Ramazon aytib keldik eshigingizga…

0
892
marta koʻrilgan.

Odam bolaligini koʻp eslaydi, qaytib-qaytib, entikib-entikib eslaydi. Bolalikda yodda qoladigan narsalarga koʻp uchraydi odam. Chunki bu davrda kundalik turmush va borliqdagi narsalar tasavvur uchun yangilik boʻladi, shu bois eʼtibor tortadi va xotiraga muhrlanib qoladi.

Har yili butun olamga xayru rahmat ulashib Ramazon kelganida bolaligimdagi nurli sahifalar koʻz oldimdan lip-lip oʻtadi, chuqur bir orziqish bilan sogʻinch hissini tuyaman. Roʻza kunlari boshlanishi bilan mahalla bolalari toʻp-toʻp boʻlib Ramazon aytardi. Bunday guruhlarga bir-ikki marta qoʻshilganman, xolos. Biroq suyunchiga turshakmi, mayizmi, yongʻoqmi, anormi, xullas, biror tansiqroq narsani olgandagi kayfiyat shuurimda oʻrnashib qolgan. Bolalarning sevinchi boshqacha boʻladi-da! Arzimagan narsadan, shunchaki bir iliq soʻz, eʼtibordan boshi osmonga yetadi. Hozir Ramazon aytib kelgan bolalarga ul-bul ulashsam, oʻsha yorugʻ xotiralar birdaniga jonlanadi, ramazonchi bolalarday men ham oʻzimda yoʻq sevinib ketaman, koʻnglim yorishib, koʻzim tiniq tortganday boʻladi.

Ramazon aytish ehson yigʻish yoki tarqatishgina emas. Bunda oʻzaro mehr-oqibat, ezgulik, qoʻshnichilik haqqini ado etish kabi jihatlar ham jam boʻlgan:

 

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Qoʻchqorday oʻgʻil bersin beshigingizga,

 

deb kuylaydi bolalar. Baland-past boʻlib tizilib, joʻr ovozda qoʻshiq aytayotgan koʻzlari chaqnoq bolakaylarni koʻrib har qanday insonning koʻngli erib ketadi. Ularning ezgu, begʻaraz soʻzlariga qoʻshilib beixtiyor “omin!” deb yuboradi. Chunki bu oyda qilingan duolar mustajob, ayniqsa, bolalarning duolari.

Afsuski, uyiga Ramazon aytib kelgan bolalarni soʻkib beradigan, haydab yuboradigan odamlarni ham koʻrganman. Eshigiga oʻz oyogʻi bilan kelgan ajru savobdan, beqiyos rahmat va barakadan koʻz yumguvchi bunday kimsalardan koʻnglim qolgan.

Saharlik va iftorlik dasturxonlari toʻkin boʻladi. Shu sabab biz – bolalar ham roʻza tutmasak-da, saharlikka turar, iftor payti kattalardek duo oʻqib “ogʻiz ochardik”. Ayni shu iftor payti Ramazon aytib kelishardi. Qishga deb asrab qoʻyilgan anormi, behimi, turshakmi yoki qand-qursdanmi olib ramazonchilarga ulashardik. Gohida bitta guruhni kuzatib, endi dasturxonga qaytib oʻtirganimda, boshqa guruh kelib qolardi. Yana turishdan biroz ogʻrinardim, erinardim. Shunda rahmatli bobom urishib berar, oʻzi yonida asrab yurgan qand-qurs, uch-toʻrt soʻm pulni tutqazib joʻnatardi. U kishi bolalarni noumid ketkazishni istamas, bizni ham shunga oʻrgatardi.

Bugun Ramazon qoʻshiqlari bir muncha oʻzgarib ketdi… Men esa hamon oʻsha – duoga oʻxshaydigan, samimiy qoʻshiqlarni sogʻinaman:

 

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim oʻgʻil bersin beshigingizga…

 

Darvozangiz oldiga umid bilan kelgan qorakoʻz bolakaylarga ogʻrinmay, chin dildan mehr, yaxshilik ulashing. Kun kelib sizning farzandlaringiz ham boshqalarning eshigiga Ramazon aytib, eng ezgu tilaklarni eltib borsin. Ular ham samimiy, iliq mehr ulashsin. Oʻrtadagi ana shu yorugʻ rishta uzilmasin.

Ramazon muborak boʻlsin!

 

Orif Tolib

 

2011

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.