Saudiya Arabistoni Qirolligi

0
1881
marta koʻrilgan.

Maydoni: 2 217 949 kv. km.

Aholisi: 26 939 500 dan ortiq.

Poytaxti: Riyoz shahri.

Boshqaruv shakli: mutlaq monarxiya.

Davlat boshligʻi: qirol.

Maʼmuriy tuzilishi: 13 ta mintaqa (viloyat)ga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Riyoz, Jidda, Makka, Madina.

Pul birligi: saudiya riali.

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Osiyoning janubi-gʻarbida, Arabiston yarimorolida joylashgan. Shimolda Iordaniya, Iroq va Quvayt, sharqda Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari, janubi-sharqda Ummon va janubda Yaman bilan chegaradosh. Shimoli-sharqini Fors koʻrfazi, gʻarbini Qizil dengiz suvlari yuvib turadi.

Arabiston yarimorolining sakson foiz qismini egallaydi. Mamlakat gʻarbida, Qizil dengiz sohili boʻylab Hijoz togʻ tizmasi yastangan. Janubi-gʻarbda togʻ choʻqqilarining balandligi 3000 metrgacha yetadi. Shimol asosan choʻllardan iborat. Janub va janubi-gʻarbni Rub al-Xali sahrosi band etgan.

Saudiya Arabistoni hududining koʻp qismi choʻllar va yarimchoʻllardan iborat. U yerlarda koʻchmanchi badaviylar yashaydi. Asosiy aholi oʻlka gʻarbi va sharqidagi sohilboʻyi shaharlariga jam boʻlgan.

Iqlimi – quruq. Yozda harorat hamisha +50 darajadan yuqori boʻladi. Mamlakat gʻarbidagi Jizon togʻlarigagina qor tushadi, xolos, u ham har yili emas. Yillik yogʻin miqdori 100 mm. Saudiya Arabistonining markaziy va sharqiy qismlariga asosan kech qish va bahorda, gʻarbiy hududlariga esa faqat qishda yomgʻir yogʻadi.

Tarixiy sanalari. Milodiy VI asrlarda Makka qurayshiylari yon-atrofdagi qabilalarni birlashtirdi. Habashistondan kelgan istilochilarning hujumi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

570 yili Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xuddi shu oʻlkada – Makka shahrida dunyoga keldilar. 622 yili Yasrib (Madina)ga hijrat qildilar. Bu shahar boʻlajak Arab xalifaligining markaziga aylandi. VII – VIII asrlarda Saudiya Arabistoni hududining koʻp qismi umaviylar, VIII asr ikkinchi yarmi – IX asrlarda abbosiylar xalifaligiga qaragan. X – XII asrlarda Arabiston yarimorolining bir qismida mustaqil amirlik, sultonliklar paydo boʻlgan. Hijoz fotimiylar, soʻngra ayyubiylar, XIII asr oʻrtalari – XVI asr boshlarida mamluklarga qaram boʻlgan.

XVI asr boshlarida Hijozni Usmonli turklar oʻz tasarrufiga olgan.

XIX asr boshlariga kelib Arabistonning talay qismi Saudiylar davlatiga birlashtirildi. Bu davlat – birinchi Saudiylar davlati (1745 – 1811) hisoblanadi. 1811 – 1818 yillarda Arabiston yarimorolining koʻp qismi Misr podshosi Muhammad Ali qoʻshinlari tomonidan egallab olindi va Saudiylar davlati parchalab yuborildi. 1843 yili Faysal ibn Turkiy boshchiligida saudiylar mahalliy qabilalar koʻmagida Najdni ikkinchi marta egallashdi. Riyoz shahri poytaxtga aylantirildi. Bu davlat saudiylarning ikkinchi davlati (1843 – 1865) boʻldi. Uni XIX asrning ikkinchi yarmida rashidiylar bosib oldi.1902 yili amir Ibn Saud Quvayt hukmdori Muborak yordamida Riyozni egallab, rashidiylarga zarba berdi, keyinchalik Najdda saudiylar hukmronligini tikladi. Abdulaziz ibn Abdurahmon (Ibn Saud) Ol Saudlarning uchinchi davlatiga asos soldi (1902 yildan).

1932 yildan boshlab mamlakat Saudiya Arabistoni Podshohligi deb ataladigan boʻldi.

Saudiya Arabistoni 1945 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. 1992 yil fevralda Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini oʻrnatgan. Milliy bayrami – 23 sentyabr – Podshohlik eʼlon qilingan kun (1932).

Iqtisodi. Mamlakat iqtisodiyoti neft sanoatiga asoslangan. U yalpi ichki mahsulotning 45 foizini tashkil etadi. Byudjet foydalarining 75 va eksportning 90 foizini neft mahsulotlari tashkil etadi. Neft sotuvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK)da asosiy oʻrinni egallaydi.

Saudiya Arabistoni 2009 yili neft qazib olish va sotish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni band etdi.

Mamlakat 2005 yili Butunjahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlgan.

Asosan neft va neft mahsulotlari sotadi. Tashqi savdodagi asosiy xaridorlari – AQSH, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur.

Sanoat uskunalari, oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari, avtomobil, gazlama import qiladi. Ularni asosan AQSH, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Italiya va Janubiy Koreyadan sotib oladi.

Aholisi. Aholisining yetmish foizdan ortigʻi saudiyaliklar, tubjoy arablar, qolgan oʻttiz foizi chetdan kelganlar. Davlat tili – arab tili.

Dini. Aholi musulmonlardan iborat. Aholining toʻqson foizdan ortigʻi sunniy, sakkiz foizi shia mazhabiga mansub. Mamlakatga keladigan musulmon boʻlmagan xorijliklar Makka va Madina shaharlariga kiritilmaydi.

Har yili toʻrt millionga yaqin musulmon haj va umra ibodatini ado etadi.Saudiya Arabistoni hukumati hozirda ikki muqaddas shaharda katta qurilish ishlarini olib boryapti. Maʼlumotlarga koʻra, 2020 yilga borib mamlakat hozirgiga nisbatan uch barobar koʻp ziyoratchini qabul qilishi mumkin.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 9-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.