allaqachon o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, dunyobexabar bo‘lib qolgan, deb o‘ylaysiz. Aslida, sizu bizdan hushyorroq, dunyoboxabarroq.

Uyga kirgach, sekin tomoq qirib, salom beraman. Bobo istamaygina ko‘z ochadi, keyin meni tanib, alik oladi, yaxshilab o‘rnashib o‘tiradi.

-Kel, ulim, tuzukmisan, sog‘-omon, o‘ynab-kulib yuribsanmi? Dadang, ayang, ukalaring yaxshimi? Ha, ma’qul, salomat bo‘lishsin. Bizdan so‘rasang, yuribmiz o‘ngni tushga almashtirib… Xo‘sh, dunyoda nima gaplar?

Gazetalardan o‘qigan, televideniyedan ko‘rib bilgan yangiliklarimni aytaman. Chamasi, so‘zlarim boboni qoniqtirmaydi. U men bilmagan, hali eshitmagan yangiliklarni ham aytib beradi.

-Odamlarning turish-turmushi, dunyoqarashi qanday? – deb so‘raydi u kishi.

-Yaxshi, – deyman. – Har kim o‘z tirikchiligi bilan ovora.

-Bugun dasturxonda non, choy, oqqand, murabbo, sut-qatiq, issiq ovqat va hokazo, va hokazolar turishi oddiy hol bo‘lib qoldi, – deb nasihatga kirishdi Karimberdi bobo. – Bizning davrimizda dasturxonda non turmasdi. Bir amallab topilgan non oila a’zolariga bo‘lib berilardi. Qorning to‘ysa ham, to‘ymasa ham – bori shu.

Odamlar istagan joyiga borib bemalol pul topib kelyapti. Men sendaylik vaqtimda ahvol tamom boshqacha edi. O‘zing xohlagandek mehnat qilolmasding. Dashtlarga yoki o‘zlashtirilayotgan cho‘llarga ariq, zovur qazigani olib ketishardi. Tirikchilik og‘ir, yegani non yo‘q. Lekin bir amallab non yopdirib olishing kerak, chunki ishlaydigan joyingda hech kim senga osh-ovqat bermaydi. Ishga bormaslikning umuman iloji yo‘q. Otaman, qamataman, deb do‘q uradi rais. Bu gaplar shunchaki po‘pisa emas, bo‘lishi tayin gap edi.

Bir kunlik ish haqiga bir kilo bug‘doy yoziladi, lekin berilmaydi. Olti oy o‘tgach, nomingga yozilgan jami bug‘doyning yarmi beriladi. Vaqtida bersa, ketib qolishing mumkin-da. Bugun-chi? Mehnat qilgan odam, rizqini emin-erkin topyapti. Men eski gaplarni eslab, o‘tgan zamondan nolimadim, eshitib xulosa chiqargin, deb aytdim.

Yetarlicha mol-dunyosi bor, yegani oldida, yemagani ketida bo‘la turib, ko‘zi to‘ymaydigan ayrim xasis odamlarni ko‘rib-eshitib hayron qolaman. Hayotning ma’nosi faqat yaxshi yashash, pul topish emas-ku. To‘g‘ri, muhtoj yashamaslik kerak, boylarning ko‘paygani yaxshi. Biroq hech qanday davlat, mol-dunyo ko‘ngil xotirjamligi o‘rnini bosolmaydi. Hammasiga sabr-qanoat bilan erishsa ham bo‘ladi. Alloh taolo sabrli odamlarni xush ko‘radi, ularga barakali rizq beradi.

Men bir umr mehnat qilib, o‘z peshona terim bilan yashadim. Bugun o‘tgan umrimdan mamnunman, Xudoga shukr qilaman. Sen ham hamisha halol bo‘l, mehnatdan qochma. To‘g‘ri bo‘l, to‘g‘riso‘z bo‘l, adolatli bo‘l. Imonni mustahkam tut, hamma narsani bilib-ko‘rib turuvchi Yaratgan egam borligini unutma. Shunday qilsang, umringdan baraka topasan, hayoting ma’noli o‘tadi.

