Ulugʻvor shaharga kichik sayohat

0
1989
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan telefon qilishib, Samarqandga borishimni aytishganida, toʻgʻrisi, chin dildan quvondim. Sababi, yoʻl-yoʻlakay tushib oʻtganimni hisobga olmasa, shu paytgacha bu ulugʻ shaharni faqat kitoblar va televizor orqali tanigandim. Samarqanda borishni har yili rejalashtiraman desam xato boʻlmaydi. Lekin ish, tashvishlar sabab reja keyinga surilardi. Bu sayohat ana shu kamchilikni toʻldiradigan boʻldi.

Avgustning quyoshli tongida “Toshkent” temiryoʻl vokzalidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida bir guruh yosh ijodkorlar Samarqandga qarab yoʻlga tushdik. Xuddi oʻzim singari ilk kitoblari “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan Rustam Mirvohid, Shavkat Odiljon, Dinara Rahimova, Dildorxon Imomaliyeva kabi yoshlarga Yozuvchilar uyushmasi masʼul kotibi Sirojiddin Rauf rahbarlik qildi.

Oldindagi uchrashuvlar, ziyoratlar hayajoni yuraklarimizga intiqlik solgani har birimizning yuz-koʻzimizdan koʻrinib turardi. Darvoqe, bu dovruqli poyezdga ham ilk bor chiqishim edi. “Afrosiyob” soatiga ikki yuz kilometr tezlikda harakatlansa-da, yurgani sezilmaydi. Shundoq yonginangizdan qishloqlar, dalalar lip-lip oʻtadi. Yoʻl boʻyida saf tortgan uylar bir zamonlar hordiq chiqargani toʻxtaganu keyin shu yerda qolib ketgan karvonni eslatadi. Tonggi quyosh nurlariga choʻmib yotgan yam-yashil dalalar soʻlim yurtimizning fusunkor tabiatini koʻz-koʻzlayotganga oʻxshaydi.

Bir-biriga oʻxshash qishloqlar yonidan oʻtarkanmiz, xayolimda oʻz qishlogʻim gavdalandi. Dalayu tomorqalarda mehnat bilan band odamlarni koʻrib, yaqinlarimni, hamqishloqlarimni esladim. Safardosh tengqurlarim ijodida ona-yurt manzaralari, mehnatkash va samimiy xalqimiz obrazi turli shakllarda oʻz ifodasini topgan. Har bir ijodkorning oʻz qarashi va uslubi bor, bundan tashqari, har kim oʻzi tugʻilib oʻsgan joy, oʻzi koʻrgan-bilgan odamlar haqida yozadi. Biroq tavsirlangan manzaralar, odamlar bir-biriga yaqin. Chunki qayerga bormang, goʻzal tabiatni, samimiy, bagʻrikeng va mehnatkash insonlarni uchratasiz. Masalan, Shavkat Odiljonning yurt haqidagi sheʼrlarini oʻqib, oʻzim tugʻilib oʻsgan qishloqni kezganday, ona haqidagi bitiklarini oʻqib, oʻzimning onam bilan diydorlashganday boʻlaman.

Mana shunday safarlar davomida Vatan tushunchasi geografik atama maʼnosidan keng ekanini, yurtingni, yurtdoshlaringni taniganing sari, bu tushunchaning maʼnosi kattarib borishini anglaysan…

