Qutlug‘ dargohdagi saboqlar

0
633
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlarning “Iste’dod maktabi” seminarini an’anaviy tarzda o‘tkazib kelyapti. Bu yil sakkizinchi bor tashkil etilayotgan seminarning respublika bosqichida nazm, nasr, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid, badiiy publitsistika, badiiy tarjima va dramaturgiya yo‘nalishlarida o‘ttizdan ortiq yosh ijodkor ishtirok etdi. Anjuman 23-25 noyabr kunlari “Do‘rmon” ijod uyida bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda istiqomat qilayotgan o‘ttiz besh nafar yosh ijodkorning ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.

– Qo‘liga qalam olib, adabiyot bo‘stoniga qadam qo‘ygan har ijodkorning orzusi – ustoz adiblarga ilhom baxsh etgan “Do‘rmon ijod bog‘ida bo‘lish”, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Bu qutlug‘ dargohda har yili o‘tkazilayotgan “Iste’dod maktabi” o‘quv-seminarlari chinakam ilhom sarchashmasi, chinakam darsxona, ulug‘ ijodxona vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Ijod” fondi mablag‘lari hisobiga har yili yosh ijodkorlarimizning ilk kitoblari yigirma ming nusxadan chop etilib, mamlakatning barcha o‘quv dargohlariga bepul tarqatilayotgani – istiqlol yillarida iste’dodli yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning yorqin namunasidir.

Yurtimizning turli hududlarida yashab, ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish va ularga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – Uyushmaning doimiy diqqat-e’tiborida. Bundan yigirma yil oldin – 1995 yili Jizzax viloyatining xushmanzara Zomin tumanida ilk bor yosh ijodkorlarning respublika seminari o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanlarida uyushtirilgan yoshlar seminarlari yosh ijodkorlarga katta ilhom berdi, ularni yuzaga chiqardi.

“Iste’dod maktabi” VIII seminari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, adabiyot haqidagi tasavvurlarini boyitdi, ularga olam-olam zavq berdi. Navbatdagi sahifada seminarda qatnashgan yosh ijodkorlarning mashqlari va anjumandan olgan taassurotlari bilan tanishasiz.


 

 

Gulrux Xudoyorova

1991 yili tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti magistranti.

“Iste’dod maktabi” seminari haqida tengdoshlarimdan eshitar ekanman, har safar ularga havas bilan boqish barobarida menda ham shu seminarda ishtirok etish orzusi paydo bo‘lgan edi. Bu yil orzum amalga oshdi. “Iste’dod maktabi” VIII respublika yosh ijodkorlar seminarida nazm yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdim. Bir necha kunlik ijodiy muloqotlar natijasida yurtimizda iste’dodli, adabiyotni chinakamiga sevadigan yoshlar ko‘p ekanligiga yana bir karra guvoh bo‘ldim. Ustozlarning samimiy suhbatlari nafaqat menda, o‘ylaymanki, men qatori seminarda ishtirok etgan barcha tengdoshlarimizda katta taassurot qoldirdi. Tengdoshlarimizning she’rlarini tinglab, kezi kelganda o‘z kamchliklarimni ham bilib oldim. Bu seminar biz uchun tajriba maktabi bo‘ldi, katta ilhom berdi. O‘ylaymanki, olgan taassurotlarimiz hali uzoq yillar bizga yo‘ldosh bo‘ladi, qalbimizni shu’lalantirib turadi.

 

 

Sarbinaz Tureshova

1994 yili tug‘ilgan. Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi.

– Hamma narsaning birinchisi o‘zgacha, betakror taassurotlarga boy bo‘ladi. “Do‘rmon” ijod uyida kechgan adabiyot bayrami haqida ham shunday deyish mumkin. Bu yerda kechgan anjumanda birinchi bor ishtirok etayotgan tengdoshlarimiz kelajakda bundan-da yirik adabiyot bayramlarida qatnashishiga shubha qilmayman. Lekin ularning qalbida Do‘rmon seminari umrbod saqlanib qolishi shubhasiz.

Men seminarda badiiy publitsistika yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdim. Taniqli publitsist Saydi Umirovdan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Kelajakda ijodiy faoliyatimda asqotadigan qimmatli maslahatlar oldim. Imkoni bo‘lsa, kelgusi seminarlarda ham jon deb qatnashardim.

Biz kabi yoshlarga shunday sharoitlar yaratib berayotgan, adabiyot ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan davlatda yashayotganimizdan benihoya baxtiyormiz.

