Olis oroldagi musulmonlar

0
217
marta koʻrilgan.
Indoneziya. Klevelend islomiy markazi binosi

Yangi Zelandiya Tinch okeanining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan mamlakat. U ikkita katta oroldan va 700 ga yaqin orolchalardan tashkil topgan. Islom bu yerda keng tarqalayotgan dinlardan biri.

Ushbu orollarga musulmonlarning ilk qadami XIX asr soʻngida yetdi. 1900-yillardan boshlab esa asosan Janubiy Osiyo va Yevropadan Islom dini vakillari koʻchib kela boshladi. 1951 yili kosovolik Mahar Krasniki Yangi Zelandiya musulmonlari uyushmasiga asos soldi. Shundan soʻng boshqa islomiy markazlar ham ochildi. Jumladan, 1966 yili poytaxt Vellingtonda Islomiy markaz ish boshladi. 1979 yili bunday uyushma va markazlar Islom uyushmalari federatsiyasiga birlashdi. Mamlakatdagi ilk masjid 1980 yili qurib bitkazildi. 1990-yillardan mamlakatda musulmonlar soni keskin oʻsa boshladi. Bunga Fiji, Somali, Afgʻoniston, Iroq, Bosniya va Gersegovina kabi mamlakatlardan koʻplab muhojirlarning kelishi, Malayziya va singapurlik talabalar sonining ortishi sabab boʻldi.

Bugun mamlakatda turli millat va elat vakillaridan iborat ellik mingdan ortiq musulmon yashaydi. Ular asosan Oklend, Hamilton, Vellington va Kraystchyorch kabi shaharlarning aholisidir. 2001–2006 yillar mobaynida Yangi Zelandiya musulmonlari soni 87,43 foizga oʻsdi. Bu oʻz navbatida masjidlar, islomiy maktablar, oʻquv va madaniy muassasalarning koʻpayishiga zamin yaratdi. Hozir Oklendda oʻn sakkizta, Vellingtonda toʻqqizta, Kraystchyorchda toʻrtta, Hamiltonda ikkita va Danidirda bitta masjid bor. Masjidlarda ingliz tilida maʼviza qilinadi. Yangi Zelandiyada “Al-Madinah School”, “Zayed College” kabi islomiy taʼlim dargohlari faoliyat yuritadi.

Halol mahsulotlar eksporti mamlakat itisodiyotida katta ulushga ega. Eron, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga goʻsht va goʻsht mahsulotlari yetkazib beriladi. Yangi Zelandiya Halol mahsulotlarni sertifikatlash markazining maʼlumotnomalari butun dunyo boʻyicha tan olinadi.

2019 yil 15 martda Kraystchyorch shahridagi “An-Nur” masjidi va Linvud Islom markazida sodir etilgan terakt 50 nafar begunoh insonning hayotiga zomin boʻldi. Bu qonli voqea butun dunyoni larzaga soldi. Turli millat va din vakillari, davlat va jamoat arboblari qoʻporuvchilik harakatini qoralab chiqdi va musulmonlarga xayrixohlik izhor etdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yangi Zelandiya General-gubernatori Petsi Reddiga hamdardlik maktubi yoʻlladi. Yurtimizdagi barcha jome masjidlarda halok boʻlganlarning haqqiga Qurʼoni karim tilovati va duolar qilindi.

Yangi Zelandiya hukumati va aholisi musulmonlarni qoʻllab-quvvatlash uchun tadbirlar uyushtirdi. Teraktdan soʻng mamlakatda Islom va musulmonlarga eʼtibor kuchaydi, yuzlab kishilar Islom dinini qabul qildi, azon televideniye va radioda efirga uzatildi.

Bugun Yangi Zelandiya musulmonlari hayoti yana qayta izga tushdi. Ramazon oyi mamlakatda koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Masjidlarda “Ochiq eshiklar kuni”ni oʻtkazish muntazam yoʻlga qoʻyildi.

AQSHning Jorj Vashington Universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, Islom dini tamoyillariga rioya qilish reytingida s jahon miqyosida 1-oʻrinni egalladi.

 

Orifjon MADVALIYEV

tayyorladi.

 

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil 12-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.