Pul qoʻlning kirimi?..

0
3829
marta koʻrilgan.

Pul oʻzi nima?

Deyarli har kuni nimadir sotib olamiz yoki biror-bir xizmatdan foydalanamiz. Bularning bariga pul vositasida “javob qaytaramiz”, hisob-kitob qilamiz. Bugungi dunyo pulsiz yashay olmaydi. Iqtisodiyotning jontomirlaridan biri puldir. Biroq sobiq shoʻro davrida shaxsiy mulkka, boylikka salbiy munosabatda boʻlindi. Pul faqat yomonliklar manbai sifatida talqin qilindi. Natijada odamlarda xususiy mulkka qarash oʻzgardi, tashabbuskorlik soʻndi, bu narsa ularning ruhiga, ongiga singdi. Bozor iqtisodiyoti esa bu tushunchalarni chirpirak qilib yubordi, odamlarda egalik hissi uygʻondi. Rivojlangan dunyo kishisi uchun pul oʻziga ishonch, erkinlik asosidir. Ammo moddiyat inson va jamiyat hayotida qanchalik muhim joy egallamasin, maʼnaviy qadriyatlarning oʻrnini bosa olmaydi. Moddiyat maʼnaviyatdan ustun kelganda pul yomonliklar manbaiga aylanadi.

Boylik orttirish hayotining bosh gʻoyasi boʻlib qolgan odam yoʻlini, oʻzanini yoʻqotishi, umrini yelga sovurib, tirik­likning lazzat-farogʻatini his qilmay oʻtishi aniq. Baʼzan tirikchilik tashvishlariga oʻralib qolgan chogʻlarimda Navoiy boboning “Siym naqdi tushsa lekin umr naqdi siygʻolur” degan misrasi yodimga keladi. Qarang, “umr oʻtib ketadi” emas, “siygʻoladi”. Muzda sirpanib koʻrganmisiz? Oʻzgacha zavqi bor, lekin boshqaruvni, muvozanatni yoʻqotib qoʻyish juda oson. Boylik ketidan quvganda ham haqiqiy boyligimiz – umrimiz sirgʻalib ketishi hech gap emas. Yoki butun umr tilla tanga yigʻib, toʻniga tikkan, yuz-qoʻlini yuvmoqchi boʻlganida anhorga tushib ketib, choʻkib oʻlgan kishi haqidagi hikoyat ham mol-davlat umr mazmuniga aylanmasligi zarurligi haqida soʻzlaydi. Umuman, mumtoz adabiyotimiz, milliy qadriyatlarimizda boylikning oʻrni va ahamiyati, unga munosabat aniq-tiniq ifodasini topgan. Sharq donishmandlari pul maqsad emas, vosita boʻlishi zarurligini uqtiradi.

“Olma pish, ogʻzimga tush” qabilida yashash, boshqalarning marhamatiga koʻz tikib kun oʻtkazish ham insonlik shaʼniga toʻgʻri kelmaydi. Odamzod hech qachon yukini oʻzgalarga tashlamasligi, boshqalarni malollantirmasligi kerak. Buning uchun esa iqtisodiy mustaqil boʻlishi zarur.

 

Suv qattiq joyda turadi

Boy-badavlat, oʻziga toʻq boʻlganga nima yetsin! Oʻzidan tinchigan odamgina boshqalarga yordam qoʻlini choʻza oladi-da. Xoʻsh, boylik qanday yigʻiladi? Koʻp ishlash, koʻp pul topish bilangina boyib boʻlmaydi. Koʻpni koʻrganlar buning uchun birinchi navbatda sarflashni oʻrganish zarurligini uqtiradi. Bu koʻnikma oilada shakllanadi. Oila byudjetini rejalashtirish, savdo-sotiq qilish borasida bilim-tajribaga ega boʻlgan bola mustaqil hayotda qiynalmaydi. Hayotiy bir misol. Uylanib, bola-chaqali boʻlganda ham bozor qilish nari tursin, bir kilo goʻshtni eplab ololmagan kishilarni koʻrganmiz. Nega bunday? Sababi aniq – ota-ona savdo madaniyatini oʻrgatmagan, har narsaga oʻzlari yuguravergan.