Shu kabi oʻy-xayollar, orada qisqa taassurot almashinishlar bilan Samarqandga yetib kelganimizni ham sezmay qoldik. Bizni Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Orif Hojiyev kutib oldi. Ulovlarga oʻtirib, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimiga yoʻl oldik. Yoʻlma-yoʻl tevarakka nazar tashlab, hayratlanib ketdik. Ravon yoʻllar, muhtasham inshootlar, xiyobonlar katta mehr va eʼtibordan darak berib turibdi. Tarixiy manbalardan maʼlum, Samarqand Amir Temur poytaxti boʻlgach, misli yoʻq darajada gullab-yashnadi, jahonga mashhur boʻldi. Sharq xalqlari orasida “Gʻarbda Rim, Sharqda Samarqand” degan maqol tarqaldi. Biroq temuriylardan keyin bu ulugʻvor shaharning shuhrati soʻna boshladi, sobiq ittifoq davrida shahardagi asori atiqalar, yodgorliklar xaroba holga kelib qoldi. Istiqlol yillaridagina Samarqand qadimiy shon-shuhratini tikladi. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlar soni yil sayin ortib boryapti. AQSHning “Huffington post” nashri Samarqandni dunyoning albatta borib koʻrish kerak boʻlgan ellikta shahri qatoriga qoʻshdi. Eʼtiborlisi, bu roʻyxatda Samarqand MDH mamlakatlari orasida yagonaligi bilan ajralib turadi.

Safarning ilk tadbiri Navoiy haykali poyidagi mushoira boʻldi.

– Tadbirimizni bejiz bu bogʻdan boshlamadik, – deya soʻzga kirishdi Orif Hojiyev. – Xalqimizning buyuk farzandi, ulugʻ shoiriga har qancha hurmat-ehtirom koʻrsatsak oz. Navoiy bobo, bilasizlar, Samarqandda, Fazlulloh Abu Lays madrasasida taʼlim olgan. Bu yerda juda koʻplab shoirlar bilan tanishgan, doʻstlashgan. Shahar hokimi Ahmad Hojibek u kishiga homiylik qilgan. Agar Samarqand, uning ustoz olimu fozillari boʻlmaganida, Navoiy bobo bu darajaga yetmagan boʻlishi mumkin edi. Shu bois ulugʻ shoirimizni samarqandliklarga ham ustoz, ham shogird deyishga haqlimiz. Mana shu sizlar koʻrib turgan bogʻ mus­taqillik yillarida tubdan obod qilindi, yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bu yerda Navoiy boboga haykal tiklangani ham katta ramziy maʼnoga ega.

Kattalaru yoshlar galma-gal dil soʻzlarimizni aytib, sheʼrlar oʻqidik. Safimizga samarqandlik yosh shoirlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari ham qoʻshildi. Soʻng yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimiga yoʻl oldik. Bu yerda yosh shoir Shavkat Odiljonning “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan “Baxt bekati” kitobi taqdimoti boʻldi.

Taqdimotdan soʻng “Goʻri Amir” maqbarasiga bordik. U yerda buyuk Sohibqiron ruhiga fotiha oʻqilgach, Orif Hojiyev maqbaraning olis va yaqin oʻtmishi, obod qilinishi haqida soʻzlab berdi. Maqbarani ziyorat qilarkanman, shonli tarixning salobatini tuydim. Goʻyo Amir Temir ruhi qarshimda turganday, oʻychan va oʻtkir nigohlarini qadayotganday boʻldi. Bunday damlarda odam yelkasidagi masʼuliyat yukini, ajdodlarga munosib avlod boʻlish burchini aniq-teran his etadi.

Ziyoratdan soʻng Jomboy tumaniga yoʻl oldik. Haydovchimiz keta-ketguncha yoʻlda uchragan muqaddas qadamjolaru yangi inshootlarni taʼriflab bordi. Haqiqatan, Samarqandning har qadami hayrat, har qadami hikmat.

