Tovushlarning sir-sinoati

0
2152
marta koʻrilgan.

Bir kuni Suqrotning oldiga qandaydir kishini olib kelishibdi, u haqida fikr-xulosa bildirish zarur ekan. Donishmand uzoq kuzatuvdan soʻng: “Biror nima desang-chi, shundagina men seni koʻra olaman-da”, degan gapni aytibdi. Darhaqiqat, odamning soʻziga, suhbatlashish tarziga qarab uning feʼl-atvorini, axloqini tezda aniqlab olsa boʻladi. Ayrimlar baqirib gapirishga odatlangan boʻladi. Bu narsa suhbatdoshning asabini buzadi, unda soʻzlovchiga nisbatan salbiy taassurot uygʻonadi. Demak, ovozni meʼyorida saqlay bilish ham odob-axloqning muhim jihatidir.

Nafaqat odam, balki jonli va jonsiz tabiat ham oʻz tovushiga ega. Atrof-muhitdagi ovozlar bizning kayfiyatimizga albatta taʼsir qiladi. Masalan, suvlarning jildirab oqishi, qushlarning yoqimli sayrashi koʻnglingizga orom, osoyishtalik baxsh etsa, shahar koʻchalaridagi avtomobillarning shovqin-suroni, bozordagi gʻala-gʻovur sizni holdan toydiradi, ham jismonan, ham ruhan charchatadi. Bu holat tovush kuchi bilan bogʻliq.

Tovush kuchi telefon ixtirochisi Aleksandr Bell sharafiga qabul qilingan “bel” oʻlchov birligi bilan belgilanadi. Lekin amaliyotda asosan belning oʻn barobari – detsibell ishlatiladi. Insonning eng baland ovozi 120-130 detsibelni tashkil etadi. Bunday tovush quloqda ogʻriq uygʻotadi.

Yaproqlarning shitirlashi 30 – detsibel, baqirib gaplashish – 70 detsibel, orkestr – 80 detsibel, reaktiv dvigatel – 120-140 detsibel ovoz kuchiga ega boʻladi.

Niagara sharsharasi katta zavodlardagi shovqin bilan barobar – 90-100 detsibel kuchdagi tovush chiqaradi.

Ginnesning rekordlar kitobida mashinadan kuchliroq ovoz chiqargan shotlandiyalik oʻquvchi qiz haqida yozilgan. Oʻn toʻrt yoshli bu qizaloq musobaqada tengsiz deb topiladi – uning baqirigʻi uchib kelayotgan “Boing” samolyotining shovqini bilan barobar edi.

Ovozning balandligi tovush paychalarining 1 sekundda necha marta tebranishiga bogʻliq. Paychalar sekundiga 80 tadan 10000 tagacha tebranishi mumkin.

Odatiy suhbat jarayonida umumiy ovoz diapazonining oʻndan biri ishlatiladi.

Qoʻshiq aytayotgan kishining ovoz qamrovi soʻzlashuv paytidagidan koʻra ancha keng boʻladi. Erkak xonandalarning ohang diapazoni 2,5 oktavagacha, ayollarniki koʻpincha 3 oktavagacha koʻtariladi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.