Shoshmay tursa arziydi

0
3017
marta koʻrilgan.

Miriqib multfilm koʻrib oʻtirgan ukangizni ishga buyurib koʻrganmisiz? Xarxasha qilib yuborgan boʻlsa kerak-a? Har holda, indamaygina ishga qirishib ketmagandir. “Shoshmay, turing, multfilmni koʻrib olay”, degan boʻlsa ajab emas. Balki oʻzingiz ham qiziqib, ukangizga qoʻshilib ekran qarshisiga oʻtirib olgandirsiz. Toʻgʻri, yaxshi multfilm qoʻyilayotganda biroz shoshmay tursa ham boʻladi. Ayniqsa, qadrdon qahramoningiz Boʻri bor ovozi bilan: “Senimi, shoshmay tur!” deb hayqirgan paytda.

Bugun bolalarning, hatto kattalarning ham sevimli multfilmiga aylangan “Senimi, shoshmay tur!” (“Nu, pogodi!”) haqida hikoya qilamiz.

Multfilmning asosiy qahramonlari Boʻri bilan Quyon. Boʻri – mayda bezori, doim tartib-qoidani buzib yuradi. Quyonni tutishga qanchalik urinmasin, ayorlik ishlatmasin, har safar buning uddasidan chiqolmaydi, turli kulgili holatlarga tushib qoladi. Quyon – ijobiy qahramon, kuchsiz boʻlishiga qaramay haqiqat tarafida turadi, adolat uchun kurashadi. Multfilmda bundan tashqari begemot, ayiq, koala, kenguru va boshqa qahramonlar ham qatnashgan.

Boʻri bilan Quyon bir-biriga dushman boʻlishiga qaramay, ogʻir vaziyatga tushib qolganda bir-biriga yordam beradi. Masalan, Quyon oyogʻi singan Boʻrini yoʻqlab kasalxonaga boradi, kemada paydo boʻlgan yoriqni berkitishga yordam beradi, Boʻrining kuygan qoʻlqopini koʻrgach, oʻlibdi deb oʻylab yigʻlay boshlaydi… Mulfilm yosh bolalarga katta zavq berishidan tashqari, ularda achinish, mehr va rahmdillik fazilatlarini tarbiyalashga xizmat qiladi.

Har bir qism oʻn daqiqadan iborat. Dastlab 2 daqiqaga yaqin davom etadigan kirish qismi keladi. Uning soʻngida Boʻri odatda Quyonga qarata: “Senimi, shoshmay tur!” deb qichqiradi. Ekranda serial nomi, qism raqami va ijodkorlar roʻyxati birin-ketin paydo boʻladi. Oʻttiz soniyaga yaqin vaqt davomida ijodkorlar roʻyxati yozilib turadi, hech qanday animatsiyasiz, faqat matn beriladi. Ana shu vaqt davomida mulfilmning shoʻx-shodon ohangli musiqasi yangrab turadi.

Qolgan vaqt davomida asosiy syujet voqealari roʻy beradi; koʻpincha kirish qismidagi voqealar davom ettiriladi. Film soʻngida Boʻri muvaffaqiyatsizlikka yoʻliqib, yana: “Senimi, Quyon, shoshmay tur!” deb qichqiradi. Ovoz bilan birga xos musiqa ham yangraydi va ekranda “Tamom” (“Konets”) yozuvi paydo boʻladi.

1969 yili “Quvnoq ot oʻyini” almanaxida Gennadiy Sokolskiy ishlagan dastlabki Boʻri va Quyon syujeti paydo boʻladi va u keyinroq mashhur serialning asosiy prototiplariga aylanadi.

1–16-qismlar 1969 yildan 1986 yilga qadar “Soyuzmultfilm” studiyasi tomonidan suratga olingan. Rejissyor – Vyacheslav Kotyonochkin. Boʻriga Anatoliy Papanov, Quyonga esa Klara Rumyanova ovoz bergan.

Anatoliy Papanovning vafotidan keyin filmni ovozlashtirish bilan bogʻliq muammo yuzaga keladi. Aktyor Boʻri timsolining bir boʻlagiga, Boʻri timsoli esa aktyorning bir boʻlagiga aylanib ulgurgandi. Shu sababli Papanovning oʻlimidan keyin personajning “yashab ketishi” dargumon boʻlib qoladi.

Biroq koʻp sonli muxlislarning multfilmga eʼtibori va muhabbati ishni davom ettirishga sabab boʻldi. Papanovning ovoz yozuvlari, oʻtgan qismlarda yozilgan ovozlarning parchalari, tanaffus paytida aktyor aytgan latifalar izlab topiladi, yigʻiladi. Ana shu “xom ashyo”dan foydalangan holda 17-18 qismlar tasmaga tushiriladi.

Ikkala qism 1993 yili “Soyuzmultfilm” va “13-Studiya” tomonidan ekranlashtiriladi. 17-qism 1994 yili, 18-qism esa 1995 yili tomoshabinlarga taqdim etiladi. 17-qism kartinaning 25 yilligiga va Anatoliy Papanov xotirasiga bagʻishlanadi.

2005 yilning soʻngida avvalgi qismlar rejissyori Vyacheslav Kotyonochkinning oʻgʻli Aleksey Kotyonochkin postanovkasi asosida 19-qismning premerasi boʻlib oʻtdi. Film “Kristmas Filmz” studiyasida suratga olindi. Yangi qismda Boʻriga mashhur satirik-parodiyachi Igor Xristenko, Quyonga esa aktrisa Olga Zvereva ovoz bergan. Bunda Anatoliy Papanovning ovoziga oʻxshash ovoz qidirilmadi. Balki yangi aktyorlarning ovozi oʻz qahramonlariga qay darajada mos tushishiga ahamiyat berildi.

Rejissyor Aleksey Kotyonochkinning soʻzlariga qaraganda, 20-qismni yaratish payti ijodiy jamoa juda koʻp gʻoyani oʻrtaga tashlagan. Biroq kartinani davom ettirish koʻp jihatdan moliyaviy masalalarga borib taqalmoqda. Film davom ettiriladigan boʻlsa, u yangicha uslub va zamonaviy koʻrinish kasb etadi. 1960-yillarda ijod qilingan Boʻri-bezori obrazi 60-yillarning oxiri va 70-yillarning boshigacha muhim ahamiyatga ega boʻldi. Bugungi Boʻri oʻzini boshqacharoq tutishi kerak.

Kotyonochkinning fikricha, yangi qismlarda Boʻri va Quyonning sarguzashtlari ham eskilaridan boshqacharoq yoʻsinda kechadi. Yangi qahramonlar qoʻshish, tamoman yangi syujet ishlash koʻzda tutilgan. Rejissyor yaqin orada toʻla metrajli “Senimi, shoshmay tur!” multfilmi ham ekran yuzini koʻrishini aytib oʻtdi. Hozircha loyiha investorlar bilan muhokama qilinyapti.

Xullas, qariyb yarim asrlik yoʻlni bosib oʻtgan bu kartina hali-hanuz baland reytingda turibdi. Boya aytganimizday, quvnoq va shoʻx-shodon, bir-biridan qiziqarli, ibratli voqealarga boy multfilmni koʻrish uchun uncha-muncha ishni yigʻishtirib qoʻysa arziydi.

 

Orifjon Madvaliyev

 


“Gulxan” jurnalida chop etilgan.


 

2011

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.