Qalbning hayoti

0
2081
marta koʻrilgan.

Ilm bu dunyoda ham, oxiratda ham foyda berishi haqida koʻp aytilgan. Biroq, shuni ham esdan chiqarmaslik kerak: ilm moddiy foyda manbai emas. Faqat moddiy foydani koʻzlab ilm oʻrgangan odam savobdan quruq qolishi mumkin. Baʼzida ayrim ota-onalarning “Oʻqib olim boʻlarmiding, boʻladigan ishning boshidan tutsang-chi”, deya bolalariga tanbeh berganini eshitib qolamiz. Sirtdan olib qarasa, ularning ham gapida jon bordek. Lekin maʼnaviy tarbiyaning juda katta qismi kitobdan olinadi. Qanday mutolaa qilishni bilgan odam oʻylashni, fikrlashni oʻrganadi, hayotni teranroq anglaydi. Kitob faqat olim boʻlish uchun oʻqilmaydi. Mutolaa – maʼnaviy ehtiyoj. Choʻmilgach tanimiz yayrab, yengil tortgani kabi yaxshi kitob oʻqiganimizdan soʻng ruhimiz tiniqlashadi, koʻnglimiz yorishadi, halollik, yaxshilik, toʻgʻrilik mezonlari haqida yana bir bor fikr yuritamiz. Biroq har qanday kitob bunday ruhiy halovat beravermaydi.

Sayoz, yengil-yelpi, qoʻl uchida isteʼdodsizlarcha yozilgan kitobni oʻqish umrni behuda sarflashdan boshqa narsa emas. Bunday “asar”lar nafaqat vaqtni oʻgʻirlaydi, balki maʼnaviy qashshoqlashishga, yengil oʻylashga olib keladi. Xoʻsh, yaxshi kitob bilan yomon kitobni qanday ajratish mumkin? Dinimizda niyatga katta eʼtibor qaratiladi, amalning mohiyati niyatda koʻrinadi. Demak, aqliga ozuqa boʻladigan, oʻzini maʼnan yuqorilatadigan kitobni oʻqishni istagan odam yaxshi kitobni bemalol ajrata oladi. Chunki bu talabga faqatgina yaxshi kitob javob beradi. Maʼnaviy himoyasi shakllangan kishi koʻngli istamagan soʻzlarga duch kelgan zahoti mutolaani toʻxtatadi.

“Kitob” va “ilm” soʻzlari et bilan tirnoqday bir-biriga chambarchas. Yaxshi kitob ilmdir. Paygʻambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) hazrat Aliga nasihat qilib: “Moʻmin qirq kun olimlar majlisida boʻlmasa, katta gunohlar qila boshlaydi. Chunki ilm qalbning hayotidir”, deganlar. Yaxshi kitob oʻqish – fazilatli olimlar, mutafakkirlar, shoirlar suhbatida boʻlishday gap. Bu suhbatdan xulosa chiqara olish va ularga amal qilish zarur. Mutolaaning mohiyati shunda. Paygʻambarimiz (alayhissalom) ilmni “qalbning hayoti” deb atadilar. Koʻngilning tirikligi maʼnaviy haytimizning poydevoridir. Qalbi oʻlgan odamda ana shu maʼnaviy poydevor yemiriladi, uni jaholatdan, yomonlikdan toʻsib turadigan devor qolmaydi.

Ilm olish Alloh roziligini topishdagi muhim vositalardan biridir. Chinakam bilimli, olam qonuniyatlarini chuqur oʻrgangan har qanday qalbi tirik odam hidoyat topadi – Yaratganning Biru Borligini, uning Qudratini anglaydi. Kitob oʻqish insonni shunday yuksak maqomga yetishtirgani bilan ham muhimdir. Alloh taolo: “Yoʻq, u (Qurʼon) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir! Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilurlar” (Ankabut, 49).

“(Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qurʼon)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yoʻliga hidoyat qilishini bilurlar (Sabaʼ, 6)”.

“…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur” (Mujodala, 11), deb marhamat qiladi. Bu oyatlar mazmunidan ilmning, ilm olishning naqadar zarur ekani oydin boʻladi.

Musulmon kishi Allohning roziligiga intiladi, buni hayotining eng asosiy oʻlchovi deb biladi. Bu yoʻldagi eng muhim vositalardan biri – ilmga intilaylik. Nafaqat oʻzimiz, balki yaqinlarimiz, farzandlarimizning ham ilm olishi, kitob oʻqishini ragʻbatlantiraylik.

 

Orif Tolib

 


“Yillik taqvim – 2013”da chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.