Xalqimizda “Arzimasa arzonga ham olma”, “Bozori yaqin boyimas” kabi maqollar bor. Bu kabi hikmatlar keraksiz xarid­lardan cheklanishga oʻrgatadi. Bir mutafakkir aytganiday, keraksiz narsalarni sotib olavergan odam bir kuni kerakli narsalarini sotishga majbur boʻladi. Tejamkorlik – boylikning poydevori. Chiqimlarini nazorat qila olmaslik boshqaruvni qoʻldan boy berish demakdir. Ammo tejamkorlik bilan mumsiklikni farqlab olish ham zarur. Pul jamgʻarish uchungina topilmaydi, u hayotiy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qilishi kerak. Yeb-ichmay, oʻziga eʼtibor bermay bedavo bir kasallik orttirgan kishiga pullari yordam bera oladimi?

 

Kirim kalitlari

Inglizlarda “Taʼlimga sarflangan pul beiz ketmaydi” degan maqol bor. Haqiqatan, biror kasb-hunarni oʻrganishga ketgan mablagʻ tez orada mevalarini beradi. Sarf-xarajatning oʻrni tez qoplanib, foyda kela boshlaydi. Umuman, daromadlarni maqsadli, rejali ishlatish qoʻlda pul toʻplanishiga yordam beradi. Moddiy jihatdan qiynalib qolish, qarzga botish, tushkunlikka tushish kabi noxush vaziyatlardan ham asraydi.

Koʻp ishlash koʻp pul topish degani emas. Odam oʻzi qiziqqan sohada mehnat qilishi kerak. Shundagina ishi unadi, eʼtiborga tushadi. Oʻz kasbining ustasi boʻlgan kishi esa yaxshi daromad oladi.

Dunyo olimlarining fikricha, boshqalarga yordam beradigan, saxiy kishilar tez boyir ekan. Bu xulosa hayotda isbotini juda koʻp bor topgan. Boy-badavlat kishilarning hayot yoʻliga nazar tashlasangiz, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz. Masalan, hazrat Navoiyni olaylik. Juda katta boylikka ega boʻlgan, ulugʻ amir lavozimigacha koʻtarilgan bu zot xayr-saxovat ishlari bilan muntazam shugʻullangan. Bundan esa mol-davlati kamaymagan, aksincha, koʻpayib borgan. Gohida oʻylab qolaman, agar Navoiy bobo ijod bilan shugʻullanmaganida ham, ana shu ezgu ishlari tufayli tarixda oʻchmas iz qoldirgan boʻlar edi.

 

Yengil kelgan yengil ketadi

Bu holatni balki oʻz hayotingizda ham kuzatgan boʻlsangiz kerak. Kutilmagan joydan qoʻlingizga pul tushib qoldi, deylik. Qanday oson kelgan boʻlsa, shunday oson joyini topadi. Unga ortiqcha qaygʻurmaysiz ham, asrash yoki birorta muhim xarajatga sarflashni oʻylamaysiz ham. Agar boshqa daromadlaringiz ham jiddiy mehnatsiz, jon koyitmasdan topilayotgan boʻlsa, bu narsa feʼl-atvoringizga, turmush tarzingizga taʼsir qilishi tabiiy. Yengil hayotga, oʻylamay sarflashga oʻraganasiz. Shu bois ham Sharq donishmand­ligida peshona teri bilan rizq topish targʻib etiladi. Shu sababli ulugʻ avliyolar, olim va shoirlar ham kasb-korga ega boʻlganlar.

 

Baraka topay desangiz…

Pul haqida gap ketganda baraka mavzusini chetlab oʻtib boʻlmaydi. Milliy qadriyatlarimizdan oziqlangan bu tushuncha halol mehnat bilan rizq terish, topganimizni yaxshi yoʻlda sarflash, birovni norozi qilmaslik kabilarga oʻrgatadi. Qingʻirlik, gʻirromlik bilan topilgan molda baraka boʻlmaydi. Ota-bobolarimiz ming yillardan beri ana shu oltin qoidaga amal qilib kelgan. Bozorda savdolashib, bir narxga kelishib, oldi-berdi qilingach, xaridor ham, sotuvchi ham: “Yaxshi kunlarga ishlating, barakasini bersin!” deb niyat bildiradi. Bu gap rozi-rizoliknigina anglatmaydi, u oʻzaro mehr-oqibat paydo boʻlishiga ham xizmat qiladi.

Pul barakali boʻlishining shartlaridan biri savdolashishdir. Aytilgan narxga olib ketaverish choʻntakka zarar yetkazishdan tashqari boshqalarning haqqiga xiyonat qilish hamdir. Chunki siz qimmat narxga olsangiz, sotuvchi keyingi xaridorga ham ana shu narxga sotishga harakat qiladi, bu bahoni bozor koʻtarar ekan degan xulosaga kelib qoladi.

