Til oʻrganishga koʻmaklashuvchi 5 ta bepul mobil dastur

0
9608
marta koʻrilgan.

Oldindan ochigʻini aytib qoʻya qolay: biror-bir dastur sizni birpasda tarjimonga yoki til bilimdoniga aylantirib tashlamaydi. Bular shunchaki yordamchilar, xolos. Asosiysi – sizdagi qobiliyat, gʻayrat va intilish.

Texnologiya rivojlangani sari hayotimizga chuqurroq kirib boryapti, koʻp ishlarimizni osonlashtiryapti. Til oʻrgatishga ixtisoslashgan dasturlar ham xuddi shunday. Masalan, elektron lugʻatlarda biror soʻzni yozsangiz, bir zumda maʼnosini chiqarib beradi. Shu soʻz qatnashgan iboralar maʼnosini ham osongina bilib olasiz.

Hatto boshlangʻich sinf oʻquvchilari qoʻl telefoni ishlatayotgan bir paytda uning foydali jihatlarini oʻrganish va boshqalarga ham oʻrgatish zarur. Demak, til oʻrganishga koʻmaklashuvchi mashhur bepul mobil ilovalar bilan tanishamiz. Bu dasturlardan samarali foydalanish uchun kamida rus yoki ingliz tilidan boxabar boʻlishingiz kerak. Bu tillarni maktab, kollej yoki oliy oʻquv yurtida oʻrgangansiz. Agar oʻsha davrda tekin oʻrganmagan boʻlsangiz, pul toʻlab qoʻshimcha darsga borishingizga toʻgʻri keladi.

 

Duolingo (Android, iOS, Windows Phone tizimlarida ishlaydi)

Eng mashhur muallim-dasturlardan biri. Bu mobil ilova yordamida dunyoning juda koʻp tillarini ingliz tili orqali oʻrganishingiz mumkin. Ingliz va olmon tillarini esa rus tili orqali oʻrganish imkoniga egasiz. Grammatika qoidalarini oʻrganish, soʻz boyligini oshirish uchun turli qiziqarli oʻyinlar bor. Dasturga talaffuzni yaxshilash uchun ham koʻplab mashqlar kiritilgan.

Bir paytning oʻzida bitta profil orqali telefon, planshet va saytda Duolingo dan foydalanish mumkin.

 

LinguaLeo (Android, iOS, Windows Phone)

Bu dastur rus tilini biladiganlar uchun moʻljallangan. U orqali ingliz tilini oʻrganishingiz mumkin. Boshqa koʻplab dasturlar kabi oʻrgatish uslublari, mavzular va oʻqish tezligini oʻzingizga moslab tanlaysiz. Audio va video materiallarning katta zaxirasi bor.

LinguaLeo asosan boshlovchilar va bolalar uchun qulay. Uning pulli boʻlimlari ham bor. Biroq bepul qismi orqali ham koʻp imkoniyatlaridan foydalanish mumkin.

 

Memrise (Android, iOS)

Til oʻrgatuvchi oʻyinlarga berilib ketish kutilgan natijaga olib kelmaydi. Til oʻrganish qatʼiyat, mehnat va lugʻat boyligini doimiy oshirib borishni talab etadi. Gap qurilishini, soʻzlarning talaffuzini yaxshi bilish mumkin, lekin leksikangizni rivojlantirmasangiz, qanotsiz qush holiga tushasiz.

Chet tilini egallashning eng yaxshi usullaridan biri oʻsha tildagi kitoblar, maqolalarni oʻqishdir. Biroq tayyorgarliksiz kishiga bunday mutolaa juda ogʻir tuyuladi. Shuning uchun faqat dasturlar bilan cheklanib qolmay, oʻrganuvchilarning darajalariga moslashtirilgan kitoblar (adapted books)ni oʻqib boring.

 

Busuu (Android, iOS)

Bu dastur bir necha ilovalarni oʻz ichiga oladi. U orqali ingliz, olmon, fransuz, yapon, ispan, xitoy, portugal va boshqa tillarni oʻrganishingiz mumkin. “Sayyohlar uchun ingliz tili” deb atalgan ilova ham boʻlib, u safarga otlanganlar tez fursatda inglizcha soʻzlay olishiga koʻmaklashadi.

Dasturdan offlayn ham foydalansa boʻladi. Imkoniyatlarini kengaytirish uchun esa uni sotib olish kerak.

 

Rosetta Course (Android, iOS)

Bu ilova orqali koʻp tillarni oʻrganish mumkin. Gaplarning grammatik va leksik qurilishini oʻrganishda katta yordam beradi. Qoidalarni oʻqitish emas, amalda qoʻllash orqali oʻrgatadi.

Boshqa dasturlar kabi Rosetta Coursening toʻliq shakli pulli.

 

Bundan tashqari, Android va iOS tizimlarida ishlaydigan oʻzbekcha-ruscha, ruscha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-inglizcha, inglizcha-oʻzbekcha va bu uchala tilga tarjima qiluvchi lugʻat-ilovalar ham bor. Ular boshlovchilar uchun ancha foyda beradi.

Yana bir muhim gap: agar siz roʻyxatda koʻrsatilmagan dasturdan foydalansangiz va u sizga qulay boʻlsa, eng yaxshi dastur – ana shu. Zarurat tugʻilsa, boshqa mobil ilovalar qatori yuqorida sanalgan dasturlarni ham sinab koʻrishingiz mumkin.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 

 

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 1-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.