 

 

Elbek Jumanov

1986 yili tug‘ilgan. Qarshi davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

El ardog‘idagi mashhur shoiru yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar bilan uchrashish, ular bilan jonli muloqot qilish ijodiy va ilmiy faoliyatimizda evrilish yasashi shubhasiz. Ustoz adiblarning umid va ishonch bilan bildirgan mulohazalari, samimiy e’tiroflari, kezi kelganda o‘rinli va ayovsiz tanqidlari o‘zimizga chetdan nazar solish imkoniyatini yaratdi.

Ulug‘ ajdodlarimiz, jahon adabiyotining eng yetuk namoyandalarining asarlari, shaxsiyati, hayot yo‘li haqida ko‘proq bilganing sari hali qancha izlanishing, o‘rganishing kerakligini his etasan kishi.

Rost tuyg‘ular, toza ko‘ngil, yuksak orzular haqida yozilgan asargina uzoq yashaydi, muhabbat, bag‘rikenglik, hayotsevarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lagan kitoblar zamon va makon chegaralaridan o‘ta oladi. “Iste’dod maktabi” seminari bizga bu haqiqatni yana bir karra uqtirdi.

 

 

Vazira Ibrohimova

1993 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan.

Seminarda qatnashib, adabiyotga, ijod olamiga kirib kelayotgan har bir yosh ijodkorga katta umid bilan qarayotganini angladim. Ustozlar ham, kitobxonlar ham bizdan yangi fikr, yangicha ohanglar, samimiylik va tabiiylikni kutishadi.

“Badiiy publitsistika” yo‘nalishidagi mashg‘ulotlarda, Saydi Umirov, Ahmadjon Meliboyev kabi jurnalistikamizning zabardast vakillari suhbatidan, o‘gitlaridan bahramand bo‘ldim. “Publitsistikada faqat his-tuyg‘uning o‘zi yetarli emas. Fakt va dalillar, hujjatlilik ham muhim o‘rin tutadi”, deydi Saydi Umirov.

Seminar davomida yana bir katta saboq xotiramga muhrlandi: adabiyotga nimaningdir ilinjida yoki tama bilan kirib bo‘lmaydi. Yurakdan chiqqan samimiy misralar, albatta, yuraklarga yetib boradi, chuqur bilim va mushohadaga asoslangan asarlar boshqalarni ham o‘ylashga, fikrlashga undaydi.

 

 

Shohsanam Nishonova

1995 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. 2016 yili “Yurt kelajagi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

Ustozlarning izi qolgan qutlug‘ Do‘rmon bog‘iga borishni, “Iste’dod maktabi” seminarida qatnashishni istamagan yosh ijodkor bo‘lmasa kerak. Bu yil menga ham ishtirokchi bo‘lish nasib qildi. To‘g‘risi, Do‘rmonga birinchi kelishim emas, lekin har doimgidek ko‘nglimni kuchli hayajon chulg‘adi. Uch kun davom etgan seminarda Muhammad Ali, Enaxon Siddiqova, Sa’dulla Hakim kabi ustozlar imtihonidan o‘tib, yutuq va kamchiliklarimizni bilib oldik. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar bilan do‘stlashdik. Bu seminar bizni yanada birlashtirdi, ilhom bag‘ishladi. Uchrashuvlar barchamizning qalbimizda chuqur taassurot qoldirdi. Bir so‘z bilan aytganda, Do‘rmonda o‘tgan har bir kun umrbod esda qolarli, asrga tatigulik kun bo‘ldi.

 

 

Mansur Jumayev

1991 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan.

Seminar ilk daqiqalaridanoq qalbimga beqiyos hayajonlar soldi. Dastlab Navoiy bobo haykali poyiga gul qo‘ydik, so‘ng Chig‘atoy qabristoniga borib, ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning qabrlarini ziyorat qildik. So‘ng “Do‘rmon” ijod uyiga yo‘l oldik.

Asarlar muhokamalari, munozaralar, tortishuvlar va tanqidlar… Bularning bari bir umr esdan chiqmaydigan go‘zal xotiralar bo‘ldi men uchun. Ustozlardan olgan saboqlarimiz, tengdoshlarimiz bilan kechgan mushoiralarni endi sog‘inib-sog‘inib eslaymiz. Ijodiy va ijobiy raqobat, she’rxonliklardan ko‘p narsa o‘rgandim: kimdandir qanday yozishni, kimdandir qanday yozmaslikni. Xursandchiligimning yana bir sababi, endi respublikamizning har bitta viloyatida, shaharu qishloqlarida do‘stlarim bor. Hamqalam, hamqadam, hammaslak do‘stlarim.

Biz yoshlarga ana shunday unutilmas damlarni tuhfa qilgan barcha-barchaga tashakkur aytaman.

 

 

Orifjon Madvaliyev

tayyorladi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 11-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.