 

Boyish uchun nima qilish kerak?

Yuqorida boyishga asos boʻladigan sabablarning bir nechtasi haqida toʻxtaldik. Qolganlarini muxtasar keltirib oʻtamiz. Bu fikrlarning aksariyati dunyo psixologlarining koʻpyillik izlanishlari orqali isbotlangan.

Oldingizga aniq maqsad qoʻying va unga erishish uchun bor kuchingiz bilan harakat qiling. Shunda pul topishingiz, tejashingiz oson boʻladi.

Chiqimlaringiz roʻyxatini tuzing. Kunlik, haftalik, oylik, yillik. Shunda oilaviy yoki shaxsiy byudjetingizni tasavvur qila olasiz. Xarajatlarni belgilangan chegaradan oshirmang. Amaldagi chiqimlar bilan rejalarni solishtirib turing.

Pulingizni tejashni iloji boricha ertaroq boshlang.

Biror narsa xarid qilishdan oldin uning narx-navosini tanish-bilish­lardan yoki internet saytlaridan aniqlab oling. Eng yaxshisi – tanishlardan soʻrash. Ular mahsulotning sifati haqida ham xolis fikr ayta oladi.

Shaxsiy biznesi­ngizni yoʻlga qoʻying. Kirim imkoniyatlaringiz birgina manba bilan cheklanib qolmasin.

Yangi lavozimga koʻtarilsangiz-u, maoshi­ngizda oʻzgarish boʻlmasa yoki mehnatimga nisbatan kam haq olyapman deb hisoblasangiz, boshliq bilan oyligingizni oshirish masalasida gaplashib koʻring.

Pul bu – energiya. U doimiy harakatda boʻlishi kerak. Yoʻqsa, oʻlik sarmoyaga aylanib, qadri va kuchini yoʻqotib boradi.

Qarzingiz boʻlsa, tezda qutuling. U birovning puli. Yelkada yuk bilan yashash yaxshi pul topishngizga xalal beradi.

Oddiylikka intiling. Qimmatbaho kiyimlar, ortiqcha buyumlar, zeb-ziynatlar choʻntakka katta zarar yetkazadi.

Xatolardan saboq chiqaring. Shaxsiy biznesi­ngizda omadsizlikka uchrasangiz, qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urmang. Nimalarda yanglishganingizni anglab, hammasini boshidan boshlang.

Oʻzingiz uddalaydigan ish va xizmatlar uchun pul sarflamang.

“Mening qoʻlimdan kelmaydi”, “Biz bir faqir odammiz” kabi iboralarni ishlatmang. Koʻnglingizda ham, tilingizda ham ijobiy fikrlar qaror topsin. Niyat sifatida shakllangan fikr amalga oshadi. Oʻzingizga ishoning.

Sport, salomatlik va dam olish uchun vaqt ajrating. Sogʻlikning yomonlashishi daromadlaringiz kamayishi va chiqimlaringiz ortishiga sabab boʻladi.

Boshqalarga yordam, doʻstlik, mehr-oqibat va ijodkorlik kishiga katta kuch beradi. Bunday kuchga ega kishining maqsadga erishishi oson kechadi.

Shukr qiling. Noshukrlik baraka va omadni ketkazadi.

 

Nima puldan qadrliroq?

Nega “Pul – qoʻlning kiri” deyishadi? Nima, u kir, chirkin narsami? Yoʻq, bu maqolning maʼnosi boshqacha. Kishining eng tez kir boʻladigan va eng koʻp yuviladigan aʼzosi – qoʻli. Qoʻldagi kir koʻp turmaydi. Pul ham shunday: keladi, ketadi. Sen ana shu vaqtinchalik, omonat narsaga ishonib qolma, dunyoda undan qimmatliroq narsalar ham bor, degan maʼno chiqadi maqoldan. Maxtumqulining mashhur bir sheʼrida “Boy boʻlay deb izzatingdan ayrilma” degan misra bor. Haqiqatan, insonning or-nomusi, qadr-qimmati har qanday boylikdan ustun. Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin: oila, yaqinlar, umr, salomatlik va hokazo. Eng muhimi, bobolar uqtirgan hikmatni unutmasak bas: pul maqsad emas, bir vosita, xolos. U erkin va farovon hayot, ezguliklar uchun xizmat qilishi kerak.

 

Orifjon MADVALIYEV

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 4-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.