Har qanday ijodkor oʻzi yozadigan mavzuni puxta bilishi kerak. Toʻgʻri, tasavvur bilan ham yozish mumkin. Lekin koʻrib-bilganga hech narsa yetmaydi. Shuning uchun qaynoq hayot ichida boʻlish, uni ichdan bilish adabiyotda oʻta muhim sanaladi. Deylik, asaringizda kulolning ish jarayoni tasvirlangan oʻrin bor. Bu holatni oʻz bilganingizcha, tasavvuringizga asoslanib qogʻozga tushirishingiz mumkin. Ammo hayotdagidan farqli oʻrinni oʻquvchi baribir anglaydi. Chunki oʻquvchilar orasida kulollar yoki bu kasbni yaxshi biladigan, hech qursa, kulolning ish jarayonini kuzatgan odamlar albatta boʻladi. Asarning yasamaligi sezilgan zahoti taʼsir kuchi ham, jozibasi ham keskin kamayadi. Shu bois yozgan narsangni bilish shart. Bu haqda bekorga eslamadim. Chunki safarimizning keyingi bosqichi “Zarafshon” qoʻriqxonasida davom etdi. U yerda ohularning ajoyib turi – xongullarni tomosha qildik. “Buxoro bugʻusi” deb ham ataladigan bu jonivor Oʻzbekiston qizil kitobiga kiritilgan. Xongullar ilgari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi sohillaridagi qamishzor va toʻqaylarda tarqalgan. Hozir faqat qoʻriqxonalarda yashaydi, xolos.

Bu ohuning gʻayrioddiy odati bor ekan, boshqa joyga koʻchirilsa, yashay olmas ekan. Juda zarur boʻlsa, maxsus dori yordamida uxlatib olib borilar ekan. Oʻz vataniga, zaminiga juda qattiq bogʻlangan jonzot degan xulosaga keldim.

Xongullarning bir toʻdasi yemga oʻrgatilgan ekan, bizni koʻrib yugurib keldi. Erkagining boshida bir-bir yarim quloch keladigan butoqli shoxi bor. Shoxi har yili bahorda chiqib, kuzda tushar ekan. Xongullar yuvosh, suzmaydi. Lekin ularga sal-pal hadik bilan yaqinlashdik, begonasirashi mumkin-da. Terisi toʻq kulrang, yungi baquvvat, dagʻal. Koʻzlari katta-katta, qora.

Bundan yetti yil oldin qish haqida yozgan bir sheʼrimda: “Bugʻu shoxlariday yaproqsiz daraxt” degan satr bor edi. Bugʻularni kitoblardagi rasmlarda, televizordagi tas­virlarda koʻrgandim. Oʻsha koʻrganlarimga asoslanib, yaprogʻi yoʻq ogʻochni bugʻu shoxiga oʻxshatgandim. Bugun oʻzini koʻrdim. Endi xongul yoki bugʻu haqida biror narsa yozadigan boʻlsam, qoʻrqmayman – asosim bor.

Qoʻriqxonadan chiqib, Xartang qishlogʻiga – buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasiga yoʻl oldik. Bu obod va fayzli maskanga qadam qoʻygan zahotingiz koʻngil bir yengillikni, halovatni his qiladi. Yodgorlikka kirgach, katta chinor yonidagi buloq suvidan qonib-qonib ichdik. Aytishlaricha, bu suv koʻp dardlarga davo ekan. Oddiy bir buloq oʻz-oʻzidan bunday fazilatga ega boʻlib qolmaydi, menimcha. Bu shu yerda yotgan, Xudo suygan ulugʻ zotning sharofatidan.

Ziyoratdan soʻng vokzalga yoʻl oldik. “Afrosiyob”ga oʻtirib, “Qaydasan, Toshkent?” deya yoʻlga tushdik. Shunday qilib, bir kunlik safardan bir olam taassurotlar bilan qaytdik.

Ijodkorning zaxirasi boy boʻlishi kerak. Idrokning qat-qatlarida yotgan kichik bir xotira vaqti kelib sheʼrga, hikoyaga, hatto romanga aylanishi mumkin. Yosh ijodkorlarning Samarqandga safari ham ularning asarlarida oʻz aksini topadi deb oʻylayman.

 

Orif TOLIB

 

“Sogʻlom avlod” gazetasining 2015 yil 27 avgust sonida “Taʼrifingga tashbeh topilmas” sarlavhasi bilan bosilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.