Shu joyda bobo biroz so‘lish oladi, fikrlarini to‘playdi. Sezaman, endi doimiy shaxsiy mavzuga o‘tiladi:

-Uylanmadingmi? – deb so‘raydi bobo hali uylanmaganimni bilsayam.

-Yo‘q, hali. Ozroq ishlab o‘zimni ko‘rsatay, o‘rnashay, bitta oilani boqa oladigan holatga kelay…

-Bahona izlasang, sonmingta topiladi. Tengqurlaring bolali bo‘lyapti, ana o‘rtog‘ingdi qizi katta bo‘p qoldi. Alloh taolo hammaning rizqini beradi, uylansang, ro‘zg‘oringda baraka bo‘ladi.

Lekin shunchaki orzu-havas, o‘yin-kulgi uchun uylanma. Amir Temur dinu diyonatda, aqlu kamolda tengsiz bo‘lgani uchun Bibixonimga uylanganini bilasan-a? Bu donishmand ayol eri safardaligida davlatni idora qilgan, qiyin vaziyatlarga Temur boboga kerakli maslahatlarni bergan. Hadisdayam aytilgan, yosh, oila qurishga qodir, yaxshi oiladan bo‘lgan ayollarga uylaning, chunki ular o‘z birodarlariga o‘xshashlarini tug‘adilar, deb. Ko‘rmay, bilmay jufti halol tanlanmaydi. Chunki u bilan bir umr birga yashaysan, bolalaringni o‘sha ayol tarbiyalaydi. Iloji bo‘lsa, o‘zingdan aqllirog‘iga uylan.

-Unaqasi tug‘ilganmikan? – deb hazillashgan bo‘laman.

Bobo miyig‘ida kulib qo‘yadi, indamaydi. Mavzuni boshqa yoqqa buradi:

-Hoyu havaslarga uchma. Artist yo futbolchiga havas qilib, bolalariga o‘shalarning ismini qo‘yadigan, boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashadiganlardan bo‘lma. Ilm egalla, ilmli odamlarning etagidan mahkam tut. Ilmi ulug‘ odam ikki dunyo saodatini topadi.

Suhbat yana ozroq davom etgach, boboning toliqqani seziladi. Men izn so‘rayman, u kishi yaxshilab duo qiladi. Xayr-xo‘shlashamiz…

Kaykovusning “Qobusnoma”si ming yil oldin yozilgan, shuncha vaqtdan buyon avlodlarga pand-hikmat ulashib kelyapti. Biroq unda bugungi kun bilan bog‘liq ko‘plab masalalar haqida so‘z yuritilmagan. Hayotda biz duch keladigan muammolar kitob bilan hal etilmaydi. Kitob – qog‘ozdagi hikmat, u kishining tafakkur darajasiga qarab jonlanadi. Karimberdi buvaga o‘xshagan nuroniy otaxonlar esa tirik hikmatning o‘zi. Ular bugungi yoki yigirma-o‘ttiz yilgi xulosalarni aytmaydilar. Bunday pand-nasihatlarni ular otalaridan, bobolaridan, ular esa o‘z ajdodlaridan eshitgan. Bobo aytgan gaplar ming yillardan beri nasldan naslga o‘tib kelayotgan hikmatlarning zamonaviy ko‘rinishi.

Piru badavlat otaxonlarning yuzida nur bo‘ladi. Nuroniylar bilan suhbat qurgach, sizning ko‘nglingiz ham nurga to‘ladi, o‘zingizda kuch-g‘ayrat, hayotga ishtiyoqt sezasiz. Xatolaringizni anglaysiz, g‘animat umrdan foydalanib qolishni, astoydil mehnat qilishni dilingizga tugib qo‘yasiz. Ilohim, ana shunday keksalar – chinakam pirlarning umrlari uzun bo‘lsin!

 

Orif Tolib

 

2010

 


“Islom nuri” gazetasining 2011 yil 20 yanvar sonida (juz’iy qisqartirishlar bilan) chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.